19:01 / 03.07.2023
7046

Qirg‘izistonda pasportga ona ismini yozishga ruxsat berildi

Konstitutsiya sudi qaroriga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan qirg‘izistonliklar pasportga ota ismi o‘rniga onasining ismini yozdirishi mumkin.

Foto: «Liter.kz»

Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi mamlakat Vazirlar Mahkamasiga matronim institutini joriy qilish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritish majburiyatini yukladi. Unga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan qirg‘izistonliklar o‘z xohishiga ko‘ra, pasportga ota ismi o‘rniga onasining ismini yozdirishi mumkin bo‘ladi.

Bu haqda huquq faoli Oltin Kapalova ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

«Bu qaror voyaga yetgan qirg‘izistonliklarga otasining ismi (otchestvo) o‘rniga onasining ismini (matchestvo) olishga ruxsat beradi. Qaror yakuniy bo‘lib, shikoyatga o‘rin yo‘q», dedi u.

Biroq, Kapalova so‘zlariga ko‘ra, sud bola tug‘ilganda unga matchestvo berishni taqiqlab qo‘ygan. Huquq faoli bu taqiqqa qarshi kurash olib borishini ma’lum qildi.

«Qizim va qiz jiyanlarim farzandlariga o‘z ismini qo‘yish huquqiga ega bo‘lishi uchun hamma narsani qilaman», dedi ayol.

2021 yilda Oltin Kapalova uch nafar farzandining ota ismi o‘rniga ona ismini yozdirgan edi. Shundan so‘ng, Davlat ro‘yxatga olish xizmati uning ustidan sudga murojaat qildi. O‘sha yilning avgust oyida Bishkek sudi mansabdor shaxslarning da’vosini qanoatlantirib, otasining ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi akt yozuvlarini bekor qildi. Keyinchalik bu qaror barcha instansiyalar, jumladan, Konstitutsiyaviy sud tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan edi.

Top