20:06 / 07.06.2023
21635

Xerson oblastini suv bosdi. Ikkinchi kundagi so‘nggi ma’lumotlar

Aleksey Filippov / AFP / Scanpix / LETA

Ukraina va Rossiya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Xerson oblastida jami besh mingga yaqin uy Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘lishi oqibatida suv ostida qolgan. 7 iyun kuni tongda hududning Ukraina tomonidan tayinlangan rahbari Oleksandr Prokudin bergan ma’lumotda Dniproning Ukraina nazoratidagi o‘ng sohilida 1852 uyni suv bosgani va 1457 kishi evakuatsiya qilingani aytiladi. TASS agentligi favqulodda xizmatlarga tayanib xabar berishicha, oblastning Rossiya tomonidan anneksiya qilingan qismida 2,7 mingga yaqin uy suv ostida qolib, qariyb 1,3 ming kishi xavfsiz joyga ko‘chirilgan.

GES joylashgan Nova Kaxovka shahri hududida yetti kishi bedarak yo‘qolgan. O‘lim holatlari haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Xerson oblastining Rossiya tomonidan anneksiya qilingan qismida favqulodda holat rejimi e’lon qilingan. Rossiya tomoni baholariga ko‘ra, suv toshqini hududida 22 mingdan 40 minggacha odam bo‘lishi mumkin.

Xerson, 2023 yil 7 iyun
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Nova Kaxovkada yashovchi 53 yoshli Valeriy suv bosgan uyida, 2023 yil 7 iyun
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Suv toshqini zonasi jami 15 ta aholi yashash manzillarini qamrab olgan. Nova Kaxovkada 7 iyun kuni suv pikdan (yuqori nuqtadan) 60 santimetrga pasaydi. Shaharda suv normal darajaga qaytishiga kamida bir hafta ketishi kutilmoqda. Oleksandr Prokudinning ma’lum qilishicha, Nova Kaxovka yaqinida joylashgan shahar tipidagi Dnepryani posyolkasi va Korsunka qishlog‘i butunlay suv ostida qolgan. Xerson oblastining Rossiya ta’siridagi «ma’muriyati» Dnipro daryosining quyi oqimida joylashgan Krinki va Kazachya Lageri qishloqlarida uylarni tomgacha suv bosgani haqida xabar bergan. Rossiya armiyasi nazoratidagi Golaya Pristan shahrining 80 foiz qismi suv ostida qolgan, ayrim hududlarda suv uylar tomigacha yetadi. Shuningdek, Peschanoye, Staraya Zburevka, Kardashinka, Oleshki (Aleshki) kabi shahar va qishloqlarni suv bosgan. Xersonda ko‘chalar suv ostida qolgan, Korabel mikrorayonidan qariyb 1,3 ming kishi evakuatsiya qilingan. 7 iyunga o‘tar kechasi Xerson atrofidagi Belozersk qishlog‘i ham suvga g‘arq bo‘la boshlagandi.

Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘lishi ukrain qo‘shinini qarshi hujum bo‘yicha ayrim rejalarni o‘zgartirishiga majbur qilishi mumkin, degan CNN telekanali manbasi. Ro‘y bergan hodisa tufayli endi Ukraina qurolli kuchlari Dniproni kechib o‘tishi va rossiyaliklarning pozitsiyalariga hujum qilishi qiyin bo‘ladi. «To‘g‘ondan quyi oqimi bo‘yicha rejalashtirilgan barcha ishni, katta ehtimol bilan, keyinroqqa qoldirishga to‘g‘ri keladi», — degan Yevropa mamlakatlaridan birining Vashingtondagi elchisi. AQSh va g‘arb razvedkasi to‘g‘on vayron bo‘lishida kim javobgar ekanini aniqlash uchun tekshiruvlarni davom ettirmoqda, ammo CNN manbasiga ko‘ra, rasmiylar bunda Rossiyani ayblashga moyil (Moskvadagilar bunday ayblovlarni rad etmoqda). Xerson oblastining anneksiya qilingan qismi rahbari Vladimir Saldo esa to‘g‘on vayron bo‘lganidan keyin «operativ-taktik vaziyat RF kuchlari foydasiga rivojlangani»ni aytgan. U bunday baho berishda nimaga asoslanganiga izoh bermagan.

Rossiyalik harbiylar Xerson oblastida minalagan maydonlar ham suv ostida qolgan, bu haqda ham Vladimir Saldo ma’lum qildi. «Harbiylar minalangan maydonlar qayerda joylashganini bilishadi. Shug‘ullanishmoqda», — degan Saldo «Solovev Live» efirida. Ukraina sog‘liqni saqlash vazirligi esa Kaxovka GES to‘g‘oni buzilishi oqibatida qabristonlar, hojatxonalar va chiqindi poligonlaridan xavfli kimyoviy moddalar, infeksion kasallik qo‘zg‘atuvchilar ochiq suv havzalari va quduqlarga tushishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Rossiya va Ukrainadagilar suv toshqinlari o‘n kundan keyin to‘xtashini kutishmoqda. 7 iyun kuniyoq suv sathi barqarorlasha boshlagan, bu haqda «Donbass.Realii» uchun bergan intervyusida «Ukrgidroenergo» bosh direktori Igor Sirota aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchinchi-to‘rtinchi kunlarga borib suv sathi pasayishni boshlaydi, «o‘ninchi kunda barcha suv Qora dengizga ketib bo‘lgan bo‘ladi», Kaxovka suv ombori esa deyarli qurib qoladi. Xerson oblasti rahbari Oleksandr Prokudin suv toshishi intensivligi pasaya boshlaganini, ammo suv kelishi davom etayotgani va 7 iyun oxiriga qadar suv sathi yana taxminan bir metrga ko‘tarilishi mumkinligini aytgan. Xerson oblastining anneksiya qilingan qismida favqulodda xizmatlar qator hududlarda suv ko‘tarilishi uch kundan o‘n kungacha davom etishini kutmoqda.

The New York Times Kaxovka GES to‘g‘oni buzilishi bo‘yicha eng ehtimoliy versiyani keltirdi — gidroelektrstansiya ichkaridan portlagan. Bu haqda nashr so‘roviga javoban portlash qurilmalari bo‘yicha muhandislar va ekspertlar aytishgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, to‘g‘on vayron bo‘lishiga oldingi shikastlanishlar va tashqaridan qilingan hujum ham sabab bo‘lishi mumkin, ammo bular ehtimoli kamroq bo‘lgan versiyalardir. Ukraina tomoni to‘g‘on RF qurolli kuchlarining 205-motoo‘qchilar brigadasi tomonidan portlatilganini ta’kidlamoqda, Rossiya hukumati esa bu «Ukraina tomonining qasddan sodir etgan diversiyasi» oqibati bo‘lganini aytmoqda.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top