Jahon | 14:53 / 05.07.2023
8360
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya: KXDR ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshi harbiy ahamiyatga ega bo‘lmagan

31 may kuni halokatga uchragan hamda Sariq dengizdan topilgan raketa-tashuvchi va sun’iy yo‘ldosh qoldiqlarini o‘rganib chiqib, Janubiy Koreya va AQSh mutaxassislari sun’iy yo‘ldoshdan harbiy razvedka maqsadlarida foydalanish mumkin emas, degan xulosaga keldi.

Foto: Reuters

Shimoliy Koreya tomonidan harbiy sun’iy yo‘ldosh uchirilganidan va uning dengizga qulaganidan bir oydan ko‘proq vaqt o‘tgach, Janubiy Koreya ushbu qurilma harbiy ahamiyatga ega emasligini e’lon qildi. 5 iyul, chorshanba kuni Janubiy Koreya armiyasi bosh shtabi Sariq dengizdan «Chxollima-1» raketa-tashuvchisi va sun’iy yo‘ldoshining yirik bo‘laklari ko‘tarilgani, ular koreyalik va amerikalik mutaxassislar tomonidan sinchkovlik bilan o‘rganilgani haqida xabar berdi. Ular bu qurilmadan harbiy razvedka vositasi sifatida foydalanish mumkin emas, degan xulosaga keldi. 

Shu bilan birga, Seuldagi Bosh shtab 31 may kuni Shimoliy Koreya raketasining qulashi ortidan 36 kundan beri davom etgan qidiruv ishlari yakunlanganini ma’lum qildi. Pxenyan rasmiylari ham sun’iy yo‘ldoshning texnik kamchiliklarini tan oldi va yaqin orada qayta uchirilishini e’lon qildi. 

31 may kuni Seul KXDR janubiy yo‘nalishga Pxenyanda «raketa-tashuvchi» deb ataladigan obekt uchirilganini e’lon qildi. Shu munosabat bilan Janubiy Koreya poytaxtida havo trevogasi e’lon qilindi, aholidan evakuatsiyaga tayyor turish va birinchi navbatda «bolalar va qariyalarni xavfsiz joylarga yetkazish» so‘raldi. Shu kuni Yaponiya janubida havo trevogasi e’lon qilindi. Mahalliy vaqt bilan soat 07:05 da (Toshkent vaqti bilan 03:05) Yaponiya qirg‘oqni qo‘riqlash xizmati Shimoliy Koreya tomonidan uchirilgan ballistik raketa «qulab tushdi» deb xabar berdi. 

O‘z navbatida, Pxenyan raketa tortuvchi kuch yo‘qolishi oqibatida Koreya yarimoroli g‘arbidagi dengizga qulaganini ma’lum qildi. Bu birinchi va ikkinchi bosqichlar ajratilgandan keyin sodir bo‘ldi, olimlar sababni o‘rganmoqda, deb xabar beradi Shimoliy Koreya davlat axborot agentligi. Raketaning uchirilishi, jumladan, BMT va Yevropa Ittifoqida keskin qoralandi. 

19 aprel kuni Shimoliy Koreya rasmiylari ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshni ishlab chiqish yakunlangani va u sinovlarga tayyorligini ma’lum qildi. Pxenyan kelajakda bu sun’iy yo‘ldoshlarning bir nechtasini turli orbitalarga chiqarish niyatida ekanini bildirdi. Yaponiya va Janubiy Koreya KXDRdan bu rejalardan voz kechishni talab qildi. Tokio va Seul BMT o‘z rezolyutsiyasi bilan Shimoliy Koreyaga ballistik raketalar uchirishni taqiqlaganini eslatdi. Shunga qaramay, Pxenyan 2022 yilda har qachongidan ham ko‘proq - 50 dan ortiq raketa sinovini o‘tkazdi. Shimoliy Koreya bu yil ham parvozlar amalga oshirishni davom ettirmoqda. 

Mavzuga oid