Quyosh nuri ostida uzoq vaqt bo‘lish terida asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin
Jumladan, terining quyosh nuriga sezgirligi oshishi natijasida fotodermatoz kelib chiqishi mumkin.
Quyosh nuri ostida uzoq vaqt bo‘lish turli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Xususan, mutaxassislar jazirama kunlarda quyosh nuri tufayli insonlarda turli allergik reaksiyalar paydo bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazining ma’lum qilishicha, terining quyosh nuriga sezgirligi oshishi natijasida yuzaga keladigan kasallik fotodermatoz deb ataladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bu xastalik dunyo aholisining taxminan 20 foizida uchraydi.
— Quyosh nurining o‘zi allergen hisoblanmaydi, — dedi markaz rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova. — Biroq ultrabinafsha nurlanish teri yoki inson tanasidagi har qanday modda bilan o‘zaro ta’sirga kirishganda, allergik reaksiya paydo bo‘lishi mumkin.
Oqibatda ko‘krakning yuqori qismi, bo‘yin, qo‘l sohalarida pufakcha, qavariq, qizil dog‘, kuyish ko‘rinishidagi turli toshmalar yuzaga keladi. Ba’zan terining qipiqlanishi, qichishishi va shishlar ham kuzatiladi. Toshmalar jazirama ta’sir qila boshlagan ilk soatlardan to hafta davomigacha hosil bo‘ladi. Ko‘pincha fotodermatoz belgilari muolajalardan so‘ng yo‘qolib ketadi. Ammo bu holat insonni umr bo‘yi ta’qib qilishi ehtimoli ham bor.
Xo‘sh, bunday vaziyatda nimalarga alohida e’tibor qaratish lozim?
Avvalo, soat 10:00 dan 15:00 gacha soya-salqin joylarda bo‘lish tavsiya etiladi. Imkon qadar yopiqroq kiyinish kerak. Sezuvchan teri uchun mo‘ljallangan quyosh nuriga qarshi kremlardan foydalanish maqsadga muvofiq.
Ba’zi dorilar fotodermatozni keltirib chiqarishi yoki xastalikni kuchaytirishi mumkin. Shu bois preparatning qo‘llash ko‘rsatmalarini diqqat bilan o‘qish yoki shifokor bilan maslahatlashish kerak.
Atopik dermatitni davolashda qo‘llaniladigan Elidel yoki Protopik surtmalaridan foydalanayotgan bemorlarga quyoshda yurish taqiqlanadi. Yoki bu vositalarni tushdan so‘ng oqshomga qadar ishlatgan ma’qul.
Shuningdek, Eritromitsin, Tetrasiklin va Streptomitsin kabi dorilar ultrafinafsha nurlarini kuchli tortib olish xususiyatiga ega. Ushbu malhamlarni qabul qilgan yoki yuz sohalariga surtgan bemorlar issiq kunlarda kunduzi ko‘chaga chiqishi mumkin emas.
Mavzuga oid
12:53 / 10.11.2024
Yangi tadqiqot ijtimoiy tarmoqlarning zarari haqidagi stereotipni rad etdi
22:16 / 08.11.2024
Shavkat Mirziyoyev bir guruh tibbiyot xodimlarini mukofotladi
17:59 / 08.11.2024
Britaniyada erkak gazli ichimliklarga qaramlikdan qutulish uchun gipnozdan foydalandi
16:09 / 04.11.2024