Jahon | 21:33 / 08.06.2023
51316
11 daqiqa o‘qiladi

«Vagner» Rossiya armiyasi podpolkovnigini asir olib, kechirim so‘rattirdi. Bu nima degani?

Rossiya mudofaa vazirligi hamda «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi o‘rtasidagi nizo o‘tgan hafta yangi darajaga ko‘tarildi.

Foto: LEV BORODIN/TASS

«Vagner» asoschisi Yevgeniy Prigojinning axborot xizmati e’lon qilgan videoda jangchilari guruh mashinalaridan biriga o‘t ochgan Rossiya armiyasi podpolkovnigi qo‘lga olingani aytiladi. Uch hafta avval sodir bo‘lgan holat haqida «Vagner» negadir endi axborot berishga qaror qilgan.

«Shaxsiy adovat sabab»

«Men 72-brigada komandiri podpolkovnik Roman Gennadevich Venivitin mast holatda «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga tegishli mashinaga o‘q uzdim», degan u Prigojinning axborot xizmati e’lon qilgan videoda. Qandaydir yerto‘lada suratga olingan videoda ushbu harbiy o‘z aybiga iqror bo‘lgan. Yuzidan video yozib olinishidan avval uni do‘pposlashganini taxmin qilish mumkin.

Podpolkovnik mashinaga shaxsiy adovat sabab o‘q uzganini aytgan, ammo bu adovat qanday paydo bo‘lganiga oydinlik kiritmagan. U go‘yoki o‘ziga bo‘ysunuvchi harbiylar bilan bir guruh yollanma askarlarni qurolsizlantirgan. «Men aybdorman», degan video oxirida Venivitin.

Yana 72-brigada

Yevgeniy Prigojin va qo‘lga olingan podpolkovnik Venivitin boshqaradigan 72-brigada o‘rtasida oxirgi bir oy davomida bir necha marta kelishmovchilik yuzaga keldi. May oyi oxirida Prigojin yuzlab odamlarini boy berib egallangan strategik platsdarmdan qochib ketganini iddao qilgan brigada ham aynan mana shu 72-brigada edi. Keyinroq Prigojin harbiylar «Vagner»ning Baxmutdan chiqadigan yo‘llarini minalashtirganini aytib chiqdi. Rossiya mudofaa vazirligi esa doimgidek Prigojinning bayonotlariga munosabat bildirmadi.

Prigojinning kanalida e’lon qilingan raportga ko‘ra, podpolkovnik Venivitinni asir olish bilan tugagan mojaro 17 may kuni sodir bo‘lgan. Unda yozilishicha, «Vagner» yollanma jangchilari Opitnoye va Ozaryanovka aholi yashash punktlaridagi yo‘llarni minalashtirayotgan harbiylarni payqab qolgan. vagnerchilar Semigoryan rayonida yo‘llarni minalardan tozalayotgan bir vaqtda esa ularga qarata harbiylar o‘q uzgan. Oqibatda Ural mashinasi ishdan chiqarilgan. «Shundan keyin javob choralari va agressiyani bartaraf etish choralari ko‘rildi», deyiladi Prigojin axborot xizmati e’lon qilgan xabarda.

Unda aytilishicha, qo‘lga olinganlar ichida alkogol ichimlik ta’sirida bo‘lgan podpolkovnik Venivitin ham bo‘lgan.

«Vagner» jangchilari Venevitinni 17 may kuni ushlashgan, ammo u uzr so‘ragani aks etgan video 4 iyun kuniga kelib Yevgeniy Prigojinning telegram kanalida joylashtirildi

Rossiya qonuniga ko‘ra jinoyat

«Huquqiy jihatdan vagnerchilar Rossiya qurolli kuchlari podpolkovnigini asir olishi davlat ishchisiga xizmat vazifasini bajarayotganda uyushgan guruh tomonidan qurolli hujum orqali suiqasd uyushtirish deb malakalanadi», deydi BBC bilan suhbatda harbiylar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi advokat Konstantin Markin. Bu holat kamida Rossiya jinoyat kodeksining 126-modda 3-qismi – «Odam o‘g‘irlash» jinoyati bilan malakalanishi mumkin. «Jinoiy guruh tomonidan qurol o‘qtalib o‘z ixtiyoriga zid tarzda ushlab turish» ko‘rinishida jinoyatni sodir etgan rossiyaliklar 6 yildan 15 yilgacha qamalishi ko‘zda tutilgan. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, bu jinoyat xizmat vazifasini bajarayotgan davlat xizmatchisiga nisbatan sodir etilishi og‘irlashtiruvchi holat hisoblanadi.

Advokat bu borada ish ochilsa, davlat ishchisiga tahdid qilib, og‘ir tan jarohati yetkazganlik bo‘yicha ayblovni ham qo‘shish mumkinligini aytgan. Bu modda sanksiyasida jinoyatchi 10 yilgacha qamalishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, bunday videoni e’lon qilganlik uchun ham davlat ishchisini haqorat qilish bo‘yicha ish ochish mumkin. Uning sanksiyasi 1 yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb qilishdan iborat.

Palapartish minalashtirish

Venivitinning asirligi u uchun halokatli tugagani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Bu mojaro sodir bo‘lganidan 10 kun o‘tib OAVda uning ismi askarlarning jinoiy buyruq berilgani borasida e’tirozlari haqidagi maqolada ham tilga olindi. Unda aytilishicha, Venivitin jinoiy buyruqlar bergan. Rossiya armiyasining «Shtorm Z» otryadi a’zolari 40 daqiqalik rolikda ularni aloqasiz va artilleriya qo‘llovisiz «LXR»da tashlab ketishgani haqida gapirishgan.

Komandir o‘rinbosari mayor Aleksandr Prikazchikovning aytishicha, otryad komandiri podpolkovnik Venivitin shaxsiy tarkib vakillarini urgan va jinoiy buyruqlar bergan. E’lon qilingan videoda harbiylarning aytishicha, Venivitin ularni topib o‘ldirish bilan tahdid qilgan. Harbiylar unga qarshi yuqori turuvchi organlarga ko‘rsatma berishga tayyorligini bildirgan.

May oyi oxirida podpolkovnik Venevitindan shikoyat qilgan «Shtorm Z» bataloni jangchilari 

BBC bilan suhbatlashgan «Vagner»ga yaqin manbaning aytishicha, podpolkovnikni qo‘yib yuborishgan. U bilan jiddiy gaplashib olishgan, lekin hammasi qonun doirasida bo‘lgan. Venivitin yollanma askarlar tomonidan kaltaklanganmi, degan savolga suhbatdosh javob bermagan.

Prigojin Venivitin bilan sodir bo‘lgan voqea haqida nega 2,5 hafta o‘tib xabar berganiga uning o‘zi ham, matbuot xizmati ham oydinlik kiritmagan. Aftidan, ular bu ma’lumotni e’lon qilish uchun Baxmut to‘liq egallanishini kutib turishgan. Baxmut olingani haqida esa 20 may kuni e’lon qilindi.

27 may kuni Venivitinning askarlari uning ustidan Baxmut yaqinida emas, Luhansk oblastidan turib arz qilganidan ularni boshqa pozitsiyaga o‘tkazishganini taxmin qilish mumkin.

Aslida yo‘llar Prigojin aytganiday atay minalashtirilgan bo‘lmagani, bu palapartish minalashtirish oqibati bo‘lganini ham taxmin qilish mumkin. Chunki urush davomida aynan palapartish minalashtirish bilan bog‘liq mojaroli holatlar kuzatildi. Masalan, 5 iyun kuni Rosgvardiya tarkibiga kiruvchi «Vostok» bataloni komandiri Aleksandr Xodakovskiy portlab ketgan mashinani videoga olib ko‘rsatib, u aynan palapartish minalashtirish oqibatida portlaganini aytgandi. Portlagan mashina ichida uchuvchisiz qurilma operatorlari bo‘lgan.

«Ular Novodonetsk uchastkasida ishlagan eng yaxshi mutaxassislarimiz edi», degan Xodakovskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hududda Ukraina armiyasi bir necha kundan buyon muvaffaqiyatli hujumga o‘tmoqda. «DXR» sobiq mudofaa vaziri Igor Girkin aynan Volnovaxa Ukraina qarshi hujumining asosiy yo‘nalishi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgandi.

Podpolkovnikka nima bo‘ldi?

BBC «Vagner» asir olgan Venivitinning keyingi taqdiri nima kechgani haqida uning ukasi Artyomdan ma’lumot olishga harakat qildi. Aka-uka Dzerjinsk shahridagi kvartirada birga yashashi ko‘rsatilgan. BBC'ga ko‘ra, Artyom yoki Rossiya armiyasida yoki «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasida xizmat qiladi. Chunki uning telefon raqami ba’zi foydalanuvchilarning telefonida harbiychasiga laqabi ham qo‘shilib «Artyom Palmira Venivitin» deb saqlangan. Ammo u jurnalistlarning bu borada savollariga javob berishni istamagan, Telegram orqali yozilgan savollarni ham javobsiz qoldirgan.

BBC Rossiya mudofaa vazirligiga podpolkovnik Venivitinga qandaydir chora qo‘llangan-qo‘llanmagani, uni 72-brigada rahbarligidan «Shtorm Z» otryadiga o‘tkazishgani yoki yo‘qligi, shuningdek, Rossiya armiyasida rotatsiya vaqtida foydalaniladigan qo‘shimcha yo‘llar minalashtiriladimi yoki yo‘qligi borasida savollar yuborgan va javob kutmoqda.

Yevgeniy Prigojin muntazam ravishda kim bilandir munosabatlariga oydinlik kiritib olishga odatlandi

Yevgeniy Prigojin hammaga qarshi

Urush boshlanganidan buyon «Vagner» asoschisi Yevgeniy Prigojin juda ko‘pchilik bilan urushib, Rossiya mudofaa vazirligini tinimsiz haqorat qilib keladi. Uning bayonotlariga qarshi biror marta rasmiy munosabat ham bildirilmagan, unga qarshi hech qanday chora ham ko‘rilmagan. 2 iyun kuni Prigojin «Vagner» chiqib ketayotgan yo‘llar minalashtirilishida Rossiya mudofaa vazirligini aybladi va bu narsalar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qayd etilganini ta’kidladi. «Biz Ukraina armiyasi tomonidan hech qanday provokatsiyaga uchramadik, ammo Rossiya mudofaa vazirligi provokatsiyasi bilan to‘qnash keldik», dedi Prigojin.

Putinning sobiq oshpazi Rossiya mudofaa vazirligi bilan yarim yildan buyon o‘zi va noma’lum yollanma askarlar ishtirokidagi videolar yordamida «urushib keladi». 5 may kuni o‘nlab jasadlar fonida video e’lon qilgan Prigojin uning guruhiga o‘q-dori berilmayotganini aytib, mudofaa vaziri Shoygu va shtab boshlig‘i Gerasimovni haqorat qilgandi. U ikki yuqori mansabli harbiyni hayvon deb atagan. «Agar o‘q-dori bersanglar, qurbonlar besh baravar kam bo‘lardi. Ular ko‘ngilli bo‘lib kelib, siz qizil eshikli kabinetingizda pishqirib semirib yotganingiz uchun o‘lib ketishdi», degandi Prigojin o‘sha nafratomuz murojaatida.

Prigojin Rossiya mudofaa vazirligidan tashqari chechenistonlik mansabdorlar bilan ham mojaroga borishga ulgurdi. Checheniston parlamenti raisi, «Lord» laqabli Magomed Daudov Prigojinni ochiqchasiga Ukrainada jang qilayotgan rossiyalik harbiylar o‘rtasiga nifoq solishda ayblab, bunday ish uchun Ikkinchi jahon urushi vaqtida otib o‘ldirishganini aytdi.

Keyinroq Ramzon Qodirovning yana bir yaqin kishisi Adam Delimxanov videomurojaat yo‘llab, Daudov kabi Prigojinni erkakchasiga gaplashib olishga taklif qildi. Prigojin ularning taklifini qabul qildi. «Vagner» asoschisi «Axmat» qo‘mondonligi bilan mojaro hal bo‘lgani, endi butun e’tiborni mudofaa vazirligi bilan mojaroga qaratganini aytdi.

Mavzuga oid