O‘zbekiston | 12:59 / 09.06.2023
15239
5 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Samarqand bolalar xirurgiya markaziga keldi

Yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasiga e’tibor ortib bormoqda. Bu yurtimiz tibbiyotchilarining xorijiy davlatlardagi hamkasblari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarida ham o‘z ifodasini topmoqda.

Foto: Samarqand bolalar xirurgiya markazi

3-4 iyun kunlari Samarqandda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Rossiya tibbiyot forumi ham navbatdagi shunday xalqaro anjuman bo‘ldi.

Forum davomida Rossiya Federatsiyasi sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko Samarqand bolalar xirurgiyasi markaziga tashrif buyurdi. Mehmonni ushbu 200 o‘rinli ixtisoslashgan tibbiyot markazi faoliyati bilan markaz bosh shifokori professor Jamshid Shamsiyev tanishtirdi. Yuqori martabali mehmonga markazda o‘tkazilayotgan murakkab yuqori texnologik operatsiyalar xaqida ma’lumot berildi. Markazning zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanganligi, respublikamizning barcha viloyatlaridan kelayotgan bemorlarga ixtisoslashtirilgan malakali xirurgik yordam ko‘rsatilayotganligiga yuqori baho berildi. Markazda bemorlar va ularning onalari uchun yaratilgan barcha shart-sharoitlar, shu jumladan yuqori sifatli 4 mahal bepul ovqatlanish, dori-darmon bilan to‘liq bepul ta’minlanishiga amin bo‘ldi. Bir vaqtning o‘zida markazda yuqori malakali tibbiyot xodimlarini tayyorlash uchun olib borilayotgan ishlar e’tirof etildi.

Rossiya Federatsiyasi sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko ushbu markaz asoschisi, taniqli olim va ustoz-xirurg, uzoq yillar davomida Samarqand davlat meditsina instituti rektori lavozimida ishlagan  professor Azamat Shamsiyev bilan samimiy suhbat qilib klinika tarixi va faoliyati haqida ma’lumot oldi. Mixail Murashko Samarqand bolalar xirurgiya markazining Rossiyadagi 30 dan ortiq universitet klinikalari bilan 35 yildan buyon mustahkam aloqa o‘rnatganiga yuqori baho berdi. Markazda tashkil qilingan talabalar ilmiy jamiyati ishtirokchilari va yosh mutaxassislarning 1985 yildan buyon Rossiyadagi ilmiy konferensiyalarga qatnashib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelayotganligiga katta baho berdi.

Shu kunning o‘zida taniqli olim, Rossiya Federatsiyasi sog‘liqni saqlash vazirligining bosh bolalar xirurgi, Veltishchev nomidagi pediatriya va bolalar xirurgiyasi klinik ilmiy tekshirish institutining direktori, Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasining 7-chaqiruv deputati, professor Dmitriy Morozov xam Samarqand bolalar xirurgiya markaziga birinchi marotaba tashrif buyurdi.

Intervyu: Dmitriy Morozov – t.f.d., professor (Rossiya):

Men ko‘p yillardan beri Samarqand bolalar xirurgiya markaziga kelish istagida bo‘lgandim va nihoyat niyatim amalga oshdi. Katta qiziqish bilan markazning barcha bo‘limlar faoliyati va davolash jarayoni bilan yaqindan tanishib chiqdim. Markazda bemorlarni davolashda qo‘llanayotgan murakkab yuqori texnologik operatsiyalar hamda talabalar va yosh olimlar uchun yaratilgan a’lo darajadagi sharoitlarni ko‘rib mamnun bo‘ldim.

Bir oy oldin dunyoda katta obro‘ga ega bo‘lgan ELSA - Osiyo laparoskopik va endoskopik xirurglar assotsiatsiyasining Birinchi bahorgi kongressi Mustaqil hamdo‘stlik mamlakatlari ichida ilk bor O‘zbekistonda, aynan Samarqand shahrida o‘tqazilishi alohida e’tiborga sazovor. Ushbu nufuzli ilmiy forum Samarqand bolalar xirurgiyasi markazi tomonidan yuqori darajada tashkil qilib o‘tkazilganini alohida ta’kidlayman. Kongressda 40 dan ortiq mamlakatlar, jumladan Singapur, Janubiy Koreya, Filippin, Yaponiya, Malayziya, Indoneziya, Hindiston, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya kabi dunyoda taniqli, yetuk, yuqori malakali mutaxassislar o‘z tajribalari va xirurgik mahoratlari bilan, O‘zbekiston va boshqa davlatlar vrachlari bilan bo‘lishishdi. Kongress jarayonida bolalar xirurgiyasi markazining operatsion bo‘limida bajarilgan 10 dan ziyod yuqori texnologik operatsiyalar to‘g‘ridan to‘g‘ri internet tarmog‘i orqali Silk Roud Samarqand kompleksiga, 500 dan ziyod kongress ishtirokchilariga onlayn tarzda ko‘rsatildi va sharhlandi. Albatta biz bunday yuqori saviyada o‘tqazilgan ilmiy tadbirdan juda faxrlandik. Kelgusida Samarqand bolalar xirurgiyasi markazi bilan hamkorlikni yana davom ettirishda manfaatdormiz.

Professor Dmitriy Morozov tashrifi davomida o‘z yorqin hissiyotlarini markaz bosh shifokori, professor Jamshid Shamsiyevga bayon etdi. Shuningdek Dmitriy Morozov kelgusida zamonaviy yuqori texnologik bolalar xirurgiyasiga oid yangi, o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari haqida takliflar kiritdi va markaz xodimlari hamda talabalar uchun ma’ruza qildi.

Mamlakatimizda tibbiyot sohasida oxirgi yillarda erishilgan ko‘plab yutuqlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlash maqsadga muvofiqdir.