Jahon | 20:45 / 23.07.2023
33548
15 daqiqa o‘qiladi

«Kissinjyerning diplomatik donishmandligi»: AQShning sobiq davlat kotibi Pekinga nega bordi?

AQShning sobiq davlat kotibi 100 yoshli Henri Kissinjyer Pekinga tashrif buyurdi va u yerda XXR raisi Si Jinping va mudofaa vaziri Li Shangfu bilan uchrashdi.

Si Jinping Genri Kissinjyerni iliq qarshi oldi va uni Xitoyning do‘sti, deb atadi. Foto: Reuters

Keyingi uchrashuv yanada qiziq, chunki yaqindagina Li Shangfu o‘zining rasman amerikalik hamkasbi, Pentagon rahbari Lloyd Ostin bilan uchrashuvni rad etgan edi.

May oyida o‘zining bir asrlik yoshini qarshi olgan Kissinjyer AQSh-Xitoy munosabatlarida qandaydir ilgarilashga erishganini aytish qiyin, lekin Si Jinping uni juda iliq qarshi oldi: davlat televideniyesi kadrlarida ko‘rinishicha, Xitoy raisi unga jilmayib, ko‘rib turganidan xursandligini aytgan.

«Biz hech qachon o‘zimizning eski do‘stlarimizni, ularning AQSh-Xitoy munosabatlarini, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikni rivojlantirish uchun qo‘shgan hissasini unutmaymiz», — dedi Si Jinping.

Janubiy-sharqiy Osiyodagi barcha davlatlar ham Kissenjyerga Xitoydagidek iliq munosabatda emas. Bu ayniqsa uning Viyetnamda bo‘lib o‘tgan urushdagi roli bilan bog‘liq. Kissenjyer avval urushni qo‘llab-quvvatlagan, keyin esa imkon qadar tezroq va kamroq yo‘qotishlar bilan Viyetnamni tark etish kerak, deb hisoblagan. Bu holatda u 1975 yilgacha, rejim qulagunicha Janubiy Viyetnamni qo‘llab-quvvatlagan va kommunistik shimol yetakchilari sobiq davlat kotibini yoqtirishmagan.

Biroq rasmiy Xitoy uning tashqi dunyo, xususan AQSh bilan munosabatlarini tiklashda yordam bergan sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi. Aynan uning harakatlari sharofati bilan Xitoyning tashqi siyosiy yo‘nalishi va iqtisodiyoti G‘arb tomon yuz tutgan.

Kissinjyer 1971 yilda Xitoyda. Bu uchrashuv natijasida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar normallasha boshlagan. Foto: Bettmann Archive / Getty Images

1971 yilda, AQSh va Xitoy o‘rtasida hech qanday munosabatlar bo‘lmagan pallada, prezident Richard Niksonning tashrifini tayyorlash uchun Kissinjyer Pekinga xufiyona keladi. Tashrif kelgusi yili bo‘lib o‘tadi va AQSh prezidenti mamlakatning oliy yetakchilari, jumladan «buyuk boquvchi» Mao Jyedong bilan ham uchrashadi. Bunga Kissenjyerning sa’y-harakatlari bilan AQSh Tayvanni XXRning bir bo‘lagi deb tan olgani va u yerdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishga rozi bo‘lgani tufayli erishilgan.

Bu tashrifdan so‘ng AQSh-Xitoy munosabatlari normallasha boshladi va Xitoy iqtisodiyoti dunyoga yuz tutdi. Bu diplomatik jadallash o‘sha paytdagi SSSRga mutlaqo yoqmasdi, bu ham AQSh tashqi siyosatining bir yutug‘i edi.

Iste’fodagi diplomat nima qilishi mumkin?

Bir tomondan olib qaralsa — hech narsa. Boz ustiga AQSh Davlat departamenti Kissinjyer Xitoyga «AQSh hukumati nomidan emas, o‘z ixtiyori bilan borgani» haqida bayonot berdi.

Kissinjyer va Si Jinping uchrashuvi ko‘chalarda o‘rnatilgan ekranlarda namoyish qilindi. Foto: Getty Images

Boshqa tomondan, norasmiy tashriflar chog‘ida rasmiy diplomatiyani o‘zi kirib qolgan boshi berk ko‘chadan chiqarish bo‘yicha kelishuvlarga erishish va takliflar ilgari surish mumkin.

Bugungi kunga kelib AQSh va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarni ishonchga asoslangan, deb atab bo‘lmaydi. Ayniqsa, havo sharlari bilan bog‘liq voqealardan so‘ng: Pekinning ta’kidlashicha, ular oddiy meterologik kuzatuvlar bilan shug‘ullangan, Vashington fikricha, razvedka ma’lumotlarini to‘plagan.

Oddiy inson sifatida Genri Kissinjyer rasmiy protokolga bog‘lanmagan, ochiqcha va qisqartmalarsiz gapirishi mumkin, bu esa unga ham, uning xitoylik hamsuhbatlariga ham katta erkinlik beradi. U Vashington nimadan tashvishda ekanligi va Xitoydan nima istayotganini ayta oladi.

Xuddi shuningdek, Xitoy tomoni ham to‘g‘ridan to‘g‘ri gapirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Norasmiy mehmon vijdoni qiynalmasdan, kelgusida diplomatik mojaro kelib chiqishidan cho‘chimasdan, istagan odami bilan uchrashishi mumkin. Masalan, Rossiyadan qurol-yarog‘ xarid qilgani uchun 2018 yildan buyon AQSh sanksiyalari ostida bo‘lgan XXR mudofaa vaziri Li Shangfu bilan ham. Aynan o‘sha sanksiyalar o‘tgan oyda Singapurda o‘tgan forumda Pekin uning amerikalik hamkasbi Lloyd Ostin bilan uchrashuvini tasdiqlashni rad etishiga sabab bo‘lgandi.

Aloqalarni tiklash

O‘tgan yilning dekabrida bergan intervyusida Genri Kissinjyer Jo Bayden va undan avvalgi prezident Donald Trampni Xitoyga nisbatan siyosati uchun tanqid ostiga olgan. Kissenjyer AQShning hozirgi hokimiyati Xitoyni turli qonunsizliklarda ayblovchi muloqot o‘rnatishga harakat qilmoqda, shuning uchun har ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

Janubiy Xitoy dengizida AQSh, Yaponiya va Filippinning uchtomonlama harbiy-dengiz mashqlari Xitoyning agressiv siyosatini tiyib turishga qaratilgan. Foto: Jes Aznar

AQSh bilan savdo hamkorligi Xitoy uchun shak-shubhasiz muhim ekaniga qaramasdan, u o‘zining siyosiy va hududiy ambitsiyalaridan voz kechmoqchi emas.

Bu munosabatni Kissenjyer bilan uchrashuvda XXR Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi tashqi ishlar bo‘yicha komissiyasi devonxonasi mudiri Vang I hammadan ham yaxshiroq ifodalab berdi. U bir necha haftadan buyon omma oldida ko‘rinish bermayotgan tashqi ishlar vaziri Chin Gang emas, lekin uning rahbari hisoblanadi. Vang I Xitoyni o‘zgartirish imkonsiz, ayniqsa uni qurshab olib, tiyishga harakat qilmaslik kerak, dedi.

AQSh va Xitoy sayyoradagi ikkita barqudrat davlat bo‘lib qolgani hisobga olinsa, o‘zaro qarama-qarshilikda ular prinsiplar va ochiq e’lon qilingan manfaatlarning bahridan o‘ta olishmaydi.

Pekin AQShning ikki davlat qurolli kuchlari o‘rtasidagi aloqalarni tiklash so‘rovini rad etdi. Vashingtonning fikricha, bu Hind-Tinch okeani mintaqasida tinchlikni saqlash uchun muhim ahamiyatga ega.

Tayvan atrofidagi xalqaro suvlarda kuchini namoyon etayotgan xitoylik harbiylarning qandaydir xatosi tasodifiy, biroq o‘ta xavfli harbiy mojaroni provokatsiya qilish xavfi ham bor.

Garchi AQSh Davlat departamenti Kissenjyerning Xitoyga tashrifi norasmiy ko‘rinishda ekanini ta’kidlagan bo‘lsa-da, uning vakili Kissenjyer uyga qaytgach o‘z kuzatuvlari bilan bo‘lishishi mumkinligi, ular esa diplomatni eshitishga tayyor ekanliklarini bildirgan.

Iste’fodagi diplomatning Pekinga tashrifi AQShning iqlim masalalari bo‘yicha maxsus vakili Jon Kerrining tashrifiga to‘g‘ri keldi, AQSh moliya vaziri Jannet Yyellen va Davlat kotibi Entoni Blinkenning tashrifidan so‘ng ro‘y berdi.

Bu esa eng kamida har ikki davlat munosabatlarda iliqlik ro‘y berishini istayotgani bildiradi, garchi Si Jinping Yyellen bilan ham, Kerri bilan ham uchrashmagan bo‘lsa-da.

Aylanib o‘tuvchi yo‘l

Kissinjyer o‘zining so‘nggi siyosiy lavozimini 1977 yilda tark etgan, shundan so‘ng ham bir necha bor Xitoyda bo‘lgan, AQSh hokimiyatini bu davlatga nisbatan dushmanona munosabatda bo‘lishdan bir necha bor qaytargan.

2022 yilning 24 fevrali: XXRning AQShdagi o‘sha paytdagi elchisi Chin Gang Richard Nikson kutubxonasi va muzeyida o‘rnatilgan Richard Nikson va Xitoy bosh vaziri Jou Enlay haykali oldidan o‘tib bormoqda. Foto: Getty Images

Pekinning yaqindan boshlab osha boshlagan jangovarligi AQShning Osiyodagi harbiy ishtirokining kengayishiga olib keldi. Bu bilan AQSh Xitoyga qarshi harakatni kuchaytiribgina qolmasdan, Hind-Tinch okeani mintaqasida XXR va KXDR tomonidan nodo‘stona harakatlar amalga oshirilgudek bo‘lsa, Amerika o‘z ittifoqchilarini tashlab qo‘ymasligiga ishontirmoqchi.

AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan o‘tkazilayotgan harbiy manyovrlar, AQSh vakillar palatasi sobiq rahbari Nensi Pelosining Tayvanga kutilmaganda tashrif buyurishi Pekinning g‘azabli ritorikasini provokatsiya qildi.

Har ikki davlat rahbarlari bir-birining manziliga ayblovchi bayonotlar yog‘dirayotgan bir vaziyatda Kissenjyerning Xitoy bo‘yicha ulkan tajribasi, XXR rahbariyatining unga nisbatan iliq munosabati undan ehtimolli AQSh-XXR muzokaralarini o‘tkazish uchun «aylanib o‘tiladigan yo‘l» sifatida foydalanish uchun qulay yo‘l bo‘ldi.

Si Jinping, masalan, Kissinjyerni xorijiy diplomatlar bilan rasmiy uchrashuvlar o‘tkaziladigan Pekindagi Katta yig‘inlar zalida emas, Daoyuytay davlat qarorgohida — do‘stona suhbat olib borish mumkin bo‘lgan sokin joyda qabul qildi.

Xitoyliklar rasmiy protokolga og‘ishmay amal qilishini ham unutmaslik kerak, demak rasmiy qabullar zali xos shaxs uchun yaramaydi.

Bu holda Si Jinping yarim asr muqaddam Kissenjyer xitoylik rasmiy shaxslar bilan muzokara olib borgan, AQSh-XXR munosabatlari normallashuvi boshlangan joyda uni qabul qilayotganiga urg‘u berdi.

Vaqtinchalik jimlik

Ta’kidlash joizki, Kissenjyerni nafaqat Xitoy yetakchisi do‘stona qabul qildi. U Penkinga uchib kelganidan so‘ng uchrashgan barcha oliy martabali amaldorlar Vashington va Pekin o‘rtasidagi munosabatlarda ikki barqudrat davlat o‘zaro hurmatga, hamkorlik va tinchlikka intilishi kerakligini aytishdi.

Kissinjyer Xitoyda 2019 yilda o‘tgan iqtisodiy forumda. U suratda Si Jingpingning o‘ng tarafida turibdi. Foto: AFP

Xitoy OAVlarining reportajlarida Kissenjyer o‘zini «Xitoyning do‘sti» deb atagani, AQSh ham, Xitoy ham bir biriga dushmanona munosabatda bo‘lishni o‘ziga ep ko‘rmasligi, har ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar butun jahonda tinchlik hukm surishi va ikki davlat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega ekanligi ma’lum qilindi.

Hokimiyatning yuqori eshelonlari kayfiyatini doimo aks ettiruvchi Xitoy davlat OAVlari sobiq davlat kotibi tashrifini ma’qullov tonlarida yoritdi, ijtimoiy tarmoqlarning ko‘plab foydalanuvchilari uning qat’iyatidan hayratga tushishdi, bu yoshda dunyoning yarmisini bosib o‘tib, xizmat safariga kelish chindan ham hurmatga loyiq harakat, deb baholashdi.

Ularning ayrimlari esa donishmand siyosatchilar tobora kamayib borayotgani, shu sababli AQSh asr bilan yuzlashgan odamni jo‘natishga majbur bo‘lganini pisanda qilishdi; boshqalari esa Amerika diplomatik donishmandlikka muhtoj bo‘lgani sababli Kissenjyer tashabbusni o‘z qo‘liga olganidan xursandligini izhor qilishdi.

Shanghaydagi Fudan universiteti xalqaro tadqiqotlar fakulteti dekani U Sinbo Xitoyning Kissenjyerga nisbatan iliq munosabati XXRning «eski do‘stlar»ga qanday ahamiyat berishidan dalolat ekanligini ta’kidlagan.

«Bu ramziylik juda muhim. Fikrimcha, Kissenjyerning Xitoyga tashrifi AQSh va XXR o‘rtasidagi munosabatlar uzoq muddatli istiqbolni o‘ylab qurilishi lozimligi haqida belgi berishi kerak. Oniy lahzali siyosiy ehtiyojlarga urg‘u berilmasligi lozim», — degan U Sinbo

Kissinjyer, tabiiyki, Xitoy bilan bog‘liq ishlarda yangi odam emas, u bu davlatga yuzlab marta kelgan. Uning Si Jinping bilan avvalgi uchrashuvi 2019 yilda bo‘lib o‘tgan.

Aftidan, havo sharlari bilan bog‘liq voqealari tufayli chuqurlashgan bir necha oylik adovatdan so‘ng diplomatik aloqalar sekin-asta tiklana boshlagan.

Kissenjyerga ko‘rsatilgan ochiq va iliq hurmat-ehtiromdan so‘ng Pekin Vashington bilan yanada kengroq hamkorlik qilishni istayotganini bildirgan. Masalan, Van I AQShning Xitoyga nisbatan munosabati Kissenjyerning diplomatik donishmandligi, Niksonning siyosiy jasoratiga muhtoj ekanini ta’kidlagan.

Turlicha ustuvorliklar

Sobiq davlat kotibiga ko‘rsatilgan iliq qabul ham, AQSh amaldorlarining rasmiy tashriflari ham Xitoy har qanday holatda o‘z ustuvor maqsadlarini o‘zgartirmasligi faktiga ta’sir o‘tkaza olmaydi.

Kissinjyer 2018 yilda Pekinga tashrifi chog‘ida. O‘shanda ham Si Jinping u bilan uchrashgan edi. Foto: AFP

Avstraliyadagi milliy universiteti siyosatchisi Venti Sunning aytishicha,  Pekin Kissenjyerning tashrifidan so‘ng o‘z do‘stiga minnatdorlik sifatida ham, uning obro‘yini ko‘tarib qo‘yish uchun ham qandaydir ezgu niyat qadamlarini tashlashi mumkin.

«Lekin AQSh va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar asosini o‘zgartirishini kutmanglar. Ular xususiy simpatiyalar bilan emas, Pekinning nimalarni o‘z milliy manfaatlari deb hisoblasa, o‘shalar asosida aniqlanadi», — degan Sun BBC’ga bergan intervyusida.

Kissenjyer o‘tgan yili Kiyev ayrim hududlarini Moskvaga topshirishi kerakligi va Ukraina neytral davlat bo‘lib qolishi lozimligini ta’kidlab, tanqidlar yomg‘iri ostida qolib ketgan edi.

Pekin ham tinchlik evaziga Ukraina ayrim hududlaridan voz kechishini taqozo etuvchi tinchlik rejasini ilgari surib keladi.

Biroq, shu yilning yanvarida Kissenjyer o‘z fikrini o‘zgartirganini, endi kelajakda Ukraina NATOga a’zo qilinishi lozim, deb hisoblashini ta’kidlagan.

Davosdagi forumda chiqish qilar ekan u «Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi to‘g‘ri yakun bo‘lishi, joriy vaziyatda Ukrainaning neytralligi ma’noga ega emasligi»ni aytgan.

Bir vaqtning o‘zida Amerika diplomatiyasi faxriysi Moskva bilan muloqotlarga chorlagan, G‘arb davlatlari va Rossiya o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri urushning oldini olish muhimligini ta’kidlagan, kelajakda bu krizislar yengib o‘tilgach, Moskvaga xalqaro munosabatlar tizimiga qaytish uchun imkoniyat qoldirilishi lozimligini yoqlab chiqish qilgan.

Mavzuga oid