21:29 / 13.07.2023
3246

O‘zbekiston va Turkiya parlamentlararo aloqalari muhokama etildi 

Shuningdek, savdo va iqtisodiyot, investitsiyalar, agrar, transport, energetika va madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. 

Foto: senat.uz

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Turkiya parlamenti Tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Fuat O‘qtoy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Uchrashuv kun tartibidan parlamentlararo aloqalar, shuningdek, savdo va iqtisodiyot, investitsiyalar, agrar, transport, energetika va madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin oldi. 

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik, keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarining sur’ati ikki mamlakat yetakchilarining rasmiy tashrifi va muntazam muloqoti natijasida yangi bosqichga ko‘tarilib borayotgani, bunda O‘zbekiston – Turkiya strategik sheriklik kengashining o‘rni alohida ekani qayd etildi. 

Ikki davlat munosabatlarida parlamentlararo hamkorlikning ahamiyati ortib borayotgani, keyingi yillarda muntazam muloqotlar va tashriflar faollashgani o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. 

Oliy Majlisning Turkiya Buyuk Millat Majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi va «Turkiya – O‘zbekiston» parlamentlararo do‘stlik guruhi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda oliy darajada erishilgan kelishuvlar asosida qabul qilingan «yo‘l xaritalari»da belgilangan vazifalar ijrosi ustidan tizimli parlament nazoratini amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi. 

Shuningdek, parlamentlarning tegishli qo‘mitalari o‘rtasida savdo, iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, bank-moliya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda muloqotlarni davom ettirish har ikkala mamlakat uchun manfaatli ekaniga urg‘u berildi. 

Jumladan, Fuat O‘qtoy «O‘zbekiston o‘lkasi barchamiz uchun yagona turkiy sivilizatsiyaning bosh bulog‘i bo‘lishi bilan birga, bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasidagi tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda eng muhim tashabbuslari bilan markaziy strategik rol o‘ynayotgan davlat, deb bilamiz. Davlatlarimiz o‘rtasidagi turli yo‘nalishlardagi aloqalarni rivojlantirishga oid parlamentlararo hamkorlik qanchalik zich va faol bo‘lsa, ikki tomonlama keng qamrovli muloqotimiz natijalari shunchalik samarali va bardavom bo‘ladi. Shu ma’noda biz qardosh O‘zbekistonni yaqin davrda Turkiy tilli davlatlar Parlament Assambleyasining to‘laqonli a’zosi sifatida ko‘rishga katta umid bog‘laymiz», deb ta’kidladi. 

Uchrashuvda shuningdek, mamlakatlar hamkorligiga oid istiqboldagi reja hamda qo‘shma loyihalar yuzasidan fikr almashildi. 

Top