7 aprel, yakşanba kuni Yaman qirğoqlari yaqinida ikkita kemaga hujum uyuştirildi, deb xabar berdi Britaniyaning Ambrey dengiz xavfsizligi kompaniyasi. Unga köra, Yamanning Al-Mukalla şahridan taxminan 102 dengiz milyasi janubi-ğarbda bitta kema hujumga uçragan.
Kompaniya yaqin atrofdagi kemalar ekipajlarini ehtiyot böliş va har qanday şubhali harakat haqida xabar beriş haqida ogohlantirdi. Ambrey hujumni kim amalga oşirganini aniqlaştirmadi. Avvalroq u Yamanning Aden portidan janubi-ğarbda, Adan körfazidagi kema yaqiniga snaryad tuşgani haqida xabar bergan edi.
UKMTO: Ekipaj xavfsiz holatda
Britaniya HDK qoşidagi Dengiz savdo taşuvlarini muvofiqlaştiriş markazi (United Kingdom Maritime Trade Operations, UKMTO) ma’lumotlariga köra, hodisa Aden portidan 59 dengiz milyasi janubi-ğarbda sodir bölgan, «raketa kemaga yaqin joyda suvga tuşgan».
«Kemaga şikast yetganligi haqida xabarlar yöq va ekipaj xavfsiz holatda», - deyiladi UKMTO bayonotida. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ayni paytda, isyonçi «Ansor Alloh» harakatidan yamanlik husiyçilar Qizil dengizda Britaniya kemasi va bir qator Amerika fregatlariga, şuningdek, Arab dengizi va Hind okeanida Isroil portlariga yöl olgan ikkita Isroil kemasiga zarba berganini ma’lum qildi. Harbiy amaliyotlar oxirgi 72 soat içida amalga oşirildi, dedi harakatning harbiy vakili Yahyo Sariya sözlarini keltirgan Reuters. U hujumlar haqida boşqa ma’lumot bermadi.
Oxirgi 24 soat içida uçta hodisa
UKMTO va Ambrey xabarlariga köra, yakşanba kungi hujumlar Yamanning Xodeyda port şahri janubi-ğarbidagi kema yaqinida ikkita raketa aniqlanganidan bir neça soat ötib sodir bölgan. UKMTO ma’lumotlariga köra, bitta raketa AQŞ boşçiligidagi koalitsiya kuçlari tomonidan tutib olingan, ikkinçisi esa kema yaqinidagi suvga qulagan.
Yamanning Eron tomonidan qöllab-quvvatlangan husiyçilari 2023 yilning noyabr oyidan beri Qizil dengizdagi ğarb savdo kemalariga dronlar va raketalar bilan hujum qilib kelmoqda. Guruh öz harakatlarini Isroilning Ğazo sektoridagi harbiy amaliyotlariga norozilik deb atadi va Isroil bilan boğliq barça kemalarga hujum qilişga va’da berdi. Ayni paytda, nafaqat harbiy kemalar, balki turli davlatlarning savdo kemalari ham husiyçilar nişoniga aylanmoqda.













