12:52 / 20.06.2023
7499

“O‘rta Osiyo Trans” AJdagi davlat ulushi sotildi

“O‘rta Osiyo Trans” aksiyadorlik jamiyati 65 mlrd so‘mga xususiylashtirildi. Xaridor – “Hyper Partners” MChJ.

Foto: UzAssets / Ziynat Design

“O‘rta Osiyo Trans” AJ ustav kapitalidagi 51 foiz davlat aksiyalar paketi 65 mlrd so‘mga “Hyper Partners” MChJ XKga sotildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, xorijiy va mahalliy investorlardan aksiyalar paketini sotib olish bo‘yicha 3ta majburiyatga ega bo‘lmagan (NBO) takliflar kelib tushgan. Konsultant tavsiyasiga asosan 2ta talabgor xususiylashtirish jarayonining majburiyatga ega bo‘lgan takliflar (BO) qabul qilish bosqichiga o‘tkazilgan.

Shunga ko‘ra, kelib tushgan majburiyatga ega bo‘lgan takliflarning (BO) belgilangan malaka mezonlariga muvofiqligi, mintaqadagi ish faoliyati, bitimni yopish shartlari va korxonaning baholangan qiymatidan yuqoriligi bo‘yicha eng yaxshi xarid qiymatini taqdim etgan “Hyper Partners” MChJ savdo natijalari bo‘yicha g‘olib deb topilgan. 

“Xususiylashtirish bo‘yicha konsultant sifatida jalb qilingan Merritz xalqaro kompaniyasining 2023 yil 7 iyundagi xatiga muvofiq, “Hyper Partners” MChJ XK va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQShning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilmaganligi to‘g‘risida tegishli xulosa taqdim etilgan”, deyiladi Davaktiv xabarida.

“Hyper Partners”ga kelgusida korxonaning faoliyatini saqlash, shu bilan birgalikda Yevropa, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari orqali harakatlanuvchi transport logistika faoliyatini tashkil etish, rivojlantirish va kengaytirish, jamiyatga tegishli yer maydonida yangi zamonaviy bojxona terminali hamda ko‘p qavatli avtoturargoh qurish majburiyati yuklatilgan.

“Hyper Partners” MChJ haqida 

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, xaridor “Hyper Partners” MChJ 2018 yil 19 iyulda Toshkentda ro‘yxatga olingan. Joriy ustav fondi – 194 mlrd so‘m. Faoliyat yo‘nalishi – ishlab chiqarish maqsadlariga mo‘ljallangan yoki mo‘ljallanmagan yashashga yaroqsiz ko‘chmas mulkni boshqarish. Kompaniyaning 100 foizlik ulushi “Hyper Partners GMBH”ga tegishli bo‘lib, Germaniyada ro‘yxatdan o‘tgan. Rahbari sifatida Usmonov Bobirbek Sobirovich ko‘rsatilgan.

“Hyper Partners”ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida keltirilishicha, kompaniya bir qator yirik loyihalar – Tashkent City Mall savdo majmuasi, “Jizzax sement”, Istanbul City qurilishida ham ishtirok etmoqda.

“O‘rta Osiyo Trans” AJ haqida

“O‘rta Osiyo Trans” transport korxonasi 1992 yilda tashkil etilgan, keyinchalik 1995 yilda davlat aksiyadorlik kompaniyasi va 1998 yilda “O‘rta Osiyo Trans” AJ sifatida qayta tashkil etilgan.

Korxona yuk avtomobillari bilan eksport-import, tranzit va respublika ichidagi yuklarni (asosan paxtadan tayyor mahsulotlar, oziq-ovqat, uskunalar, qurilish materiallari, qog‘oz, tekstil va trikotaj mahsulotlari va h.k) tashishni tashkil etish ishlarini amalga oshiradi. Ustav kapitali –  1,484 mlrd so‘m.

Top