Jahon | 22:26 / 16.06.2023
22118
2 daqiqa o‘qiladi

Muzokaralar faqat Rossiya qo‘shinlari olib chiqilgandan keyin o‘tkazilishi mumkin - Zelenskiy

Ukraina prezidenti Afrika missiyasi vakillari bilan uchrashdi.

Foto: Reuters

16 iyun kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyevda qurolli mojaroni hal qilish bo‘yicha Afrika missiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Uchrashuvdan so‘ng u Rossiya o‘z qo‘shinlarini olib chiqqandan keyingina tinchlik muzokaralari o‘tkazilishi mumkinligini aytdi. 

«Shubhasiz, Rossiya terrorining to‘xtatilishi va ularning barchasini Ukraina hududidan olib chiqib ketilishi — urushga barham bera oladi. Ukraina va dunyoga muzlatilgan mojarolar ham, cho‘g‘ olayotgan urushlar ham kerak emas. Tinchlik kerak. Biz bugun Afrika davlatlari rahbarlari va yuqori vakillaridan iborat delegatsiya bilan Rossiya shantajisiz va aldovisiz haqiqiy va adolatli tinchlikka erishish yo‘li haqida gaplashdik», deb yozdi Zelenskiy ijtimoiy tarmoqda. 

Delegatsiya tarkibiga Komor orollari ittifoqi prezidenti Azali Assumani, Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Siril Ramafosa, Senegal prezidenti Maki Sall va Zambiya prezidenti Xakainde Xichilema, Misr bosh vaziri Mustafo Madbuliy, shuningdek, Kongo prezidenti maxsus vakili Floran Nsiba va Uganda prezidenti vakili Ruhakana Rugunda kirdi. 

15 iyun kuni delegatsiya Polshada bo‘ldi. 17 iyun kuni missiya Sankt-Peterburgda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashadi. 

Reuters xabariga ko‘ra, Afrika davlatlarining Ukrainadagi mojaroni hal qilish rejasi loyihasida muzokaralarni tezlashtirish uchun Rossiya qo‘shinlarini Ukraina hududlaridan olib chiqish haqidagi taklif ham bor. 

Yevropa Ittifoqi rasmiylariga ko‘ra, agar Afrika yetakchilari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy mojaroni muzlatib qo‘yishni taklif qilsa, bunday tinchlik rejasi qo‘llab-quvvatlanmaydi.

Mavzuga oid