O‘zbekiston | 20:44 / 09.06.2023
10986
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev Italiyada «ITMA 2023» to‘qimachilik mashinasozligi ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi 

Prezident yigirish va to‘qish uskunalarini ishlab chiqarishda dunyoda yetakchi bo‘lgan ITEMA (Italiya), Stäubli Group (Shveytsariya), Picanol, Vandewiele (Belgiya) va boshqa kompaniyalarning stendlarini ko‘zdan kechirdi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiyaga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Milan shahrida o‘tayotgan «ITMA 2023» to‘qimachilik mashinasozligi xalqaro ko‘rgazmasi bilan tanishdi. 

Davlat rahbariga Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana va ko‘rgazma tashkilotchisi – «Sematex» agentligi rahbari Ernesto Maurer hamrohlik qildi. 

«ITMA 2023» - to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan to‘qimachilik va tikuvchilik texnologiyalariga bag‘ishlangan dunyodagi eng yirik ko‘rgazma. Joriy yilda ko‘rgazmada 47 mamlakatdan 1700 vakil hamda turli davlatlardan 100 mingga yaqin mehmon ishtirok etmoqda. 

Prezident yigirish va to‘qish uskunalarini ishlab chiqarishda dunyoda yetakchi bo‘lgan ITEMA (Italiya), Stäubli Group (Shveytsariya), Picanol, Vandewiele (Belgiya) va boshqa kompaniyalarning stendlarini ko‘zdan kechirdi. 

Tashrif chog‘ida Shavkat Mirziyoyev kompaniyalar rahbarlari bilan muloqot qildi, yangi texnologik yechimlarning taqdimotlari bilan tanishdi. 

O‘zbekistonda to‘qimachilikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish, yangi kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, to‘quv uskunalari va ularning ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish, kompaniyalarning vakolatxonalari va dastgohlarga xizmat ko‘rsatish markazlarini ochish, texnologlarni tayyorlash dasturini ishlab chiqish, fan va zamonaviy texnologiyalar borasida hamkorlik o‘rnatish va boshqa tashabbuslar muhokama qilindi.

 

Tanishuv yakunida mutasaddi rahbarlarga O‘zbekistonda uskunalarni mahalliylashtirish, ishlab chiqarish quvvatlarini relokatsiya qilish va o‘quv dasturlarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish topshirildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid