21:02 / 07.07.2023
31663

Yozda amalga oshib bo‘lgan 20 asosiy transfer. Ro‘yxatda – uch nafar jahon chempioni

Iyun oyidagi eng yirik xaridni «Real» amalga oshirdi. Ammo o‘tgan oyning asosiy transferlari faqatgina superklublar ishtirokida kechmadi.

Foto: YASSER BAKHSH, LINTAO ZHANG, PEDRO CASTILLO/GETTY IMAGES

Yozning birinchi oyi ortda qoldi va allaqachon qator jiddiy transferlar ro‘y berdi. Masalan, Lionel Messi va Karim Benzema Yevropadan ketdi, «Real» esa 103 mln yevrolik transferga qo‘l urdi. Quyida so‘nggi haftalarda ro‘y bergan Yevropa futbolidagi asosiy transferlar keltiriladi.

Karim Benzema: «Real» → «Al-Ittihod» (erkin agent)

Hozirgi «Real»ni Benzemasiz tasavvur qilish qiyin. Fransuz hujumchisi Madridda 14 yil o‘ynadi va muxlislar qalbidan joy egalladi. Karimning o‘zi Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tganidan keyin hamisha musulmon mamlakatda yashashni istagani haqida gapirdi. Uning «Al-Ittihod»dagi taqdimotiga 60 mingdan ortiq muxlis tashrif buyuradi. Albatta, bu transferda pul masalasi ham o‘z o‘rniga ega edi. Nima bo‘lganda ham, Benzema tijorat shartnomalari hisobga olinganda, bir mavsum uchun 100 mln yevro oladi. Bunday taklifga yo‘q deyish qiyin edi. O‘zining ketishi bilan Benzema anchadan transferlarda faollik ko‘rsatmay kelgan «Real»da transfer inqilobini boshlab berdi.

Lionel Messi: «PSJ» → «Inter Mayami» (erkin agent)

O‘tgan yilda Messi azaliy orzusiga erishdi — nihoyat jahon chempioniga aylandi. Mavsum yakunida esa shartnomasi muddati yakunlangani munosabati bilan «PSJ»ni tark etdi. Aftidan, Amerika klubi yulduzli futbolchi kelgani munosabati bilan daromadlarini sezilarli darajada oshiradi. Messining yangi jamoasidagi debyuti 21 iyulga belgilangan, bu o‘yin chiptalari narxi esa NBA final seriyasi uchun chiptalar narxidan qimmatroq. Bundan tashqari, argentinalik futbolchining kelishi «Inter Mayami»ning ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilari sonini keskin ko‘paytiradi. Futbolchining o‘zi avvaliga boshqa variantlarni ko‘rib chiqqanini (uni ham Saudiya Arabistoniga chaqirishgandi), ammo yakunda Shtatlarga o‘tishni ma’qul ko‘rganini tan oldi.

«Inter Mayami» prezidenti Xorxe Mas transfer tafsilotlarini so‘zlab berdi: «Leo shartnoma bo‘yicha yiliga 46 mln yevrodan 55 mln yevrogacha oladi.

Bunday darajadagi futbolchi bilan muzokaralar olib borish uchun juda ko‘p vaqt sarfladik. Men hamisha uning otasi Xorxe bilan aloqada bo‘lib turdim. Devid Bekhem (klub egalaridan biri) professional futbolchi bo‘lgani uchun Leo bilan faqat futbol mavzusidagi suhbatlar o‘tkazdi. Hech kim Messiga bosim o‘tkazishni istamadi, shuning uchun biz u bilan Barselonada ham, Mayamida ham, shuningdek, Rosario va Dohada gaplashdik. Butun jahon chempionati davomida men Argentina milliy jamoasi va Messining o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib bordim. Apple bilan shartnoma Leo bilan shartnoma tuzishda muhim rol o‘ynadi».

Jud Bellingem: «Borussiya» Dortmund → «Real» (103 mln yevro)

Yozning birinchi oyi uchun rekord darajadagi kelishuv — Bellingem transferi uchun «Real» 100 mln yevrodan ortiq pul sarfladi. Futbolchining o‘zi Madrid klubini pul uchun tanlamaganini aytdi. Ushbu transfer poygasidagi asosiy ishtirokchilardan biri «Liverpul» bo‘lgandi, ammo, Judning so‘zlariga ko‘ra, Chempionlar ligasining o‘tgan yilgi finali («Real» o‘shanda — 1:0 hisobida g‘olib bo‘lgandi) uning tanlovida ko‘p narsani hal qilgan, u endi Yevropaning eng yaxshi klubida ekanini aytdi.

Klublar o‘rtasidagi kelishuvda bonuslar ham ko‘zda tutilgan — «Borussiya» bu transferdan jami 133,4 mln yevro ishlab olishi mumkin. Shu tariqa, Bellingem tarixdagi eng qimmatbaho angliyalik futbolchiga aylanadi. Transfer uchun katta summa to‘lanmoqda, ammo undan umid ham shunga yarasha. Qolaversa, Bellingem Madridda o‘z vaqtida Zinedin Zidanga tegishli bo‘lgan beshinchi raqamni oldi.

Ilkay Gundo‘g‘an: «Manchester Siti» → «Barselona» (erkin agent)

Bu Pep Gvardiola futbolchini saqlab qolishni istagan, ammo u boshqa jamoa foydasiga qaror qabul qilgan unikal holatlardan biri. Gundo‘g‘an «Barsa»ga erkin agent va Chempionlar ligasi g‘olibi sifatida tashrif byuurdi. «Manchester Siti» kataloniyaliklardan ko‘proq pul taklif qilib ham sardorini saqlab qololmadi. Angliya klubi Gundo‘g‘anga «1+1» sxemasida yangi shartnoma taklif etgandi, Ilkay esa «Barsa» bilan keyinroq yana bir yilga uzaytirish sharti bilan ikki yillik shartnoma imzoladi. Qolaversa, Gundo‘g‘anning rafiqasi Angliya yoki Saudiya Arabistonida emas, Kataloniyada yashashni istadi.

Darvoqe, germaniyalik futbolchi «Barsa» uni La Liganing 1-turiga qadar zayavka qila olmasligi variantini ham hisobga olgan. Bu holatda futbolchi klubni tark etish huquqiga ega bo‘ladi. Lekin, qoida tariqasida, bunday hikoyalar baxtli yakunga ega bo‘ladi.

Kay Havers: «Chelsi» → «Arsenal» (70 mln yevro)

Kay Havers. Foto: ARSENAL.COM

Ikki yil muqaddam Havers «Manchester Siti»ning Chempionlar ligasidagi g‘alabasini kechiktirgandi. Aynan ushbu nemis futbolchisi Gvardiola jamoasiga qarshi final o‘yinidagi yagona golni urgan va «Chelsi»ga faxrli sovrinni keltirgandi. O‘shanda Kay va «Chelsi»ni yorqin kelajak kutayotgandi, ammo klubda xo‘jayin o‘zgarishi barchasini o‘zgartirib yubordi. Todd Bouli klubga kelib, Tomas Tuxelni ishdan bo‘shatdi va tartibsiz va serxarajat transferlar amalga oshira boshladi. Mavsum o‘ta muvaffaqiyatsiz chiqdi, endi esa «Chelsi» zayavkani bo‘shatish uchun futbolchilarini sotib yubormoqda. Bunday vaziyatda yangi xarid qilingan futbolchilarga tegilmaydi, shuning uchun «tozalash» faqat «eskilar»ga taalluqli bo‘lmoqda.

Bunday «eskilar»dan biri ko‘pchilik muxlislar uchun kutilmaganda 24 yoshli Havers bo‘lib chiqdi. Kayni shunchaki qo‘yib yuborishmadi — endi u to‘g‘ridan to‘g‘ri raqib safida o‘ynaydi. Germaniyalik hujumkor yarimhimoyachi Londonning boshqa klubiga o‘tdi, uning transferi uchun «Arsenal» kattagina summa sarfladi. 2028 yilga qadar shartnomaga imzo chekkan futbolchi uning maqsadi — sovrinlar yutish ekaniga urg‘u qaratdi. «Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta esa Havers jamoaga rang-baranglik berishi va o‘rta liniyani kuchaytirishini qayd etdi.

Aleksis Mak Allister: «Brayton» → «Liverpul» (42 mln yevro)

Bu yozning narx va sifat jihatidan ajoyib transferlaridan biri bo‘ldi. Argentinalik yarimhimoyachi APLda sensatsiya ko‘targan jamoa safida ajoyib mavsum o‘tkazdi: 35 o‘yin, 10 gol va 2 assist. «Brayton» o‘z tarixida ilk bor yevrokuboklarga yo‘llanma oldi, ammo Mak Allisterni tarkibda saqlab qololmadi. 2022 yil oxirida Aleksis o‘zini JCh-2022 turnirida ko‘rsatgan va jamoaga uzoq kutilgan oltin medallarga erishishda yordam bergandi. O‘shandayoq u «Brayton»da uzoq vaqt qololmasligi oydinlashgandi.

Shunday bo‘lib chiqdi ham. Mak Allister mavsumning qolgan qismida ham jamoasi uchun o‘ynab berdi, keyin esa kuchliroq jamoa safiga yo‘l oldi. OAVda transfer «Liverpul»ga taxminan 60 mln yevroga tushishi haqida xabarlar chiqqandi, ammo kelishuv e’lon qilinganidan keyin hayratlanarli ma’lumotlar paydo bo‘ldi: futbolchining shartnomasida 42 mln yevro miqdorida badal puli belgilangandi. Hozirda bunday darajadagi futbolchini bunday arzon narxga qo‘lga kiritish — shunchaki noreal ko‘rinadi.

Qizig‘i shundaki, «Liverpul»ga o‘tgach Aleksis sakkizinchi raqamni emas, «o‘ninchi»ni oldi. Argentinalik futbolchi «sakkizlik» afsonaviy Stiven Jyerrardga tegishli bo‘lib qolishini aytdi.

Serxio Buskets: «Barselona» → «Inter Mayami» (erkin agent)

«Barsa»ning afsonaviy tarkibi tarqalib ketishda davom etmoqda. Messi yo‘q, Suaresa ham, bu yozda esa jamoani Buskets va Alba erkin agent maqomida tark etishdi. Jordidan farqli o‘laroq, Serxio darhol o‘ziga yangi klub topdi. «Barsa»da o‘tgan 15 yildan keyin ushbu yarimhimoyachi okeanortiga, Messining yoniga yo‘l oldi — endi ular «Inter Mayami» uchun birgalikda to‘p tepishadi.

Amerika jamoasining yangi bosh murabbiyi Xerardo Martino «Barsa» afsonalari bu yerga dam olish uchun kelishmaganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yulduzli futbolchilar ham qattiq ter to‘kib, g‘olib bo‘lishni istashmoqda. 34 yoshda bo‘lgan Buskets kataloniyaliklar klubidan ketgach, bu yerga yana qaytishini aytgandi. Masala qachon va qanday ampluada ekanida. Shunisi aniqki, Serxioni endi Kataloniyada futbolchi sifatida ko‘rmaymiz.

Kristofer Nkunku: «RB Leypsig» → «Chelsi» (60 mln yevro)

Yana «Chelsi»dagi total inqilob haqida. Futbolchilar adashtiruvchi chastotada klubni tark etishmoqda, ammo klubga kelayotganlar ham bor. Eng qimma xarid — Kristofer Nkunku. Bu transfer kutilmagan holat bo‘lmadi, chunki tomonlar o‘tgan mavsum o‘rtalaridayoq kelishuvga erishgandi. To‘g‘ri, o‘sha vaqtdan buyon «Chelsi»da ikki bor murabbiy o‘zgardi. Endi 25 yoshli fransuz yarimhimoyachisi Maurisio Pochettino qo‘l ostida shug‘ullanadi. Nkunku bunga qadar biror marta APLda o‘ynamagan — uning rezyumesida «PSJ» va «RB Leypsig» kabi klublar nomi qayd etilgan.

Nkunku «Chelsi»ning tushunarsiz chiqqan qator transferlaridan farqli o‘laroq, jamoani chinakamiga kuchaytira oladi. Germaniyada Kristofer haqiqiy yulduz darajasigacha o‘sdi va Fransiya milliy jamoasi a’zosiga aylandi. U ham Qatardagi mundialga borishi kutilgandi, ammo turnir boshlanishi arafasida jarohat oldi.

Ruben Nevesh: «Vulverhempton» → «Al-Hilol» (55 mln yevro)

Yana bir futbolchi Saudiya Arabistoniga yo‘l olgani — hech kimni hayron qoldirgani yo‘q. Ammo Neveshni qo‘shimcha pul ishlab olishni istaydigan boshqa yulduzlardan yaqqol ajratib turadigan bir jihat bor. Saudiyaga kelishga rozi bo‘layotganlarning aksari 30 yoshdan oshgan va faoliyatidagi oxirgi shartnomalarini tuzishmoqda. Ruben esa — hali 26 yoshda. Yaqinda ham Nevesh Chempionlar ligasida o‘ynash istagini bildirayotgan, u «Barselona» safiga o‘tishi kutilayotgandi. Ammo buning o‘rniga portugaliyalik yarimhimoyachi ekzotik chempionatga o‘tdi.

Saudiya Arabistonida Nevesh kattagina pul ishlab olishi tayin. «Vulverhempton» ham xafa bo‘lmadi, ingliz klubiga transfer uchun 55 mln yevro to‘landi. Endi Ruben Yevropaning emas Osiyoning Chempionlar ligasida o‘ynaydi.

Jyeyms Meddison: «Lester» → «Tottenhem» (46,3 mln yevro)

«Lester» sensatsion ravishda APLni tark etganidan keyin, Angliya milliy jamoasidan doimiy chaqiruv oladigan Meddison Chempionshipda o‘ynamasligi aniq edi. Klub uchun yaxshi yangilik shundaki, muzokaralarda yutqiziq pozitsiyasida bo‘lganiga qaramay, Jyeymsning sotuvidan yaxshi pul ishlab olishdi. «Tottenhem» futbolchi uchun qariyb 50 mln yevroni ayamadi va 26 yoshli Meddison bilan 2028 yilga qadar shartnoma imzoladi.

Transferdan keyin Meddison «Tottenhem»ning yangi bosh murabbiyi Angelos Postekogluning telefon qo‘ng‘iroqlari muhim o‘rin tutganini ta’kidladi. Murabbiy futbolchini London klubi yangi mavsumda mutlaqo o‘zgacha bo‘lishiga ishontirgan. «Lester» undan ayrilganidan qattiq xava bo‘lmagani aniq, transferdan tushgan pullarni endi APLga qaytish uchun jamoani mustahkamlashga yo‘naltirish mumkin.

Meddisonning transferi yana shunisi bilan qiziqki, Jyeyms yoshligida «Tottenhem»ning ashaddiy raqibi bo‘lmish «Arsenal»ning fanati bo‘lgan. Muxlislar tezda ijtimoiy tarmoqlardan Meddison bo‘lajak klubini haqoratlagan tvitlarni topishdi va futbolchi ularni tezda o‘chirib tashlashiga to‘g‘ri keldi. Ammo internet barchasini yodda tutadi.

Yuri Tilemans: «Lester» → «Aston Villa» (erkin agent)

«Lester» quyi ligaga tushib ketgach, Tilemans ham Meddisonning holatiga tushdi. Farqi shundaki, belgiyalik futbolchining shartnomasi muddati tugagandi va shuning uchun ish qo‘shimcha muzokaralar ko‘rinishidagi murakkabliklarsiz hal bo‘ldi.

Bir necha yil oldin Tilemans yangi porlayotgan yulduz sifatida ko‘rilardi va unga ko‘plab top-klublar qiziqish bildirgandi. Ammo nursiz mavsumdan keyin (APLning 31 o‘yinida 3 gol va 2 assist) futbolchiga da’vogar jamoalar minimumgacha qisqardi. Yakunda Yuri «Aston Villa»ga nasib qildi. Yarimhimoyachining tanlovida bosh murabbiy bilan suhbatlar hal qiluvchi bo‘ldi: Unai Emeri futbolchida yaxshi taassurot qoldirgan va u Birmingem klubiga o‘tishga rozilik bergan. Amalda barcha yutdi, faqat «Lester»dan tashqari, jamoa bu transferdan pul ishlay olmadi. Tilemans kuchli mutaxassis qo‘li ostida yuqori darajaga qaytish imkoniga ega bo‘ldi, «Aston Villa»esa top-klublar undan bekor voz kechganini isbotlashga jahd qilgan futbolchini qo‘lga kiritdi.

Edin Jyeko: «Inter» → «Fenerbahche» (erkin agent)

Bosniyalik hujumchi sakkiz yilini Italiya futboliga bag‘ishladi («Roma» va «Inter» safida o‘ynadi), endi esa yangi sarguzashtlar sari yo‘l oldi. Bir oy muqaddam Jyeko o‘z faoliyatidagi asosiy sovrindan bir qadam berida turgandi, ammo «Inter» Chempionlar ligasi finalida «Manchester Siti»ga yutqazdi. Klub Edinni hech bo‘lmasa yana bir yilga saqlab qolmoqchi edi, ammo 37 yoshli futbolchi shartnomasini uzaytirishni istamadi va ketish kerak degan qarorga keldi.

Jyeko yangi manzil sifatida Turkiyani tanladi. Edinga ham Saudiya klublari qiziqish bildirgandi, ammo u Yevropada qolishni ma’qul ko‘rdi va «Fenerbahche»ga o‘tib, ta’tilga chiqib ketdi.

Mateo Kovachich: «Chelsi» → «Manchester Siti» (29,1 mln yevro)

«Biz Kovachichni anchadan buyon kuzatib kelamiz va har safar uning o‘yinlarini ko‘rganimizda, u bizda yaxshi taassurot qoldiradi», — «Man Siti» sport direktori Chiki Begiristayn xorvatiyalik yarimhimoyachi transferini shunday so‘zlar bilan izohladi. Chempionlar ligasi g‘olibi Gundo‘g‘an ketganidan keyin, maydon markazi uchun munosib futbolchini qidirgandi va 29 yoshli Kovachichni tanladi.

«Man Siti» Kovachich uchun qariyb 30 mln yevro to‘ladi, futbolchilarini tarqatishda davom etayotgan «Chelsi» esa Mateoni yaxshigina pul evaziga raqib jamoaga qo‘yib yubordi. Endi Kovachichda jiddiy rejalar bor. U Gvardiola qo‘li ostida dunyoning eng yaxshi futbolchilari sirasiga kirishiga amin.

Markus Tyuram: «Borussiya» M → «Inter» (erkin agent)

Milanliklar klubi Turkiyaga ketgan Jyeko o‘rnini tezda to‘ldirishdi. Fransuz futboli afsonasi Lilian Tyuramning o‘g‘li bosniyalikdan ancha yosh: Markus 25 yoshda, Edin — 37. Qo‘shimchasiga «Inter» bu kelishuv uchun pul sarflashiga hojat bo‘lmadi: «Borussiya» M bilan shartnomasi yakunlangan Tyuram erkin agent maqomida keldi va asosiy xarajat ko‘tarma puli bilan cheklanadi.

So‘nggi to‘rt mavsumni Germaniyada o‘tkazgan Tyuram 2022 yilda milliy jamoa bilan Qatardagi jahon chempionatiga bordi va kumush medal oldi. Endi Tyuramni mutlaqo yangi tajriba kutmoqda, u bu vaqtga qadar Italiya chempionatida o‘ynamagandi. Uning biografiyasida bungacha faqat fransuz klublari va «Borussiya» qayd etilgan.

Timoti Vea: «Lill» → «Yuventus» M (10,3 mln yevro)

Yana bir afsonaviy futbolchining o‘g‘li A Seriyaga o‘tdi. 23 yoshli Timoti Vea (uning otasi — o‘sha mashhur Jorj Vea) faoliyatida ilk bor Italiya chempionatida o‘ynaydi. Timoti katta Veadan farqli o‘laroq AQSh milliy jamoasi uchun to‘p suradi. 2022 yilda u ham Qatardagi mundialda qatnashdi (4 o‘yin, 1 gol) va jamoasi bilan 1/8 finalgacha yetib bordi.

Yakunlangan mavsumda Vea «Lill» uchun o‘ynadi (32 o‘yin, 2 assist), endi esa otasi kabi o‘zini Italiyada sinab ko‘radi. Darvoqe, Timoti shartnoma imzolashdan oldin uzoq yo‘l bosib o‘tdi. U Nyu-Yorkdan Parijga uchdi, Fransiya poytaxtidan Milanga yetib oldi, u yerdan esa xususiy samolyotda Turinga uchib keldi.

Gulelmo Vikario: «Empoli» → «Tottenhem» (20 mln yevro)

«Tottenhem» yangi darvozabon sifatida «Brentford»dan David Rayyani olmoqchi edi, ammo futbolchining yuqori narxi tufayli bu variantdan voz kechdi. Yakunda London klubi Italiyada ancha arzon variant topdi.

«Tottenhem»ning ayrim fanatlari allaqachon ushbu darvozabonning tajribasizligidan norozilik izhor etishni boshlagan. Ammo Vikario, Ugo Liorisdan farqli o‘laroq, oyoqda yaxshi o‘ynaydi va darvozadan o‘z vaqtida chiqadi. Qolaversa italiyalik fransuz raqobatchisidan ancha yoshroq. 26 yoshli posbon transferi uchun «Tottenhem» 20 mln yevro to‘ladi — APL uchun kam uchraydigan adekvat narx. Vikario yangi klubi bilan 2028 yilga qadar amalda bo‘ladigan shartnomaga imzo chekkan.

Dominik Soboslai: «RB Leypsig» → «Liverpul» (70 mln yevro)

Bellingem uchun kurashdan chiqqan «Liverpul» pulni aql bilan sarflashni tanladi va buning o‘rniga bir necha futbolchi olishga qaror qildi. Hozircha reja ish bermoqda: Mak Allisterom ortidan jamoaga Soboslai kelib qo‘shildi. Ushbu futbolchi anchadan buyon mersisaydliklar klubi radarida edi, Yurgen Klopp esa unga bo‘lgan simpatiyasini yashirmaydi. Dominikning o‘zi ham germaniyalik mutaxassis bilan ishlash istagini bildirdi va «Liverpul» harakatga tushdi. To‘g‘ri, bu kelishuv Mak Allister bilan bo‘lgani kabi tejamkor bo‘lib chiqmadi. «Leypsig» bilan muzokaralardan keyin angliyaliklar 70 mln yevro to‘lashga rozi bo‘lishdi. Nemislar klubi esa yuqorida eslab o‘tilgan Nkunku va Soboslai sotuvi evaziga budjetini 130 mln yevroga to‘ldirib oldi.

22 yoshida Soboslai — Vengriya milliy jamoasi sardori va Yevropaning istiqbolli yarimhimoyachilaridan biriga aylangan. Dominik o‘z ambitsiyalari naqadar yuqoriligini «Liverpul»ga kelib «sakkizinchi» raqamni olish bilan ham tasdiqladi.

O‘tgan mavsumda Soboslai yaxshigina statistika qayd etgan: barcha turnirlar doirasidagi 46 o‘yinda 10 gol va 13 golli uzatma. Endi uning qo‘lida 2028 yilga qadar shartnoma va yangi darajada o‘zini namoyon etish imkoniyati bor.

Xoselu: «Espanol» → «Real» (ijara)

Yozda «Real» so‘nggi yillardagi eng yaxshi to‘purarini boy berdi. Karim Benzema Madrid klubini tark etib, katta pul evaziga Saudiya Arabistoniga yo‘l oldi. Yaxshi yangilik: «Real» fransuz o‘rniga nisbatan yoshroq hujumchini qo‘lga kiritdi. Yomoni: gap 33 yoshli Xoselu haqida bormoqda. Ispaniyalik hujumchining ko‘rsatkichlari yomon emas — o‘tgan mavsumda 17 gol urgan (shundan 16 tasini — La Ligada) va to‘rtta golga uzatma bergan. Primeraning kuchsiz klublaridan birining hujumchisi uchun ajoyib natija. Lekin «Madrid» muxlislari boshqacha darajadag yangi futbolchilar kelishiga o‘rganib qolgan.

Xoselu uchun bu faoliyatidagi asosiy imkoniyat bo‘lishi mumkin. Ushbu forvard avval ham, 2009-2012 yillarda «Real» safida bo‘lgan, ammo o‘shanda ishlar o‘xshamagan. Bu safar qanday chiqadi, yangi mavsumda ko‘rib olamiz.

Sandro Tonali: «Milan» → «Nyukasl» (70 mln yevro)

Bu yozning eng shov-shuvli va eng dramatik transferlaridan biri. Tonalini Italiyada «yangi Pirlo» deb atashardi: nozik uzatmalar, intellekt, to‘pni ancha ichkaridan olib chiqish mahorati va tashqi qiyofa. Bu Sandroga yoqardi va u «Milan»da o‘ynashdan mamnun edi, u bu jamoa bilan Italiya chempioni bo‘lishga ulgurdi va Chempionlar ligasi yarimfinaliga chiqdi.

Keyin esa saudiyalik badavlat xo‘jayinlari bilan «Nyukasl» keldi va katta pul taklif etdi. Sportdagi muvaffaqiyatlariga qaramay, moliyaviy muammolardan aziyat chekayotgan «Milan» esa rad eta olmadi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, klub qaroridan xabar topgan Tonali yig‘lagan va hech qayerga ketmasligini aytgan. Ammo Sandro taqdir hukmidan qochib qutula olmadi va endi APLda o‘ynaydi. 23 yoshli yarimhimoyachi uchun plyus tomonlari ham bor: u keyingi mavsumda ham Chempionlar ligasida o‘ynaydi («Milan» ham yo‘llanma olgan), va uning faoliyatining katta qismi hali oldinda. U Italiyaga qaytishga ulguradi.

Marselo Brozovich: «Inter» → «An-Nasr» (18 mln yevro)

Marsel Brozovich. Foto: TWITTER.COM/ALNASSRFC_EN

Ro‘yxatda yana Saudiya Arabistoni haqida. Katta maosh bilan og‘dirilgan navbatdagi futbolchi Brozovich bo‘ldi. Xorvatiyalik yarimhimoyachi faoliyatining sakkiz yilini «Inter»ga bag‘ishladi va ko‘pchilik u qolishi yoki Yevropaning kuchliroq jamoasiga o‘tishini taxmin qilayotgandi — «Barselona» tomonidan qiziqish borligi haqida xabarlar chiqqandi. Ammo Marselo boshqacha o‘yladi va 30 yoshida yaxshi pul ishlab qolishga qaror qildi.

Brozovichni maoshdan boshqa qiziqtiradigan omil ham bor edi. Endi u Krishtianu Ronaldu bilan bir jamoada to‘p suradi va sovrinlar uchun kurashishda davom etadi. Yakunlangan mavsumda «An-Nasr» Saudiya Arabistoni chempionatida ikkinchi o‘rinni egalladi, shunday ekan jamoada oltin uchun hali imkoniyat bo‘ladi.

Top