Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan abituriyentlarga qo‘shimcha ball berish taklif etildi
Ma’lum bo‘lishicha, Ukrainadagi urushda vafot etgan yoki yaralangan harbiylar, amaldorlar va davlat xizmatchilarining farzandlari OTMga kirish imtihonlarisiz o‘qishga qabul qilinadi.
Rossiya ta’lim va fan vazirligi tomonidan mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalariga yuborilgan tavsiyanomada Ukranidagi urushda ko‘ngilli sifatida qatnashgan shartnoma asosidagi harbiy xizmatchilar, muddatli harbiy xizmat askarlari yoxud ommaviy safarbarlik asosida Qurolli Kuchlarga jalb qilingan abituriyentlarga qo‘shimcha ball berishlari kerakligi haqida so‘z boradi. Bu haqda «RBK» xabar bermoqda.
“Abituriyentning shaxsiy yutuqlari, jumladan, harbiy xizmatni o‘tagani va ko‘ngillilar tarkibiga kirganligi uchun beriladigan ballar yig‘indisi 10 balldan oshmasligi kerak”, – deyiladi vazirlik xabarida.
Bir oy oldin Rossiya ta’lim va fan vazirligi oliy ta’lim muassasalariga Ukrainadagi janglarda ishtirok etgan talabalar yoki ularning oila a’zolari uchun ta’lim xarajatlarini kamaytirish, shuningdek, ularga moddiy yordam ko‘rsatishni tavsiya qilgan edi. “Ularga birinchi navbatda yotoqxonalardan joy berish kerak”, deya qo‘shimcha qilinadi Ta’lim va fan vazirligi tavsiyanomasida.
Bundan tashqari, urush faxriysi maqomiga ega bo‘lgan talabalar davlat ijtimoiy stipendiyasi olish huquqiga ega bo‘lib, ushbu stipendiya OTMdagi ta’lim so‘ngiga qadar to‘lanadi. Shuningdek, OAVning yozishicha, Milliy tadqiqot universiteti Oliy iqtisodiyot maktabi urush qatnashchilari, ularning farzandlari va yaqin qarindoshlarini bepul o‘qitishga va’da bergan.
May oyidan boshlab Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiya ishtirokchilarining farzandlari Rossiya universitetlariga maxsus kvota bo‘yicha kirish huquqini olishdi – ta’lim muassasalari ularga bakalavriat va mutaxassislik dasturlariga abituriyentlar uchun umumiy o‘rinlarning 10 foizini ajratishlari shart.
Shu bilan birga, Rossiyadagi universitet hamda institutlar harbiy xizmatchilar va ijro etuvchi hokimiyat organlari, harbiy xizmatni o‘tayotgan davlat organlari xodimlarining farzandlarini (agar ular Ukrainadagi urushda vafot etgan yoki yaralangan bo‘lsa) kirish imtihonlarisiz (ijodiy yoki kasbiy testlar bundan mustasno) o‘qishga qabul qilishlari shart. Agar yuqoridagi toifadagi urush qatnashchilari maxsus harbiy operatsiya chog‘ida tirik qolgan va jarohatlanmagan bo‘lsa, ularning farzandlari kirish imtihonlari natijalari bo‘yicha o‘qishga qabul qilinishi belgilangan.
«Kommersant’» nashri o‘tgan yilning yozida maxsus kvota bo‘yicha OTMga o‘qishga kirgan Ukrainadagi urush qatnashchilari farzandlarining ma’lumotlari maxfiylashtirilganini aniqlagandi.
Mavzuga oid
08:27 / 04.06.2026
Eron bilan urush Kongressda ham bahslarga sabab bo‘lmoqda
16:56 / 03.06.2026
Saxalin oroli va Tinch okeani flotidan ayrilgan Rossiya – Rus-yapon urushi tarixi
18:35 / 05.05.2026
Telegram’dagi tuzoq – O‘zbekistonda Rossiya-Ukraina urushiga yollovchi shaxslar paydo bo‘lmoqda
10:18 / 28.03.2026