Jamiyat | 19:27 / 11.06.2023
34742
9 daqiqa o‘qiladi

“Qizingiz holidan xabar olib turing” - andisha sabab qizidan ayrilishiga bir baxya qolgan ona hikoyasi 

“Qaynonasi ishdaligida qizim kun bo‘yi ro‘zg‘ordagi barcha ishlarni qilarkan. Ovsini qaynonasi kelish vaqtiga yaqin uyidan chiqar ekan-da, hamma ishni men qildim deb aytarkan qaynonasiga. Qizim gapirolmasa, nima ham qilolardi”.

Foto: Kun.uz

Qiz bola uzatildimi, unga boshqa bir oilaning vakili sifatida qaraladi. Hatto uyiga borish ham uyat hisoblanadi. Shu sababdanmi, ko‘pchilik o‘zbek oilalarida uzatilgan qizning ro‘zg‘origa aralashilmaydi. Nima bo‘lsa, o‘sha uyda bo‘lsin, uydagi gap ko‘chaga chiqmasin deyishadi. Lekin har doim ham bunday yo‘l tutish to‘g‘ri bo‘lavermaydi. “Hayotiy hikoyalar”ning bugungi qahramoni o‘z qizining boshidan o‘tganlari haqida hikoya qiladi.

“Uch qiz, ikki o‘g‘il farzandim bor. O‘g‘illarimni uylantirib, qizlarimni joy-joyiga qo‘ydim. Faqat kichkina qizim qolgandi. Bo‘y yetgani sari oqi oqqa, qizili qizilga bo‘lib, juda chiroyli qizga aylandi. Kollejda birinchi kurs paytidan uyimizdan sovchi arimasdi.

Otasi bilan maslahatlashib o‘zimizga ma’qul bo‘lgan bir oilaga beradigan bo‘ldik. Hali o‘qimoqchiman, shoshilmanglar, dedi qizim. Yonimga olib tushuntirdim. Bolam, sovchilar bir yopirilib keladi. Keyin asta-sekin qadami uziladi. 

O‘qishingga qarshimasmiz. Peshonangda bo‘lsa, to‘ydan keyin ham o‘qib olaverasan. O‘zimizga mos, yaxshi oila ekan. “O‘qisang, ishlasang-u, o‘zingga munosib bunday joy qaytib chiqmasa-chi? Qiz bolaning baxti oilasida, ana opalaring ham o‘qimadi, lekin kam bo‘lishmayapti”, deya tushuntirdim. 

Kollejni tamomlashi bilan to‘y qilishga kelishdik. Fotiha ham bo‘lib o‘tdi. Ayni imtihon paytlari edi. Ham to‘y tashvishlari, ham kursdan kursga o‘tish imtihoniga tayyorlanish bilan qizim juda charchab qolgani shundoqqina sezilib turardi. 

Shunday kunlarning birida shoshib yo‘lni kesib o‘taman deb, avtohalokatga uchradi. Shifoxonadan telefon qilib aytishgandagi holatni tasavvur qila olmaysiz. Qattiq qo‘rqqanidan komaga tushib qolgan ekan bechora bolam. 

Jarohati u qadar og‘ir bo‘lmasa-da, tuzalishi juda qiyin bo‘ldi. Oyoqqa ham turdi, ammo gapirmasdi. Ko‘rsatmagan doktorimiz, olib bormagan joyimiz qolmadi. Hamma bir xil gapni aytar, mo‘jiza sabab tuzalishi mumkin derdi. 

Qudalar uzr aytib to‘yni to‘xtatdi. Bu qizim uchun ikkinchi zarba bo‘ldi. Nafaqat qizim, balki men ham ancha vaqt o‘zimga kelolmay yurdim. Go‘zalligiga oshiq bo‘lib eshigimizni teshguday bo‘lib kelayotgan sovchilar o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘ldi. Soqov kelin hech kimga kerak emasdi...

Taqdirga tan bergan qizim imo-ishoralar bilan gaplashishni o‘rgana boshladi. Men esa uning gapirib ketishidan umid uzmasdim. Uyimizni taqillatib yana sovchi keldi. Bu safar tug‘ma soqov yigitdan.

Yoshlar bir-biri bilan uchrashdi. Imo-ishoralar orqali gaplashishdi. Bir-biriga ma’qul bo‘lgan, shekilli, qizim o‘zlaring bilasizlar, deb yozib berdi. Shu bilan tinib-tinchib ketsa qaniydi. Barcha tashvishlar keyin boshlandi. 

Orqama-keyin ikki farzandli bo‘lishdi, tillari burro chiqsin deb har kuni Xudodan so‘rashimni so‘z bilan tushuntirib berolmayman. Ming shukur, tillari chiqib, ota-onasi uchun ham gapiradigan bo‘lishdi. Qizim ikki kelinning kichkinasi edi. 

Qaynonasi ishdaligida qizim kun bo‘yi ro‘zg‘ordagi barcha ishlarni qilarkan. Ovsini qaynonasi kelish vaqtiga yaqin uyidan chiqar ekan-da, hamma ishni men qildim deb aytarkan qaynonasiga. Qizim gapirolmasa, nima ham qilolardi.

Odatda o‘zbek oilalarida kichik o‘g‘il ota-ona bilan qolib, katta farzand alohida uy-joy qilib chiqadi. Lekin negadir quda tomon kichik farzandlarini bog‘laridan loycuvoq ikki xona uy ko‘tarib ko‘chirishdi, ro‘zg‘orini alohida qilib qo‘yishdi. Ikkisi ham gapirolmasa, nega unday qildingiz degim keldi, biroq andisha qildim. Mayli, bir kunlarini ko‘rishar, biz yordamlasharmiz dedik. 

Bola pulini qudam o‘zi olardi. Alohida ko‘chirganidan keyin ham qizimga bermadi. Ro‘zg‘ori boshqa bo‘lganidan keyin “endi bermaysizmi bir kamiga ishlatsin” degim keldi, yana tilimni tishladim. 

Bir kuni qizimni bazo‘r suyab olib kelishdi. Rang-ro‘yiga qarab bo‘lmaydi. Shifokorga ko‘rsatdik. Umid yo‘q, ukol-dori bilan ikki-uch oy yashashi mumkin, dedi. Qizim qattiq shamollagan ekan. Odatda kasal bo‘lsa, uyimizga jo‘natib yuborishardi. Bu safar shifoxonada haydovchi bo‘lib ishlaydigan qayinakasi o‘zicha davolabdi. Noto‘g‘ri muolaja sabab ahvoli og‘irlashib boravergan.

Ko‘plab shifokorlarga ko‘rsatdik. Barchasi shu ahvolga kelguncha ham qaramaysizlarmi, deb urishardi. Shifoxonaga yotqizdik, lekin umid yo‘q, deb uyga qaytarib yuborishdi.

Uyda qaray boshladik. Baxtimizga asta-sekin o‘ziga kela boshladi. Olti oy deganda sog‘aydi. Kasal yotganida, yordam kerakligida qorasini ham ko‘rsatmagan qudalar, tuzalganidan so‘ng ko‘rinish berib qoldi. 

Ikki bolasi bor, o‘zi ham qaytishni xohladi. Nima ham qilardik. Uyiga qaytdi. Birozdan so‘ng eri chet elga qurilishda ishlashga tanishlari bilan birga ketdi. Bu vaqtda qizim uchinchi bolasiga homilador edi.

Bir kuni qudam telefon qildi. Qizingizni olib keting, bir nima qilib qo‘yishim mumkin, deb. Yuragim yorilay dedi. Qanday yetib borganimni bilmayman. Salom-alik qilmasdan qaynonasi qizimni yomonlashga tushib ketdi. Mening ham sabrim shu yergachaligini tushunib yetdim.

Shuncha payt indamay kelganim yetar deb, to‘g‘ri nogironlar jamiyatiga bordim. Bolamni uyida shunday ahvol, menga bitta psixolog bilan, bitta tarjimon beringlar dedim. Ularni olib, qizimning uyiga qaytib bordim. Ma’lum bo‘lishicha, eri chetga ketgani uchun qizim bolalarining pulini o‘zi olayotgan ekan. Shu pullarni bir oyga yetkazib, ro‘zg‘orini amallab turibdi ekan. Eri jo‘natgan pullarni esa qaynonasi olarkan.

Sen pulni havoga sovuryapsan deb rosa janjal qilishibdi. Bola puli 800 ming so‘m, o‘zining nogironlik nafaqasi bilan 1 milliondan bazo‘r o‘tadi. Shuni amallab ro‘zg‘orini o‘tkazib turganiga rahmat deyishmaydimi?

Qizimni o‘lar holatga olib kelganda ham ular bilan yaxshi-yomon bo‘lmagandim, lekin sabrning ham chegarasi bor-da axir. Qaynonasining oldida “homilador holingga ish qilma, o‘zingni asra”, dedim. Qudam inday olmay qoldi.

Qiz uzatgan onalarga ikki og‘iz gapim bor: qizimni egasiga topshirdim, ko‘nglim tinch demang. Har kuni borib ro‘zg‘origa aralashing deyishdan yiroqman. Lekin qizingiz qanday ahvolda, oilasida unga qanday munosabatda bo‘lishadi, u o‘zini qanday his qilyapti, ana shular bilan qiziqib turing.

Qizingizga nimadir bo‘lsa, qaynonasi nari borsa kelinim yaxshi edi, deydi. O‘g‘liga boshqa qiz izlashga tushadi. Kuyganda siz kuyasiz, azoblanganda bolangiz azoblanadi. Shuning uchun uning ruhiyatidagi o‘zgarishlar bilan ham qiziqib turing.

Ajrashtirib olib ketish, bunday vaziyatda yashatishdan oson. Lekin qizim ham, men ham qiyin yo‘lni tanladik”, deya hikoyasini yakunladi ona.

Onaning aytishicha, qizi va kuyovi bir-biriga ko‘ngil qo‘yib, bog‘lanib qolgan. Ikki yorti bir butun bo‘lishgan. Shu boisdan ajrashmaslikka qaror qilishgan. 

Charos Mannonova suhbatlashdi.

Mavzuga oid