Zelenskiy va Stoltenberg Vilnyusdagi NATO Sammitida. 2023 yilning 12 iyuli.
Foto: Ins Kalnins / Reuters / Scanpix / LETA

Vilnyusda o‘tgan NATO sammitining asosiy yakuni Ukrainaning alyansga rasmiy taklif olmagani bo‘ldi. Zelenskiy ittifoqchilarni qo‘rqoq, deya tanqid ostiga oldi, biroq NATO a’zolari o‘zinikini ma’qullashda davom etdi.

Xo‘sh, g‘arbdagilar nimadan cho‘chishmoqda? Nega Ukrainani hoziroq NATOga qabul qilish, yoki bu qachon ro‘y berishini aniq aytish mumkin emas?

«Meduza» nashri Rossiya va NATO munosabatlarini chuqur o‘rgangan siyosatshunos, Nyu-Yorkdagi Barnard kolleji va Kolumbiya universitetining Harriman institutining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Yevrosiyo tadqiqotlari bo‘yicha professori Kimberli Marten bilan suhbatlashdi.

— NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Ukrainaning «a’zo bo‘lish jarayoni soddalashtirilishi»ni aytdi, biroq alyans a’zolari hozircha uni taklif etishga tayyor emas. Volodimir Zelenskiy esa NATOga a’zo bo‘lishning muayyan muddatlarini qo‘lga kirish niyatida. Uning bu umidlari nechog‘lik asosli?

— Ukraina rahbariyatidan bunday istaklarni eshitayotganimiz ajablanarli emas, deb o‘ylayman. Ular NATOga tezroq a’zo bo‘lishni istashadi. Lekin hozirning o‘zida ularni taklif qilish juda qiyin ish.

Biz urush tugagach Ukrainadagi ichki siyosat va iqtisodiy holat qanday bo‘lishini hozirdan aniq ayta olmaymiz. Hozir aniq e’tirof etishimiz mumkin bo‘lgan narsalar — Ukrainda nihoyatda jasur ekani va g‘arb davlatlariga yaxshi sherik ekanini isbotlash uchun ko‘p narsalarni amalga oshirgani.

Zelenskiy bu harakatga yetakchilik qildi, lekin Ukrainadagi bo‘lg‘usi saylovlarda Zelenskiy o‘rniga yangi prezident kelsa nima bo‘lishini bilmaymiz. Biz urush yakunlariga ko‘ra Ukraina ancha hududlaridan ayrilib qolsa nimalar bo‘lishini, radikal qarashdagi siyosiy harakatlar o‘sishi nuqtayi nazaridan, bu kelgusida nimani anglatishini ham bila olmaymiz.