O‘zbekiston | 20:53 / 13.07.2023
9020
2 daqiqa o‘qiladi

Vaxta usulida ishlashni tashkil etish tartibi belgilandi 

Vaxta usuli - bu ishchilarning doimiy yashash joyidan tashqarida, doimiy yashash joyiga har kuni qaytishini ta’minlashning iloji bo‘lmaganda mehnat jarayonini amalga oshirish maxsus shakli. 

Hukumat qarori bilan «Vaxta usulida ishlashni tashkil etish tartibi to‘g‘risida»gi namunaviy nizom tasdiqlandi. 

Unga ko‘ra, vaxta usulida ishlashni quyidagi holatlarda qo‘llash mumkin: 

- o‘rmon xo‘jaligi, geologiya-qidiruv, aloqa va temiryo‘l transporti tashkilotlarida;

- qurilish-montaj, shuningdek, rekonstruksiya-ta’mirlash ishlarini amalga oshirayotgan qurilish tashkilotlarida;

- energetika obektlaridan foydalanishda (ekspluatatsiya qilishda);

- neft va gaz sanoati obektlarida, shu jumladan, quvur o‘tkazuvchi, xizmat ko‘rsatuvchi va ta’mirlash ishlarini bajaruvchi tashkilotlar hamda quvur transporti tashkilotlarida;

- rangli va qimmatbaho metallar, ko‘mir va boshqa tabiiy boyliklar konlarini o‘zlashtirishda;

- vaxta usuli qo‘llangan tashkilotlar xodimlariga xizmat ko‘rsatayotgan tibbiy, savdo va umumiy ovqatlanish, transport tashkilotlarida;

- avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda boshqa tashkilotlarda. 

Vaxta usulida ishlarni tashkil etish bilan bog‘liq barcha xarajatlar ish beruvchi hisobidan amalga oshiriladi. 

Vaxta usulida bajariladigan ishlarga quyidagilar jalb qilinishi mumkin emas:

- 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlar;

- homilador ayollar;

- 3 yoshgacha bo‘lgan farzandini tarbiyalayotgan ota-onadan biri (vasiy);

- tibbiy xulosaga muvofiq vaxta usulidagi ishlarni bajarishiga qarshi ko‘rsatmalar bo‘lgan shaxslar. 

Ish beruvchi tomonidan vaxta usulida ishlaydigan xodimlar transport, savdo-maishiy xizmatlar hamda kuniga uch mahal issiq ovqat bilan markazlashgan holda ta’minlanadi va ularning ovqatlanishi uchun sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga javob beradigan sharoitlar yaratiladi. 

Bunda hisobga olingan davr uchun har kungi ish vaqtining maksimal davomiyligi 12 soatdan oshmasligi kerak. 

Vaxta usulida ishlayotgan xodimlarga mehnat ta’tili vaxta smenasi oralig‘idagi dam olish vaqtida berilishi mumkin emas. 

Mavzuga oid