Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mask va Tsukerberg ringda jang o‘tkazadi, ular yillar davomida janjallashib kelmoqda
Amerikalik milliarderlar bir-biri bilan jang qilishga tayyorligini ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum qilishdi.

Ilon Mask va Mark Tsukerberg / Foto: Getty Images
Twitter egasi Ilon Mask Facebook va Instagram xo‘jayini Mark Tsukerberg bilan ringda jang qilishga tayyorligini aytdi. U raqibni jang qilish uchun joy tanlashga taklif qilib, chaqiruvni qabul qildi. Milliarderlar bir necha yillardan buyon janjallashib kelmoqda.
The Insider xabariga ko‘ra, hammasi Twitter foydalanuvchilaridan birining xabaridan keyin boshlandi. U Tsukerbergga tegishli Meta kompaniyasi yangi ijtimoiy tarmoq – Twitter raqobatchisini ishga tushirish rejaci haqida yozdi. Mask bunga istehzo bilan izoh qoldirdi.
«Ishonchim komilki, Yer kurrasi Tsukerbergning oyog‘i ostiga tushib qolishni intiqlik bilan kutmoqda, bundan boshqa iloji yo‘q», deb yozdi Mask.
Foydalanuvchilardan biri bunga shunday javob berdi: «Ehtiyot bo‘ling, men u [Tsukerberg] hozir jiu-jitsu bilan shug‘ullanayotganini eshitdim».
Mask bunga javoban: «Agar u tayyor bo‘lsa, men ringdagi jangga tayyorman», deb yozdi.
Tsukerberg bu chaqiruvga Instagram ijtimoiy tarmog‘ida javob qaytardi: «Qayerda jang qilish kerakligini yozib yubor».
Mask Las-Vegasdagi UFC chempionati o‘yinlari o‘tkaziladigan Vegas Octagon arenasini taklif qildi.
Mark Tsukerberg 39 yoshda, u jang san’ati bilan jiddiy shug‘ullanadi, xususan, may oyida jiu-jitsu turnirida ikkita medalni qo‘lga kiritdi.
Ilon Mask iyun oyi oxirida 52 yoshga to‘ladi. O‘zining so‘zlariga ko‘ra, uning sport mashg‘ulotlari asosan bolalarini dast ko‘tarib, osmonga otish bilan cheklanadi. Mask, shuningdek, o‘zining sevimli harakati «morj» deb atalishini aytdi: «Men shunchaki raqibimning ustiga yotib olib, hech narsa qilmayman».
Mask va Tsukerberg 2016 yildan beri bir-birini ochiq tanqid qilib kelmoqda. Shu vaqtda Tsukerberg SpaceX raketasining portlashi Facebook kompaniyasiga tegishli sun’iy yo‘ldoshni yo‘q qilganidan g‘azablangan edi. Mask SpaceX asoschisi hisoblanadi.
Oradan bir yil o‘tib Tsukerberg Maskning sun’iy intellekt rivojlanishi bilan bog‘liq xavflar haqida ogohlantiruvchi bayonotlarini «mas’uliyatsizlik» deb atadi. Maskning ta’kidlashicha, Tsukerberg muhokama qilinayotgan mavzuni «tor doirada» tushunadi xolos.
2017 yilda Mask SpaceX va Tesla kompaniyalari sahifalarini Facebook tarmog‘idan o‘chirib tashladi. 2020 yilda esa Tsukerbergning qo‘lida haddan tashqari ko‘p kuch to‘plangani haqidagi tezisga qo‘shilib, barchani ushbu ijtimoiy tarmoqdagi akkauntlarni o‘chirib yuborishga chaqirdi.
2021 yilda Mask Facebook tarmog‘ini foydalanuvchilar ustidan josuslik qilishda aybladi.
2023 yil aprel oyida Fox telekanali boshlovchisi Karlson Takerga bergan intervyusida Mask Tsukerbergni AQSh aholisini saylovlarda ovoz berishga undashga qaratilgan «Boring va ovoz bering» kampaniyasiga 400 million dollar sarflagani uchun tanqid qildi. Maskning fikricha, bu kampaniya Demokratik partiyani xufyona moliyalashtirish uchun tashkil etilgan. Maskning o‘zi Respublikachilar partiyasi tarafdori hisoblanadi.
Mask, shuningdek, The Wall Street Journal tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvga ham e’tibor qaratdi. Maqolada aytilishicha, Instagram pedofillar uchun kontent tarqatmoqda, unda bu ish bilan shug‘ullanuvchi akkauntlar bor. «Bu juda tashvishli», deb izoh berdi Mask.
Mavzuga oid

19:14
Avstraliyada 19 ta davlat ishtirokida yirik harbiy o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi

19:03
Putin Trampga Rossiya yaqin orada Ukrainadagi hujumlarini kuchaytirishini aytdi – OAV

18:02
SpaceX Maskning sun’iy intellekt kompaniyasiga 2 mlrd dollar investitsiya kiritadi

15:52