O‘zbekiston | 20:36 / 19.07.2023
24442
2 daqiqa o‘qiladi

L-410 samolyoti Toshkent va Samarqand o‘rtasida qatnaydi 

Muntazam aviaparvozlar 20 iyuldan boshlanadi. 

Foto: Uzbekistan Airways

Uzbekistan Airways kompaniyasi 20 iyuldan boshlab Toshkent–Samarqand–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha har kuni L-410 samolyotida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi. 

HY1001 reysi Toshkentdan soat 8:30 da uchadi va Samarqandga soat 9:55 da qo‘nadi. 

HY1002 reysi Samarqanddan soat 10:55 da uchadi va Toshkentga soat 12:20 da qo‘nadi. 

Toshkent-Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta narxi 104 ming so‘mdan boshlanadi. Toshkent-Samarqand-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta narxi 182 ming so‘mdan boshlanadi. 

Iyun oyida Uzbekistan Airways Chexiyaning LET Aircraft Industries zavodi bilan ikkita Let L-410 UVP-E20 turbovintli samolyot sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolagan edi. 15 iyul kuni birinchi samolyot O‘zbekistonga yetib keldi. 

LET L-410 «Turbolyot» - mahalliy aviakompaniyalar uchun mo‘ljallangan, yengil, ko‘p maqsadli ikki dvigatelli samolyot bo‘lib, 1966-1967 yillarda Chexoslovakiyaning Let Kunovice aviatsiya zavodi konstruktorlik byurosi (hozir Chexiyaning LET Aircraft Industries zavodi) tomonidan ishlab chiqilgan.  

Samolyot maxsus tayyorlanmagan, asfaltlanmagan, o‘tloqli yo‘laklarda, qorli hududlarda, shuningdek, qisqa uchish-qo‘nish yo‘laklari bo‘lgan aerodromlardan uchish uchun mo‘ljallangan. 19 yo‘lovchi yoki 1,8 tonna yukni 1500 km masofaga tashishga qodir.

Mavzuga oid