O‘zbekiston | 19:07 / 11.07.2023
7267
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda metallurgiya kombinati qurilishi aholi bilan muhokama qilindi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qorao‘zak tumanidagi «Tebinbuloq» koni hududida tog‘-metallurgiya majmuasini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.

Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi

Tadbir Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan «Atrof muhitga ta’sirni baholash loyihalarini jamoatchilik eshituvlaridan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizom asosida o‘tkazildi.

Jamoatchilik muhokamasida 100 nafarga yaqin mahalliy aholi, tuman hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari, shuningdek, boshqa mutaxassis-ekspertlar hamda mustaqil jurnalistlar ishtirok etdi.

Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi

Xabarga ko‘ra, eshituv davomida qatnashchilarga loyihaning yaqin atrofda yashovchi aholi salomatligi hamda atrof-muhitga ehtimoliy ta’sirlari, ularning oldini olish chora-tadbirlari, loyihaning maqsadi va aholi qatlamlari uchun iqtisodiy jihatdan foydali tomonlari haqida ma’lumot berilgan.

Shu bilan birga, «Tebinbuloq» kombinatida 5 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilishi hamda mahalliy kasbiy mahoratiga qarab aholiga ustunlik berilishi ta’kidlangan.

Muhokamasi natijalariga ko‘ra, mazkur loyihani ko‘rib chiqilayotgan hududda amalga oshirish mumkinligi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi

Ma’lumot uchun, loyihadan maqsad mahalliy metallurgiya korxonalari va aholi ehtiyojlarini qondirish, eksport salohiyatini oshirish va importni qisqartirish maqsadida «Tebinbuloq» titan-magnetit rudasi koni negizida mahalliy xomashyodan foydalangan holda zamonaviy po‘lat quyish ishlab chiqarishini tashkil etishdir.

Mavzuga oid