O‘zbekiston | 14:23 / 03.07.2023
5977
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev ShHT sammitida ishtirok etadi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 iyul kuni virtual formatda bo‘lib o‘tadigan Shanhay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Xalqaro tashkilot matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Nyu-Dehli shahrida Hindiston tomoni raisligida ShHTga a’zo davlatlar milliy koordinatorlari kengashining aralash tarkibdagi navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Sammit joriy yilning 4 iyul kuni onlayn formatda o‘tkaziladi.

Milliy koordinatorlar Nyu-Dehli deklaratsiyasi loyihasi, shuningdek, bo‘lajak sammit uchun hujjatlar to‘plamini kelishib oldi.

Hindu Post gazetasi, shuningdek, 4 iyul kuni ShHT davlat rahbarlarining virtual sammiti bo‘lib o‘tishini xabar qildi. Hindiston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, bosh vazir Narendra Modi raislik qiladi.

“Sammitda qatnashish uchun ShHTga a’zo barcha davlatlar, ya’ni Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston va O‘zbekiston taklif etilgan. Bundan tashqari, Eron, Belarus va Mo‘g‘uliston kuzatuvchi davlatlar sifatida taklif qilingan. ShHT an’anasiga ko‘ra Turkmaniston ham mehmon sifatida taklif etilgan”, — deyiladi xabarda.

Bu yilgi sammitning mavzusi "Xavfsiz ShHT sari" (Towards a SECURE SCO). Dastlab bu qisqartma 2018 yilda ShHT sammitida bosh vazir Modi tomonidan taklif qilingan edi.

Hindiston Tashqi ishlar vazirligi tushuntirishicha, SECURE so‘zi bir necha so‘zlarning birinchi harflari qisqartmasi hisoblanadi: security (xavfsizlik), economy and trade (iqtisodiyot va savdo), connectivity (o‘zaro bog‘liqlik), unity (birlik), respect for sovereignty and territorial integrity (suverenitet va hududiy yaxlitlikni hurmat qilish) va environment (atrof-muhit).

Avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tadbirda Eronning to‘liq a’zoligi rasmiylashtirilishini, shuningdek, Belarusning ShHTga a’zo bo‘lish majburiyatlari bo‘yicha memorandum imzolanishini aytgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid