19:22 / 24.06.2023
10245

Braziliyaning sobiq prezidenti Bolsonaru ustidan sud jarayoni boshlandi

U saylovda soxtalikka yo‘l qo‘yilgani haqida yolg‘on ma’lumot tarqatishda ayblanmoqda.

Foto: Reuters

Braziliya Oliy saylov sudida sobiq prezident Jair Bolsonaru ustidan sud jarayoni boshlandi. U saylovda soxtalikka yo‘l qo‘yilgani haqida yolg‘on ma’lumot tarqatishda ayblanmoqda. Bolsonaruga qamoq jazosi xavf solmaydi, ammo qayta saylanish huquqidan mahrum etilishi mumkin.

Jair Bolsonaru yolg‘on ma’lumot tarqatish uchun prezident vakolatini suiiste’mol qilganlikda ayblanmoqda. Xususan, 2022 yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi oldidan u xorijiy elchilarni yig‘ib, ularga hakerlar Braziliyada qo‘llanilayotgan elektron ovoz berish apparatlarini buzib kirishi, raqiblari esa saylov natijalarini soxtalashtirishi mumkinligini aytgan.

Prezidentlik saylovi 2022 yil oktabr oyida bo‘lib o‘tdi. Ikkinchi turda Bolsonaru braziliyalik so‘l qanot siyosatchi Luis Inasiu «Lula» da Silvaga kichik farq bilan yutqazdi.

Oliy saylov sudidagi ish jinoiy ish emas va Jair Bolsonaru buning uchun qamoqqa tashlanmaydi. Biroq sud hay’ati 68 yoshli sobiq prezidentni 8 yilga saylovda qatnashishni taqiqlash huquqiga ega.

Bolsonaru, shuningdek, hali sud jarayoni boshlanmagan bir nechta jinoiy ishlar bo‘yicha ham tergov qilinmoqda.

Bolsonaru saylovdan keyin tarafdorlari tomonidan uyushtirilgan tartibsizliklar tufayli AQSh Florida shtatiga uchib ketgan, ammo keyinchalik yana vataniga qaytgan edi.

U 2026 yilgi saylovlarda qatnashishini e’lon qilmadi, faqat kelasi yilgi mahalliy saylovlarda o‘zi faxriy raisi bo‘lgan Liberal partiyaga yordamlashishga va’da berdi.

Prokuror fikriga ko‘ra, Bolsonaruning 2022 yil 18 iyul kuni elchilar oldidagi nutqi bilan saylov qonunchiligini buzgan. Sobiq prezident esa xorijlik diplomatlarga Braziliyaning saylov tizimi qanday ishlashini tushuntirib berganini da’vo qilmoqda.

O‘ng qanot siyosatchisi Bolsonaru ko‘pincha Donald Tramp bilan taqqoslanadi. Braziliya prezidenti va uning tarafdorlari saylovda mag‘lub bo‘lganidan keyin qilgan harakatlari Qo‘shma Shtatlarda bir yil avval sodir bo‘lgan voqeani eslatadi.

30 oktyabrdagi saylovning ikkinchi turida Lulaga atigi 1,8 foizga yutqazgan Bolsonaru mag‘lubiyatni tan olishdan bosh tortdi, garchi u hokimiyatni topshirishga tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa ham. Ikki oy o‘tgach, Lula inauguratsiyasi oldidan u Qo‘shma Shtatlarga uchib ketdi.

Bolsonaru tarafdorlari saylovdan keyin yo‘llarni to‘sishni boshladi, 8 yanvar kuni Lula inauguratsiyasidan keyin esa prezident saroyi, parlament va Oliy sud binosini egallab, talon-toroj qilishdi.

Politsiya tartibsizliklarda ishtirok etgan minglab odamlarni hibsga oldi. Bu ish bo‘yicha tergov davom etmoqda. Bolsonaru tartibsizliklarga chaqirganlikda gumon qilinmoqda.

Top