O‘zbekiston | 14:57 / 26.06.2023
6632
6 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar kuni va Olympic Day bayramiga bag‘ishlangan Yangi nafas xalqaro ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi

Foto: Olympic Day

25 iyun kuni O‘zbekistonning 16 ta shahrida, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistondan yuguruvchilar ishtirokida, Markaziy Osiyodagi eng keng ko‘lamli Yangi nafas ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Sport bayrami ikkita muhim sana – Yoshlar kuni va Xalqaro Olimpiya kuniga bag‘ishlangan edi.

Yangi nafas xalqaro ommaviy yugurish musobaqasi O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Mudofaa vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Milliy olimpiya qo‘mitasi ishtirokida tashkil qilindi. Tadbirning tashkiliy va texnik tayyorgarlik ishlari O‘zbekiston Respublikasi Yengil atletika federatsiyasi tomonidan bajarildi, bosh hamkor – O‘zbekneftgaz AJ.

Butun respublika bo‘ylab 100 mingdan ziyod ishtirokchi Yangi nafas ommaviy yugurish musobaqasiga qo‘shildi. Ularning orasidan mamlakatning 120 ta oliygohidan 17 mingga yaqin talaba o‘zlarining bayramlarini shaharlarning markaziy ko‘chalari bo‘ylab ommaviy sport yugurish musobaqasida qatnashib nishonladi. Harbiy o‘quv yurtlarining kursantlari va bitiruvchilari ham Vatan Qalqoni harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasida ishtirok etdi.

Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Samarqand, Nukusda yuguruvchilar ikkita masofada musobaqalashdi: 1 ta olimpiya milyasi va 3 kilometrga. Andijon, Guliston, Nurafshon, Jizzax, Termiz, Navoiy, Qorovulbozor, Qarshi, G‘uzor, Urganch shaharlarida 3 km masofaga ommaviy yugurish musobaqasi tashkil etildi.

Toshkentda Yangi nafas ommaviy yugurish musobaqasi Humo Arena majmuasining sport maydonchasida bo‘lib o‘tdi. Musobaqada olti mingga yaqin yuguruvchi ishtirok etdi. Ommaviy yugurish musobaqasining poytaxtdagi dasturida yuguruvchilar uchun 3 ta masofa tashkil etildi: 1 ta olimpiya milyasi (1, 609 m), 3 kilometr va 10 kilometr.

Yangi Nafas ommaviy yugurish musobaqasining ochilishida tabrik so‘zi bilan Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov chiqib, ishtirokchilarni Yoshlar kuni bilan tabrikladi va yosh avlod bugungi kunda sog‘lom va faol turmush tarsi yo‘liga turganini ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qoshidagi Xavfsizlik kengashining kotibi va O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi raisi Viktor Mahmudov, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikromov va O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining Bosh kotibi Oybek Qosimov so‘zga chiqdi.

Yengil atletika federatsiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan Yangi nafas ijtimoiy-sport harakati Olympic Day’ni nishonlash uchun ajoyib platformaga aylandi. Jahon sport hamjamiyati iyun oyida Xalqaro olimpiya kunining (Olympic Day) 75 yilligini nishonlaydi. Aytib o‘tish joizki, O‘zbekiston Xalqaro olimpiya qo‘mitasining «Keling harakatlanamiz!»/#LetsMove shiori ostidagi informatsion kampaniyasiga qo‘shildi. O‘zbekistonning 6 ta sharida Yangi nafas xalqaro loyihasining ishtirokchilari, butun dunyo bo‘ylab besh million yuguruvchilarni qo‘llash ramzida bitta olimpiya milyasini yugurib o‘tdi.

Yangi nafas ommaviy yugurish musobaqalari butun respublika bo‘ylab 2020 yildan boshlab o‘tkazib kelinmoqda. 600 mingdan ziyod ishtirokchi, millat salomatligini mustahkamlash va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga qaratilgan ijtimoiy-sport harakatiga qo‘shilishga muvaffaq bo‘ldi.

Ushbu yili Yangi nafas ommaviy yugurish musobaqasi o‘z chegeralarini kengaytirdi va qo‘shni respublikalarning Yengil atletika federatsiyalari ko‘magida yugurish musobaqasiga Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistondan 300 nafarga yaqin yosh sportchilar va yugurish havaskorlari qo‘shilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Yangi nafas qo‘shni respublikalarning tillarida yangi va yorqin ohangga ega bo‘ldi: «Nafasi nav», «Jany dem», «Jaña tinis» «Täze dem» va Markaziy Osiyodagi yugurish havaskorlari uchun eng kutilgan sport voqealarining biriga aylandi.

«Men Toshkentga ilk marotaba keldim va darhol bunday katta sport bayramiga qo‘shildim, - deb gapirdi finishdan so‘ng tojikistonlik yuguruvchi Mirzodaler Muhsinzoda, - Yangi nafas ommaviy yugurish musobaqasining tayyorgarligi va o‘tkazilishi eng yuqori darajada tashkil etilganligini alohida ta’kidlab o‘tishim kerak. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Tojikiston Yengil atletika federatsiyalariga, sport yugurish havaskorlari uchun eshiklar va chegaralarni ochadigan mana bunday hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bizning davlatimizda ham yugurish tobora ommalashib bormoqda, va men eng yirik sport klublarining biri – DAV.Tj klubining a’zosiman. Ayniqsa, men bugun o‘zimning 5 va 10 km masofalik shaxsiy rekordimni takrorlaganim juda yoqimli. Yangi nafas xalqaro ommaviy yugurish musobaqasida keyinchalik ham ishtirok etishni rejalashtiryapman».

Sport tadbirining yakunida ommaviy yugurish musobaqasining barcha g‘oliblariga esdalik sovrinlari va sovg‘alar topshiriladi. Toshkentda g‘oliblar Yangi nafas ommaviy yugurish musobaqasi munosabati bilan Milliy bog‘da tashkillashtirilgan kechki konsert davomida tabriklanadi.

Reklama