Jahon | 19:07 / 17.06.2023
12616
2 daqiqa o‘qiladi

Sayyoramizdagi 40 foiz yerlar degradatsiyaga uchragan - BMT

Tuproq eroziyasining tezligi ularning tiklanish tezligidan yuz baravar yuqori.

Foto: AFP

Ayni paytda sayyoramizda degradatsiyaga uchragan yerlarning ulushi 40 foizga yetadi. Bu holat oziq-ovqat yetishtirishni xavf ostiga qo‘yadi, biologik xilma-xillikka tahdid soladi va iqlim inqirozini yanada kuchaytiradi. Bu haqda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Butunjahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish kuni munosabati bilan ma’lum qildi.

«Biz yersiz yashay olmaymiz, lekin biz unga axloqsizlarcha munosabatda bo‘lamiz. «Beqaror dehqonchilik tufayli, tuproq eroziyasi uning qayta tiklanish tezligidan yuz baravar yuqori», dedi u.

Bundan ayollar va qizlar eng ko‘p zarar ko‘rmoqda, deb qo‘shimcha qildi BMT rahbari, nomutanosib ravishda oziq-ovqat va suv ta’minotidan aziyat chekmoqda va yerni noto‘g‘ri boshqarish natijasida majburiy migratsiyaga yuz tutmoqda.

«Ko‘pgina mamlakatlarda qonunlar va amaliyotlar ayollar va qizlarning yerga egalik qilishiga to‘sqinlik qiladi. Ammo, ayollar va qizlar imkoniyatga ega bo‘lgan mamlakatlarda ular yerni qayta tiklash va himoya qilish, uni yanada unumdor va qurg‘oqchilikka chidamli qilish bilan shug‘ullanmoqda, sog‘liqni saqlash, ta’lim va ovqatlanish sohalariga sarmoya kiritmoqda», dedi u.

Yerga bo‘lgan teng huquqlar uni himoya qilishga ham, gender tengligiga erishishga ham xizmat qiladi, deb ta’kidladi BMT rahbari, butun dunyo hukumatlarini ayollarning yerga egalik qilishiga to‘sqinlik qilayotgan huquqiy to‘siqlarni olib tashlashga va ularni ushbu sohadagi siyosatni ishlab chiqishga jalb qilishga chaqirdi.

«Biz ayollar va qizlarga eng qimmatli resursimizni himoya qilish uchun o‘z hissasini qo‘shishga yordam berishimiz kerak. Keling, 2030 yilgacha yerlar degradatsiyasini to‘xtatish uchun birgalikda harakat qilaylik», dedi u.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid