Jahon | 22:22 / 14.07.2023
31184
2 daqiqa o‘qiladi

«Agar kelmasa, xursand bo‘lardik» - JAR hukumati Putinning BRICS sammitidagi ishtiroki haqida 

Janubiy Afrika Xalqaro jinoyat sudi oldidagi majburiyatlarini buzmasdan Putinni hibsga olmaslik yo‘llarini izlamoqda. 

Foto: AP

Rossiya Janubiy Afrika prezidenti Siril Ramafosaning avgust oyida bo‘lib o‘tadigan BRICS sammitida Rossiya delegatsiyasiga Vladimir Putin o‘rniga Sergey Lavrov rahbarlik qilishi haqidagi iltimosini rad etdi. Bu haqda Afrika davlati vitse-prezidenti Pol Mashatile ma’lum qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bilan Putinning sammitdagi ishtiroki masalasida muzokaralar davom etmoqda. 

«Biz Rim statuti bilan bog‘liq ekanimizni tushunamiz, lekin biz kimnidir taklif qilib, keyin uni hibsga ololmaymiz... Agar u kelmasa xursand bo‘lardik», deb Mashatile so‘zlarini keltirdi Bloomberg. 

Vitse-prezidentning qayd etishicha, sammitni Xitoyga ko‘chirish haqidagi variantni Hindiston va Braziliya rad qilgan. Uni «virtual formatda» o‘tkazishga esa barcha davlatlar qarshi chiqqan. 

Avvalroq, Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Siril Ramafosa o‘z mamlakatida bo‘lib o‘tadigan BRICS sammiti barcha besh davlat (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika) prezidentlari ishtirokida yuzma-yuz o‘tkazilishini aytgan edi. 

Iyun oyi boshida Reuters agentligi Janubiy Afrika Xalqaro jinoyat sudi oldidagi majburiyatlarini buzmasdan Putinni hibsga olmaslik yo‘llarini qidirayotganini yozdi. 

Mart oyida Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi Putinni hibsga olishga order berdi. Rossiya prezidenti insoniyatga qarshi jinoyatni sodir etganlikda, ya’ni Ukrainadagi bolalarni noqonuniy deportatsiya qilganlikda gumonlanmoqda. 

Endi Rim statutini ratifikatsiya qilgan 123 davlatdan har biri Putinni hibsga olishga majbur. Ular orasida JAR ham bor. 

Vladimir Putin BRICS sammitida ishtirok etishga taklif olgan, ammo uning qanday formatda ishtirok etishi hozircha ma’lum emas. 

Mavzuga oid