Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mbappe «PSJ»da qoladi, Keyn «Bavariya»ga ketolmayapti. So‘nggi transfer xabarlari
So‘nggi kunlardagi asosiy transfer xabarlari va mish-mishlar.
Mbappe «Real»ga bu yozda o‘tmaydi
«PSJ» hujumchisi Kilian Mbappe bu yilgi yozgi transferlarda «Real»ga o‘tmaydi, deya yozmoqda Marca nashri.
Barchasi futbolchining moliyaviy talablari tufayli — fransuz hujumchisi Parijda oladigan maoshini yo‘qotishni istamayapti va «Real»dan 240 million yevro so‘ragan, shuning uchun Madrid klubi transferdan voz kechishga qaror qilgan. Endi futbolchini 2024 yilda erkin agent sifatida qo‘lga kiritish rejalashtirilmoqda. Lekin bu holda Mbappe «PSJ» bilan yangi shartnoma tuzishi varianti ham bo‘ladi.
2017 yilda «PSJ» Mbappeni «Monako»dan ijaraga olgan, bir yil o‘tib uning transfer huquqini 180 million yevroga sotib olgandi.
Forvard parijliklar bilan besh marta Fransiya chempioni bo‘ldi, uch bor mamlakat Kubogini yutib oldi va ikki martadan Superkubok va Fransiya ligasi kubogini qo‘lga kiritdi. U «PSJ» tarixidagi eng yaxshi to‘purar (212 gol) bo‘lib olgan.
2022/23 yillar mavsumida forvard parijliklar safida barcha turnirlar doirasida 43 o‘yinda 41 gol urdi va 10 golga uzatma berdi. Futbolchining klub bilan shartnomasi 2024 yil iyun oyi oxiriga qadar amalda bo‘ladi.
«Liverpul»ning yozdagi ikkinchi yirik xaridi
«Liverpul» yozgi transferlar doirasida ikkinchi yarimhimoyachini safiga qo‘shib oldi. 22 yoshli vengr «Leypsig»da o‘zini ko‘rsatgan va endi Soboslaini dunyoning eng katta klublaridan biri transfer qildi. Dominik 2028 yilgacha shartnoma tuzgan, «qizillar» u uchun 70 mln yevro to‘lashgan. Soboslaiga «Liverpul» afsonasi Stiven Jyerrard o‘ynagan 8-raqamli futbolka berilgan. Ushbu raqam ostida o‘ynab kelgan Nabi Keyta ham «Leypsig»dan kelgandi, u shu yozda shartnoma tugagani tufayli Germaniyaning «Verder» klubiga yo‘l oldi.
Brozovich baribir «An-Nasr»ga o‘tdi
Marselo Brozovich ham Saudiya Arabistoni chempionatiga o‘tdi. Avvaliga ushbu 30 yoshli xorvatiyalik yarimhimoyachi «Barselona»ga o‘tishi aytilgandi, Ispaniyada uni juda kutishayotgandi, ammo u qarorini o‘zgartirdi va «An-Nasr»da Ronaldu bilan jamoadosh bo‘ldi.
Saudiyaliklar ham savdolasha boshladi va dastlabki 23 million yevrolik taklif o‘rniga 15 million yevrolik taklif yuborishdi — «Inter» bu taklifni rad etdi va transfer barbod bo‘lish yoqasida qoldi. Ammo muammo hal qilindi. Yakunda tomonlar 18 million yevroga kelishidi, Brozovichning o‘zi esa endi uch mavsum uchun 100 million yevro ishlab oladi.
Neymarni ham Saudiya Arabistoniga chaqirishmoqda
«PSJ»ning boshqa bir forvardi, 31 yoshli braziliyalik Neymar Saudiyaning «Al-Hilol» klubi qiziqishlari doirasiga tushgan. Jurnalist Yoqub Jinarning ma’lumotiga ko‘ra, klub forvardga uch yil uchun 600 million yevro taklif qilmoqda — ammo Neymarning bunga munosabati haqida hozircha hech narsa ma’lum emas. Shuningdek, ushbu futbolchiga APL klublari, xususan «Manchester Siti» va «Chelsi» qiziqayotgani haqida xabarlar bor.
Ayni vaqtda Neymarning «PSJ» bilan 2025 yilga qadar qiluvchi shartnomasi bor. Transfermarkt forvardning transfer qiymatini 60 million yevroga baholagan.
Osimhen «Chelsi»ga o‘tishi mumkin
Ko‘klar Todd Bouli boshqaruvida g‘alati siyosat yuritmoqda — avvaliga «Chelsi» shunchalik ko‘p xarid amalga oshirdiki, barcha futbolchilarga kiyim almashtirish xonasida joy yetmadi; keyin klub barchani, jumladan muxlislarning sevimli futbolchilari bo‘lgan Havers va Mauntni raqib jamolarga berib yubordi. Endi esa, Football.London xabariga ko‘ra, rahbariyat yana bir katta transfera amalga oshirmoqchi — va Viktor Osimhenni nishonga olgan.
A seriya chempioni bo‘lgan «Napoli»ning 24 yoshli hujumchisi 150 million yevroga baholanmoqda. «Chelsi» uning uchun faqat 100 million yevro taklif qilmoqda, shunday ekan, muzokaralar oson kechmaydi. Yakunlangan mavsumda Osimhen «Napoli» safida barcha turnirlar doirasida 39 o‘yinda maydonga tushib, «gol plyus pas» tizimida 31+5 ball jamg‘argan.
«Tottenhem» Keynni saqlab qolmoqchi
«Tottenhem» va Angliya milliy jamoasining 29 yoshli forvardi hamon London klubi xo‘jayini Deniel Levining qafasida qolmoqda — u futbolchini har qanday pulga ham «Bavariya»ga qo‘yib yubormoqchi emas. Shunga qaramay, Keyn myunxenliklar safiga o‘tishga qattiq ahd qilgan, muzokaralar jarayonini esa nemislar klubining kuzatuv kengashiga kirgan Karl-Hayns Rummenigge shaxsan nazorat qilmoqda.
Avvalroq CBS Spors jurnalisti Ben Jyeykobs «Bavariya» 93 million yevro (bonuslar ham) to‘lashga tayyorligini, ammo «Tottenhem» barcha takliflarni rad etayotganini xabar qilgandi. Muzokaralarga nemis afsonasi qo‘shilgani nimani o‘zgartirishini vaqt ko‘rsatadi.
Ramos va Alba ham Messining oldiga boradi
Ispaniyalik faxriy futbolchilar Serxio Ramos va Jordi Alba «Inter Mayami» bilan muzokaralarni yakunlash bosqichida turibdi. Diario Sport nashri yozishicha, Albada «Benfika», «Atletiko», «Inter» va Saudiya Arabistonidagi klub bilan ham muzokaralar bo‘lgan, ammo ularning barchasi muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Ramosga ham Ispaniya va Yaqin Sharqdagi klublar qiziqish bildirgan, ammo ikki futbolchi ham AQSh variantini afzal ko‘rishmoqda.
Amerika klubi prezidenti Xorxe Mas esa Messining yana bir sobiq jamoadoshi — Luis Suares bilan ham shartnoma imzolanishi mumkinligini aytdi. Bu borada batafsil ma’lumot 15 iyuldan keyin paydo bo‘lishi kutilmoqda.
«Barselona» turkiyalik iste’dodni nishonga oldi

Mundo Deportivo nashrining yozishicha, «Barselona» 18 yoshli hujumkor yarimhimoyachi, turk Messisi deb atalayotgan Arda Guler transferi bo‘yicha «Fenerbahche» bilan muzokara olib bormoqda. Muzokaralar davomida kataloniyaliklar klubi sport direktori Deku Istanbul klubiga, ispan klubi ayni vaqtda qiyin moliyaviy holatda ekani bois, futbolchining shartnomasida ko‘rsatilgan 17,5 million yevroni qismlarga bo‘lab to‘lashni taklif etgan.
«Barselona» shuningdek «Kamp Nou»ga tarbiyalanuvchisi Oriol Romeuni qaytarishni ko‘zlagan. As ma’lumotiga ko‘ra, Xavi 31 yoshli ushbu tayanch yarimhimoyachisini Serxio Buskets uchun chiqimsiz o‘rinbosar varianti sifatida ko‘rmoqda. Muammo shundaki, «Barsa» Romeu uchun 5-6 million yevro taklif qila oladi, ammo «Jirona» o‘z futbolchi uchun kamida 10 million olmoqchi.
«Chelsi» Kaysedo bo‘yicha kelishuv ustida ishlamoqda
Insayder Fabritsio Romano xabariga ko‘ra, «Chelsi» «Brayton» bilan yarimhimoyachi Moyses Kaysedo transferi borasidagi muzokaralarni qaytadan boshlagan. «Ko‘klar» jamoasi rahbariyati futbolchi bilan og‘zaki kelishuvga erishgan. Transfermarkt Kaysedoning transferini 55 mln funtga baholagan, «Chelsi» esa avvalroq ekvadorlik futbolchi uchun 80 mln funt taklif qilayotgandi. Bu safargi taklif 90 mln funt bo‘lishi kutilmoqda.
«MYu»da yangi darvozabon bo‘lishi mumkin
«Manchester Yunayted» yangi darvozabon qidirishda davom etmoqda. Jamoaning asosiy darvozaboni David de Xeaning shartnomasi muddati yakunlangan va hozircha uzaytirilmayapti. AS ma’lumotiga ko‘ra, ispaniyalikka allaqachon «An-Nasr»dan taklif kelgan. «MYu» esa ikki darvozabon bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda: Andre Onana («Inter») va Yustin Beylo («Feyyenoord»).
Jurnalist Alfredo Pedullaning xabar qilishicha, «Yunayted» «Inter»ga kamerunlik posbon uchun 45+5 mln yevro taklif qilishga tayyor, milanliklar esa 60 mln yevro xohlamoqda. Hozircha buyog‘iga nima bo‘lishi noma’lum: The Telegraph nashri inglizlar klubi Onana variantidan voz kechishga tayyorligini, Sky Italia esa «Inter» darvozabon bo‘yicha rasmiy taklif kutayotganini yozgan.
Ayni vaqtda Onana uchun «An-Nasr» ham da’vogar bo‘lib turibdi, saudiyaliklar «Inter»ga 40+5 million yevro ko‘rinishidagi ilk taklifni yuborgan.
«Feyyenoord» esa Beylo bilan xayrlashmoqchi emas – «MYu» uning uchun katta pul taklif qilsa ham.
Transferlar bozorida yana nimalar bo‘lmoqda?
- Jyeyms Meddison bilan shartnoma tuzgan «shporlar» transferlar bozorida faollikni saqlab qolmoqda. Klub ispaniyalik qanot himoyachisi Pedro Porroning transferini e’lon qildi, uning uchun «Sporting»ga 40 million yevro to‘lab berildi. Londonliklar uni yanvarda ijaraga olishgandi, endi esa sotib olish huquqidan foydalandi. Shuningdek, yaqin vaqtlar ichida «Tottenhem» safiga «Fulhem»dan Manor Solomon kelib qo‘shilishi mumkin. 23 yoshli isroillik futbolchi shu hafta tibbiy ko‘rikdan o‘tishi belgilangan.
- «Liverpul» va «Bavariya» 22 yoshli fransuz yarimhimoyachisi Kefren Tyuram uchun raqobatlashmoqda. Foot Mercato nashri yozishicha, futbolchiga Tomas Tuxel shaxsan qiziqmoqda. Transfer 50 million yevroga baholangan.
- «Yuventus»da global tozalash ketmoqda — klub Shchensni, Sandro, Artur, Makkenni va Zakariyodan qutulmoqchi. Bu maoshlar vedomosti shishib ketgani bilan izohlanadi. O‘z navbatida, Turin klubi «Sassuolo» vingeri Domeniko Berardi bilan tarkibni kuchaytirmoqchi. U Anxel Di Mariyaning o‘rnini bosishi ko‘zda tutilgan. Bu futbolchi 30 million yevroga sotib olinishi mumkin.
- Seyad Kolashinats «Atalanta»ga o‘tadi. Erkin agent maqomida bo‘lgan 30 yoshli himoyachi ikki yillik shartnomaga imzo chekadi.
- «PSJ» «Malorka» yarimhimoyachisi Li Kan Inni safiga qo‘shib olishga yaqin. 22 yoshli koreyalik shu hafta tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak.
- «Milan» Kristian Pulishich uchun «Chelsi»ga 14 million yevro taklif qildi. The Athletic xabariga ko‘ra, amerikalik hujumchini o‘z vaqtida «Borussiya» Dortmunddan 64 million yevroga sotib olgan londonliklar uni kattaroq pulga sotmoqchi.
Mavzuga oid
21:55 / 05.06.2026
«Real» jiddiy qayta qurish davriga kirmoqda
18:01 / 08.05.2026
«Real»da xaos. Valverde va Chuameni mushtlashib ketdi
20:19 / 06.05.2026
Mbappe – mojaro markazida. U klasikoga tayyorlanish o‘rniga ta’tilga ketdi va jamoadoshlarini g‘azablantirdi
21:10 / 05.05.2026