Iyun oyi boshida Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘lishi natijasida kichik Marganets shahri suvsiz qoldi. Jurnalistlar Marganets va Dnipro bo‘yida to‘g‘on qulashidan jabr ko‘rgan boshqa shaharlarga tashrif buyurdi.
Ukrainadagi front chizig‘i yaqin yerdagi quriyotgan ko‘lmak ichida ikki kichik baliq nafas olishga qiynalib, tartibsiz suzadi.
Ularning atrofida, quyosh nurlari ostida, 75 yil davomida suv bilan qoplangan ulkan loy va tosh maydonlari yastangan. Uncha uzoq bo‘lmagan qumli orolchada esa g‘alla ortilgan ulkan barja (dvigatelga ega bo‘lmagan, kemalar tomonidan tortiladigan yuk kemasi) yotibdi. Ilon va qurbaqalar xuddi soya izlayotgandek sayoz suvda sirpanib yuribdi.
Dnipro daryosi suvini ushlab turuvchi Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘lganidan ikki hafta o‘tgach, taxminan 18 kub kilometr (Angliya hududiga teng hajmdagi suv havzasini to‘ldirish uchun yetarli) suv janubga oqib ketdi va Qora dengizga quyildi.
«Bu falokat. Hamma narsa oqib ketdi. Kiyiklar, yovvoyi cho‘chqalar, baliqlar va yo‘qolib borayotgan boshqa ko‘plab turlar. Yarim millionga yaqin odam suvsiz qoldi», deydi sobiq Kaxovka suv omborining (hozir suv ombori deyarli qurigan) g‘arbiy qirg‘og‘ida joylashgan Marganets shahri kengashi kotibi, 37 yoshli Anatoliy Derkach.
Derkach o‘zining to‘rtinchi qavatdagi kabinetidan kulrang, yorilib ketgan loyni va narigi qirg‘oqda joylashgan Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi siluetini tomosha qiladi.
Zaporijjya AES hozirda Rossiya nazorati ostida. Suv oqib ketganidan keyin, taxminan 10 kilometr uzoqlikda joylashgan stansiya birdaniga ancha yaqinroqdek ko‘rina boshladi.
«Ular sovitish tizimi uchun rezervuarlarda taxminan olti oyga yetadigan suv borligini aytmoqda. Ammo biz bunga ishona olmaymiz», deydi Derkach xo‘rsinib. So‘ngra u 1986 yilda, Ukraina tarixidagi eng dahshatli yadroviy halokat sodir bo‘lgan joy nomi, «Chernobil» so‘zini ham tilga oladi.

Suv omboridan yuqoriroqdagi tepalik ustida joylashgan kichik Marganets shahri tez-tez rus artilleriyasi tomonidan o‘qqa tutiladi.
«Ular bizni dronlardan kuzatadi. Agar bir joyda beshtadan ortiq odam to‘planganini ko‘rishsa, o‘qqa tutishni boshlashadi», deydi Derkach.


















