Jahon | 21:01 / 25.06.2023
93916
8 daqiqa o‘qiladi

Isyon yakunlari. «Vagner» Rossiya hududlarini tark etdi, ammo Prigojin g‘oyib bo‘ldi

25 iyun holatiga bu haqda nimalar ma’lum?

Foto: AFP / Scanpix / LETA

24 iyun kuni kechqurun Aleksandr Lukashenkoning matbuot xizmati Yevgeniy Prigojin bilan muzokaralar yakunlangani haqida xabar berdi. Bu muzokaralar kun bo‘yi davom etgan va Vladimir Putin bilan kelishilgan holda o‘tkazilgan. Uning yakunlariga ko‘ra Prigojin Lukashenkoning yollanma jangchilarning Rossiya bo‘ylab harakatini to‘xtatish va  «keskinlikni yumshatishga qaratilgan qadamlarni tashlash» bo‘yicha taklifini qabul qilgan. Ko‘p o‘tmay Prigojinning o‘zi vagnerchilar «kolonnalarni ortga burgani» va «reja bo‘yicha dala lagerlari yo‘nalishida qaytayotgani» haqida e’lon qildi.

Kremldagilar Prigojinga nisbatan ochilgan jinoiy ish to‘xtatilishi, XHK rahbari esa Belarusga «ketishi» haqida ma’lum qilgan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi u Belarusda aynan nima bilan shug‘ullanishi yuzasidan aniqlik kiritmagan. Kreml rasmiysi Prigojin Belarusga jo‘nab ketishiga kun avvalida uni xiyonatkor deb atagan Rossiya prezidenti kafolat berishini aytgan. Putinning o‘zi «adolat marshi» yakuni yuzasidan izoh bermadi. Peskov shuningdek, isyonda ishtirok etgan vagnerchilar «frontdagi xizmatlari inobatga olingan holda» qonun tomonidan ta’qib qilinmasligini aytgan. Jangchilarning bir qismi, istasa, RF mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzishi mumkinligi qo‘shimcha qilingan.

«Vagner» XHK jangchilari shu kunning o‘zida Rostov-Donni tark etishga kirishdi. Shahardan Yevgeniy Prigojin ham chiqib ketgan. E’lon qilingan videoda u yo‘ltanlamasda o‘tirgani va atrofdagilar uni olqishlar bilan kuzatayotgani aks etgan. 25 iyun kuni tongda «Vagner» kolonnasi Voronej oblastini ham tark eta boshladi. Fightbomber telegram-kanali shu kuni ertalab holatiga Rostov oblastidagi Millerovo harbiy aerodromi, Rostov-Dondagi aerodrom va Rossiya harbiy-kosmik kuchlarining oblastdagi qo‘mondonlik punkti hamon «Vagner» nazoratida qolayotganini yozgan. Bu ma’lumotning tasdig‘i keltirilmagan.

Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Volgogradda 24 iyun kuni politolog va publitsist Mixail Serenko qo‘lga olingan. «Bloknot» nashri Serenkoning qarindoshlariga tayanib xabar berishicha, kechqurun soat 22:00 atrofida uning kvartirasiga qurollangan olti kishi va tergovchi bostirib kirgan. «Tergovchi «Vagner» XHKning isyoni haqidagi jinoiy ish bilan bog‘liq narsalarni o‘qib eshittirdi. Va go‘yoki Mixail uni qo‘llab-quvvatlaganini. Bu butunlay safsata!» — dedi politologning rafiqasi. Keyinroq Serenko o‘zini qo‘yib yuborishgani, uni isyon bo‘yicha ishda guvoh sifatida so‘roq qilishganini aytdi.

Hududlardagi rasmiylar Prigojinning isyoni tufayli joriy etilgan ayrim cheklovlarni bekor qila boshladi. Voronej va Lipetsk oblastlari hukumatlari avtobuslar qatnovi shtat rejimida tiklanganini xabar qildi. Taganrog va Rostov-Don shaharlari o‘rtasidagi trassa bo‘ylab qatnov ham tiklangan. Shuningdek, Krasnodar o‘lkasi va Kaluga oblastidagi avtomobil yo‘llarida ham cheklovlar olib tashlandi. Rostov-Don meriyasidagilar vagnerchilarning texnikalari shahardagi o‘n ming kvadrat metrdan ortiq yo‘l qoplamalarini shikastlangani haqida ma’lum qildi. Rasmiylar yo‘llarni ikki kun ichida ta’mirlashni va’da qilishgan.

Shu bilan birga, Moskva shahri, Moskva va Voronej oblastlarida joriy etilgan «aksilterror amaliyot» rejimi o‘z kuchida qolgan. Dmitriy Peskov rejim «eng yaqin vaqtlar ichida» bekor qilinishini aytgan, ammo aniq sanani keltirmagan. Moskva hukumati 26 iyun kuniga belgilangan dam olish kunini bekor qilmaslikka qaror qilgan.

«Axmat» bataloni jangchilari ham Rostov oblastidan Ukrainaga qaytdi. Bu haqda 25 iyun kuni bo‘linma qo‘mondoni Apti Alaudinov ma’lum qildi. Bir kun oldin «Axmat» jangchilari «isyon ishtirokchilariga qarshi aksilterror amaliyot o‘tkazish uchun» Rostov-Donga jo‘natilgandi.

Rossiyalik harbiylashgan va propaganda kanallari RF mudofaa vazirligining isyon tufayli berilgan yo‘qotishlari haqida xabar bergan. Vazirlikka aloqador sanalgan «Rybar» telegram-kanali vagnerchilar tomonidan urib tushirilgan samolyot va vertolyotlarda bo‘lgan 20 dan ortiq uchuvchilar halok bo‘lgani haqida xabar bergan. Kanal ma’lumotiga ko‘ra, gap yetti vertolyot va samolyot haqida ketmoqda. Urush tarafdori sanalgan Readovka kanali 15 qurbon haqida xabar bergan, ulardan sakkiz kishi Il-18 samolyotida bo‘lgan. Isyon vaqtida vertolyotlar va samolyot urib tushirilgani haqida xabar bergan Fightbomber telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, jami 13 kishi halok bo‘lgan. Vertolyotlar va samolyot urib tushirilgani haqida ham, qurbonlar haqida ham rasman xabar berilmagan.

Birinchi kanal korrespondenti Irina Kuksenkova Voronej yaqinida vagnerchilar bortida o‘n kishi bo‘lgan Il-22 samolyotini urib tushirganini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy harbiy okrug shtabida Prigojindan bu samolyot zarba bermagani, uni nima uchun urib tushirishgani haqida so‘ralgan. Prigojin go‘yoki «kolonnaning havo hujumidan mudofaa tizimidagi tentak havodagi barcha apparatlarni urib tushirgani»ni aytgan. Kuksenkova shuningdek Prigojin halok bo‘lgan uchuvchilarning yaqinlari uchun 50 million rubl miqdorida kompensatsiya to‘lashga roziligini bildirganini aytgan. 

Amerika nashrlari xabar berishicha, AQSh razvedkasi Prigojinning rejalaridan xabardor bo‘lgan, ammo bu haqda Putinga xabar bermaslikka qaror qilgan. The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, razvedka 21 iyun kuniyoq Oq uyning yuqori martabali mulozimiga «Vagner» rahbari mamlakat harbiy rahbariyatiga qarshi isyon boshlamoqchi ekanini bildirgan. Shu bilan birga Amerika maxsus xizmatlarida Prigojin aynan nima qilmoqchiligi borasida aniq ma’lumotlar bo‘lmagan. 

Ayni vaqtda Prigojin qayerdaligi noma’lum. Uning matbuot xizmati RTVI uchun bergan izohida u hali aloqaga chiqmayotganini bildirgan. «U barchaga salom yo‘llaydi va normal aloqa bo‘lganida, barcha savollarga javob qaytaradi», — deyilgan nashr jurnalisti savoliga javoban. Prigojin Rostovdan ketayotgani aks etgan videodan keyin uning qayerdaligi borasida ma’lumot paydo bo‘lmagan. Prigojinning matbuot xizmati muntazam ravishda uning rasmiy bayonotlari, jumladan audio- va videoxabarlarini e’lon qilib boradi. Prigojindan so‘nggi audio matbuot xizmati kanalida 24 iyun kuni kechqurun berilgan, unda XHK asoschisi vagnerchilar o‘z kolonnalarini «ortga burgani» va «reja bo‘yicha dala lagerlari yo‘nalishida qaytayotgani»ni aytgandi.

Mash xabariga ko‘ra, «Vagner»ning bir qancha jangchilar Rostov-Don va boshqa regionlardan ketish vaqtida taslim bo‘lgan. Ularning barchasi o‘z bazasiga qaytishni istamasligini bildirgan va qurollarni topshirgan. Rostov-Donda 50 yoshli krasnodarlik va Kaliningrad oblastidan bo‘lgan 30 yoshli jangchi taslim bo‘lgan. Ular o‘z bo‘linmalariga qaytishni rejalashtirmayotganini aytishgan. Buning tasdig‘i sifatida barcha o‘q-dorilarni va avtomatlarni topshirishgan. Lipetskdagi Yels shahrida ham uchastkalardan biriga vagnerchilar mingan mashina shu niyat bilan kelgan. Ularning ortidan yana bir pokistonlik jangchi kelib taslim bo‘lgan. Ushbu harbiylar tekshirilmoqda.

Mavzuga oid