10:52 / 12.07.2023
3475

O‘zbekistonda eksperimental havo kemalarini hisobga olish tartibi ishlab chiqildi

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining “Eksperimental havo kemalarini hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Nizom Havo kodeksiga muvofiq O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi (“O‘zaviatsiya”) tomonidan eksperimental havo kemalarini hisobga olish tartibini belgilaydi.

Eksperimental havo kemalari yangidan yaratilgan yoki o‘zgartirilgan havo kemalari tajribadan o‘tgan namunalariga, parvozda aviatsiya texnikasining tarkibiy qismlarini tadqiqot va sinovdan o‘tkazish uchun uchar laboratoriyalariga, fuqaro aviatsiyasida ekspluatatsiya qilishdan oldin yangi tayyorlangan seriyali ishlab chiqariladigan havo kemalari turlariga bo‘linadi.

O‘zbekiston barcha eksperimental havo kemalari “O‘zaviatsiya” agentligida hisobga olinishi lozim. Eksperimental havo kemasining konstruksiyasi texnik jihatdan tartibga solish va parvozlar xavfsizligini ta’minlash sohasidagi Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (IKAO) tavsiya etilgan amallari va xalqaro standartlariga javob berishi kerak.

Eksperimental havo kemasini hisobga olish uchun arizachi “O‘zaviatsiya” agentligiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

a) muvofiq shakl bo‘yicha ariza;
b) havo kemasi ishlab chiqaruvchi davlat aviatsiya ma’muriyati tomonidan berilgan ishlab chiqarish huquqini beradigan guvohnomasining yoki ishlab chiqarish jarayonini tashkil etish huquqini beradigan hujjatning nusxasi;
v) havo kemasi ishlab chiqaruvchi davlat aviatsiya ma’muriyati tomonidan sertifikatlangan (attestatsiyadan o‘tkazilgan) bo‘lsa, havo kemasi turining sertifikati yoki havo kemasining foydalanishga yaroqliligi to‘g‘risida guvohnoma;
g) havo kemasida uchish sinovlarini o‘tkazish dasturi va havo kemasi ushbu uchish sinovlarini amalga oshirishga tayyorligini tasdiqlovchi hujjatlar.

Eksperimental havo kemasini hisobga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarning haqqoniyligi uchun arizachi javobgar hisoblanadi. Eksperimental havo kemasini hisobga olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar arizachi tomonidan bevosita “O‘zaviatsiya” agentligiga taqdim etiladi. Hujjatlar ro‘yxat bo‘yicha qabul qilinadi, ushbu ro‘yxatda hujjatlarning nomi ko‘rsatiladi. Hujjatlar ro‘yxati ikki nusxada tuziladi, ularning bir nusxasi hujjatlar qabul qilib olingan sana to‘g‘risida belgi qo‘yilgan holda arizachiga taqdim etiladi.

“O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan hujjatlarni qo‘rib chiqish va barcha zarur tartib-taomillarni bajarish uchun yig‘im undirilmaydi. Hujjatlarni ko‘rib chiqish va barcha zarur tartib-taomillarni bajarish “O‘zaviatsiya” agentligiga taqdim etilgan hujjatlar ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n besh kalendar kun ichida amalga oshiriladi. Eksperimental havo kemasini hisobga olish va eksperimental havo kemasi hisobga olingani to‘g‘risida guvohnoma berish yoki uni hisobga olishni rad etish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish uchun “O‘zaviatsiya” agentligi vakolatli shaxsi hujjatlarni ko‘rib chiqadi va havo kemasini ko‘rikdan o‘tkazadi, uning natijalariga ko‘ra xulosani rasmiylashtiradi.

“O‘zaviatsiya” agentligining vakolatli shaxsi xulosa natijalari bo‘yicha, tegishli qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kunidan kechiktirmay eksperimental havo kemasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni eksperimental havo kemalarini hisobga olish jurnaliga kiritadi va arizachiga guvohnomani beradi yoki eksperimental havo kemasini hisobga olish rad etish to‘g‘risida yozma ravishda arizachini xabardor qiladi. Guvohnoma rejalashtirilgan uchish sinovlarini amalga oshirish uchun, arizachi tomonidan arizada ko‘rsatilgan asoslangan muddatga beriladi.

Arizachiga quyidagi hollarda eksperimental havo kemasini hisobga olish rad etilishi mumkin:

  • arizachi tomonidan eksperimental havo kemasini hisobga olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar to‘liq hajmda taqdim etilmagani;
  • arizachi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda noto‘g‘ri yoki ishonchsiz ma’lumotlar mavjudligi;
  • hujjatlarni ko‘rib chiqish va havo kemasini ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha asoslantirilgan salbiy xulosa mavjudligi.

Eksperimental havo kemasini hisobga olishni boshqa asoslarga ko‘ra, shu jumladan maqsadga muvofiq emas degan vajlar bilan rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Top