O‘zbekiston | 20:07 / 19.06.2023
32612
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning katta hududi chang ichida qoldi (videolar)

Kuchli shamol tufayli Buxoro, Navoiy, Samarqand va Jizzax viloyatlarida 40 mingdan oshiq iste’molchi elektr tarmog‘idan uzildi.

Foto: Telegram / V Strane O'z

19 iyun kuni O‘zbekistonning qator hududlarida kuchli chang bo‘ronlari kuzatilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda noqulay ob-havo tufayli ko‘chalarda harakatlanish qiyinlashganini ko‘rish mumkin.

FVV Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyati hududlarida sodir bo‘lgan gidrometeorologik tabiat hodisasi yuzasidan ma’lumot taqdim etdi.

Unga ko‘ra, 19 iyun kuni Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlarida kuchli shamol esishi natijasida changli bo‘ronlar sodir bo‘ldi. O‘zbekistonda, shuningdek, Markaziy Osiyo va qo‘shni mamlakatlarda changli bo‘ron hodisalari azaldan tez-tez uchrab turadi. Odatda, havoga ko‘tarilgan qum va chang massalari shamol kuchsizlashgandan so‘ng tarqaladi va yerga o‘tiradi.

Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan jabrlanganlar to‘g‘risida FVVga murojaatlar kelib tushmagan.

Ayni vaqtga kelib g‘arbiy hududlarda vaziyat barqarorlashgan, o‘z navbatida Toshkent shahrida kuchli chang bo‘roni kuzatilmoqda.

Iqlimshunos Erkin Abdulahatovga ko‘ra, respublika hududlarida kuzatilayotgan chang bo‘ronlari davomli kuzatiladigan chang bo‘ronlar emas.

«Chang bo‘ronlari balandligi va mavjud sinoptik vaziyatdan kelib chiqib, ushbu tabiat hodisasini joylarda 2-3 soatgacha davom etishini prognoz qilish mumkin. 

Birinchilardan boshlangan Buxoro va Navoiy viloyatlarida chang bo‘roni bilan bog‘liq vaziyat ancha barqarorlashmoqda», degan u o‘z telegram-kanalida.

Kuchli shamol tufayli to‘rt viloyatda 40 mingdan ortiq xonadon elektr ta’minotidan uzilgan

Energetika vazirligi xabar qilishicha, 19 iyun kuni soat 17:00 ga qadar Buxoro va Navoiy viloyatlarida kuchli shamol tufayli bir necha o‘n minglab xonadonlar elektr uzatish tarmog‘idan uzildi.

Jumladan, Buxoro viloyatining Shofirkon, Peshko‘ va G‘ijduvon tumanlarida 6 ming, Navoiy viloyatining Nurota, Navbahor, Konimex va Karmana tumanlarida 23 560 iste’molchi elektr ta’minotidan uzilgan.

«Hududda kuchli shamol esishi pasaygandan so‘ng elektr ta’minoti qayta tiklanadi», — deya qo‘shimcha qildi Energetika vazirligi.

Keyinroq vazirlik soat 18:00 ga kelib kuchli shamol oqibatida Samarqand viloyatining Paxtachi va Qo‘shrabot tumanlarida ham 9 ming xonadon elektr ta’minotisiz qolganini ma’lum qildi.

Oqibatda tumanlardagi jami 9 ming xonadon elektr energiyasisiz qolgan.

Jizzax viloyatida esa soat 19:00 holatiga ko‘ra Jizzax shahri, Forish, Arnasoy, Do‘stlik, Sharof Rashidov, G‘allaorol va Paxtakor tumanlaridagi jami 12 250 ta iste’molchining elektr ta’minotida uzilish kuzatilgan.

Mavzuga oid