Jahon | 20:04 / 21.06.2023
24138
12 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaning sekin davom etayotgan qarshi hujumi. Tomonlarda qanday rejalar bor?

Foto: EPA

Zaporijjya va Donetsk oblasti janubida to‘qnashuvlar davom etmoqda, ba’zi chiziqlarda janglar tobora shiddatli tus olmoqda. Ukraina qurolli kuchlari asta-sekin turli hududlarda Rossiya mudofaasini yorib o‘tyapti, Rossiya qo‘shinlari esa Ukraina armiyasini asosiy mudofaa chizig‘iga yetib bormasdan oldin to‘xtatishni rejalashtirib, qarshi hujumga o‘tishga va zaxiralarni qayta joylashtirishga harakat qilmoqda. BBC muxbiri Ilya Abishev frontdagi so‘nggi voqealarni tahlil qildi.

«Ukraina qo‘shinlari Zaporijjya va Donetsk oblastlaridagi ikki haftalik hujum amaliyoti davomida sakkizta aholi punktini ozod qildi. Bular Novodarivka, Levadne, Storojyeve, Makarivka, Blahodatne, Lobkove, Neskuchne va Pyatixatki», degan 19 iyun kuni Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina harbiylari Rossiya mudofaasiga umumiy hisobda 7 km ichkarilagan, janubdagi ozod qilingan hududlar maydoni 113 kvadrat kilometrni tashkil qiladi.

Shu bilan birga, Malyar Rossiya qo‘shinlari tashabbusni o‘z qo‘liga olishga urinayotgan Luhansk oblasti g‘arbi va Donetsk oblasti shimolidagi murakkab vaziyat haqida ham gapirgan.

«Dushman o‘z kuchlarini shimolga yig‘di hamda tashabbusni bizdan tortib olishga urinib, Liman va Kupyansk yo‘nalishlarida faol hujumga o‘tmoqda. Dushman harakatining yuqori faolligi qayd etildi. Shafqatsiz janglar davom etmoqda. Bizning qo‘shinlarimiz dushmanning oldinga siljishiga yo‘l qo‘ymayapti», dedi Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari.

Ukraina qurolli kuchlarining Janubiy Donetsk, Zaporijjya va Donetsk yo‘nalishlarida faol hujumga o‘tish harakatlari haqida Rossiya mudofaa vazirligi ham xabar bergan. Vazirlik rasmiysi Igor Konashenkovning ma’lum qilishicha, Ukraina qurolli kuchlarining hujumlari qaytarilgan — to‘rttasi Donetsk yo‘nalishida, uchtasi — Zaporijjya va Donetsk oblasti chegarasidagi Vremevka bo‘rtig‘ida va ikkitasi Zaporijjiya oblastining Malaya Tokmachka hududida. Konashenkov boy berilgan hududlar haqida gapirmagan.

Ikki tomon ham dushman katta talafot ko‘rganini da’vo qilmoqda.

Tasdiqlangan fotosuratlar va videolar asosida har ikki tomonning texnik yo‘qotishlarini hisoblaydigan Oryx mudofaa tahliliy portali ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya iyun oyi boshidan beri 129 ta texnika, jumladan, 32 ta tank yo‘qotgan. Ukraina esa 155 ta texnika, shu jumladan 24 ta tankdan ayrilgan.

Mustaqil harbiy tahlilchilar Ukraina janubidagi janglarda ikki tomonning yo‘qotishlarini taxminan bir xil deb baholamoqda. Foto: Reuters

Zaporijjya va Donetsk oblastlarining bir qismida Ukraina qo‘shinlari faollashganidan keyingi jangovar harakatlarning umumiy manzarasi sekin-asta aniqroq bo‘lib bormoqda.

Ukraina qurolli kuchlari front chizig‘ining turli qismlarida — Kaxovka suv ombori qirg‘og‘idagi Vasilyivka shahridan Donetsk oblastining g‘arbiy qismigacha bo‘lgan hududlardagi Rossiya mudofaasining birinchi chizig‘iga hujum qilmoqda.

Ba’zi hududlarda ukrainalik harbiylar oldinga siljib, bir qancha aholi punktlarini, jumladan, Rossiya armiyasi uchun tayanch nuqta bo‘lib xizmat qilgan aholi manzillarini egallashga muvaffaq bo‘ldi.

Shu bilan birga, Ukraina bo‘linmalarining Baxmut shimoli va janubidagi bosimi ham to‘xtamayapti — Ukraina qurolli kuchlari shaharning qurshov xavfi ostida qoldirib, Rossiya qo‘mondonligini buning oldini olish uchun ushbu yo‘nalishga ham zaxiralarni tashlashga majbur qildi. Shuningdek, Ukraina kuchlari Dniproning o‘ng sohilida, Nova Kaxovka hududida jamlanayotgani haqida ham xabarlar mavjud.

Rossiya armiyasi esa Kupyansk va Liman yo‘nalishlarida qarama-qarshi tahdidlarni yaratmoqda, shuningdek, ukrainlarni ularning Donetsk atrofidagi muhim tayanch punktlari hisoblangan Avdiyivka va Maryinkadan siqib chiqarishga urinmoqda.

Ammo baribir, asosiy e’tibor iyun oyi boshidan beri shiddatli janglar davom etayotgan Zaporijjya oblastiga qaratilgan va bu yerda vaziyat juda bahsli ko‘rinadi.

U yerda nimalar bo‘lyapti va tomonlarning rejalari qanday?

Rossiya

Ukraina janubida hujum amaliyotlari o‘tkazish uchun yetarli resurslarga ega bo‘lmagan Rossiya qo‘mondonligi 2022 yildan buyon bu yerda strategik mudofaaga o‘tgan.

Xerson, Zaporijjya va Donetsk oblastining bir qismidagi front chizig‘ining uzunligini hisobga olgan holda (agar Dniproning dengizga quyilish joyidan Volnovaxa rayonigacha hisoblansa 450 kilometrdan ortiq), mudofaa g‘arbiy qanotda tabiiy suv to‘sig‘iga, sharqiy qanotda esa tanklarga qarshi kuchli himoya istehkomlariga tayangan.

Norasmiy ravishda «Surovikin liniyasi» deb ataladigan bu istehkomlar xandaqlar, blindajlar, tanklarga qarshi zovurlar, beton to‘siqlarning keng tarmog‘i hamda boshqa istehkomlardan, shuningdek, keng minalangan maydonlardan tashkil topgan.

Hammasi bo‘lib kamida uchta himoya chizig‘i tashkil qilingan, ular hamma joyda ham bir-biriga parallel emas, ularning har biri alohida funksiyani bajaradi.

Kamensk — Rabotino — Pologi — Staromlinovka — Volnovaxa shartli chizig‘i bo‘ylab o‘tadigan birinchi himoya chizig‘i operatsion zona bo‘lib xizmat qiladi. U yerda mudofaa qo‘shinlari soni nisbatan kam, ammo aynan shu yerda butun hududni egallovchi eng ko‘p minalangan maydonlar bor.

Birinchi mudofaa chizig‘ining vazifasi dushmanning oldinga siljishini to‘xtatish yoki hech bo‘lmaganda ushlab turish.

Agar dushman katta kuch bilan hujumga o‘tsa, qo‘shimcha portlovchi to‘siqlar o‘rnatish va artilleriya va aviatsiya nishonlarini belgilash, shuningdek, o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda dushman ikkinchi mudofaa chizig‘iga hujum qilishda platsdarm sifatida foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun pozitsiyalarni va mustahkamlangan hududlarni ushlab turish oldingi himoya chizig‘idagi askarlarning vazifalaridir.

Bunda asosiy g‘oya oldinga siljiyotgan Ukraina bo‘linmalarini zaiflashtirish, birinchi mudofaa chizig‘ini yorib o‘tgach, ularda ikkinchi himoya chizig‘iga hujum qilish uchun yetarli kuch va vositalar qoldirmaslikdir. Aynan ikkinchi chiziqda harbiy texnika va shaxsiy tarkibning asosiy qismi joylashgan.

Va eng yomon ssenariy uchun uchinchi himoya chizig‘i mavjud.

Zaporijjya oblastidagi amaliyot boshida ukrain texnikalarining ko‘p qismi minalangan maydonlarga tushib qolib portlab ketdi. Foto: EPA

Ukraina

«Surovikin liniyasi» kabi istehkomlar chizig‘i qurilishini yashirish imkonsiz. Shubhasiz, yirik hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgan ukrainalik generallar u haqda ma’lumotga ega bo‘lgan va birinchi chiziqqa katta kuchlar bilan hujum qilish xavfli ekanini yaxshi bilgan.

Ukrainaga xayrixoh bo‘lganlarning aksariyati umid qilgan keng ko‘lamli hal qiluvchi zarba o‘rniga, Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi, aftidan, Zaporijjya va Donetsk oblastlarining bir qismidagi Rossiya mudofaa chizig‘ini bosqichma-bosqich yanchishga qaror qilgan.

Operatsiyaning birinchi bosqichida nisbatan kichik kuchlar jangga tashlandi, ammo hujum butun front bo‘ylab amalga oshirildi. Ukraina qo‘shinlari bu bilan bir necha maqsadni ko‘zlagan bo‘lishi mumkin.

Birinchidan, ular Rossiya armiyasining mudofaa hududini kengaytirishga va uning logistikasini murakkablashtirishga harakat qilmoqda. Hozirda front chizig‘idagi vaziyat shundayki, Ukraina qo‘shinlari go‘yo shartli doira ichida, ruslar esa uning tashqi tomonida. Ushbu konfiguratsiya Ukraina qurolli kuchlari foydasiga ishlaydi, chunki ular qisqa logistika yo‘li tufayli manyovrlarni ancha tez va oson bajaradi, o‘q-dorilar va texnikalarni oldingi chiziqqa Rossiya armiyasiga qaraganda ancha tezroq yetkazib beradi.

Ikkinchidan, Ukraina qurolli kuchlarining sekin oldinga siljishi natijasida paydo bo‘luvchi kichik himoya to‘siqlari Rossiyaning birinchi mudofaa liniyasiga qo‘shilib, asta-sekin kengayib, ikkinchi mudofaa chizig‘iga yaqinlashadi, bu esa asosiy kuchlarni jangga olib kirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.

Ukraina armiyasi sekinlik bilan bo‘lsa-da, oldinga siljimoqda. 

Rossiya va Ukraina uchun asosiy qiyinchiliklar nimalar?

Oldingi chiziqda minalangan maydonlarning ko‘pligi nafaqat Ukraina qurolli kuchlarining hujumkor operatsiyalarini, balki faol mudofaani ham qiyinlashtiradi.

Minalar tufayli ko‘pincha qanot manyovrlarini amalga oshirish mumkin emas va natijada Ukraina bo‘linmalarini ular egallab olgan aholi punktlaridan siqib chiqarishga urinishlar to‘g‘ridan to‘g‘ri qarshi hujumlar yoki artilleriya zarbalari yordamida amalga oshirilishi mumkin.

Mudofaa chizig‘ining juda uzunligi Rossiya qo‘mondonligi oldiga zaxiralarni xavfli hududlarga o‘z vaqtida ko‘chirish, ulardan tejamkorlik bilan foydalanish va shu bilan birga boshqa yo‘nalishlarni zaiflashtirmaslik talablarini qo‘yadi.

Ayni vaqtda, ikkinchi chiziqda mudofaa pozitsiyasini egallagan rus bo‘linmalari ham jangga kirayotgani haqida ko‘plab xabarlar mavjud. Bu Rossiya qo‘mondonligining rejasiga ko‘ra, Ukraina zirhli texnikasi va Ukraina qurolli kuchlarining eng yaxshi o‘qitilgan bo‘linmalarining asosiy zarbasini qaytarishi kerak bo‘lgan bo‘linmalardir.

Britaniya harbiy razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya ilgari Dniproning chap sohilida joylashgan bo‘linmalarni Zaporijjyaga ko‘chirishni boshlagan.

Ukraina armiyasiga ham oson emas. Ular hujum operatsiyalaridagi muqarrar yo‘qotishlar, shuningdek, Rossiyaning havodagi ustunligi bilan hisoblashishi kerak.

Rossiya mudofaasining asosiy chizig‘ini yorib o‘tish uchun ukrainlar harbiy tashabbusni ham, zarba beruvchi kuchlarining asosiy o‘zagini ham saqlab turishi kerak – hali bu mudofaa chizig‘iga yetib borilgani yo‘q.

Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlari «Surovikin liniyasi»ni bitta uchastkada yorib o‘tishning o‘zi yetarli emas, chunki bu holda zarba yo‘nalishi dushmanga ma’lum bo‘ladi. Ular uch yoki to‘rt, ehtimol undan ham ko‘proq yo‘nalishda himoya chizig‘ini buzib o‘tish kerak.

Va bu ham Ukrainaning muvaffaqiyatini kafolatlamaydi. Hozircha esa Ukraina armiyasi o‘zining sekin yurishini davom ettirmoqda.

Mavzuga oid