Jahon | 19:58 / 22.07.2023
22588
2 daqiqa o‘qiladi

«Bu bizning maqsadimiz va u zararsizlantirilishi kerak» - Zelenskiy Qrim ko‘prigi haqida 

Ukraina prezidenti so‘zlariga ko‘ra, Qrim ko‘prigi - «noqonuniy, xalqaro huquq me’yorlariga zid tarzda qurilgan obekt». 

Foto: AP

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning Krasnodar o‘lkasini anneksiya qilingan Qrim bilan bog‘lovchi ko‘prikni ukrainalik harbiylar nishoni deb bilishini aytdi. Bu haqda u Aspen xavfsizlik forumida gapirdi.

«Biz uchun bu noqonuniy, xalqaro huquq me’yorlariga zid tarzda qurilgan obekt. Shuning uchun ham u bizning maqsadimiz, urush olib keladigan har qanday maqsad zararsizlantirilishi kerak», dedi Ukraina prezidenti.

Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, Qrim ko‘prigi «kichik logistika yo‘li» bo‘lib, u orqali Rossiya qo‘shinlari Ukrainadagi zarbalar uchun ishlatiladigan o‘q-dorilarni olmoqda.

Qrim ko‘prigi 2018 yilda foydalanishga topshirildi va avtomobil bilan temir yo‘l uchastkasiga ega. Ukrainalik harbiylar va mustaqil ekspertlarning ta’kidlashicha, bu Ukraina janubidagi Rossiya qo‘shinlari ta’minotining asosiy yo‘nalishlaridan biri.

17 iyulga o‘tar kechasi Qrim ko‘prigida portlash sodir bo‘ldi, bu to‘liq miqyosli urush boshlanganidan beri ikkinchi portlash. Ko‘prikning avtomobil yo‘li qismi vayron qilindi, mashinada ketayotgan er-xotin halok bo‘ldi va ularning 14 yoshli qizi yaralandi.

Uni qayta tiklash uchun, Rossiya rasmiylariga ko‘ra, bir milliard rubl kerak.

Ukraina Qrim ko‘prigidagi portlash holatlariga aloqador ekanini rasman tan olmagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid