«Onam chaqiryapti deb qizimni olib ketgandi» – zo‘rlik qurboni bo‘lgan qiz o‘limi bo‘yicha tafsilotlar
20 iyul kuni Farg‘onada 11 yoshli qizchaning murdasi zo‘rlash va qotillik alomatlari bilan topilgandi. Bosh prokuratura 17 yashar yigit ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanib qo‘lga olinganini ma’lum qilgan. Marhumning otasi qizi kamida uch kishi tomonidan zo‘rlangan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.
Farg‘ona shahri Yangi Asr ko‘chasida joylashgan qurilishi tugallanmagan bino yonidan 11 yoshli qizchaning murdasi zo‘rlash va qotillik alomatlari bilan topilgan holat yuzasidan yangi tafsilotlar ochiqlandi.
Qizaloqning yaqinlari tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 19 iyul kuni o‘zlariga tanish bo‘lgan oila farzandi — 2006 yilda tug‘ilgan, Farg‘ona shahridagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi qizning uyiga kelib onasi uni chaqirayotganini aytgan va uydan olib chiqib ketgan. 11 yoshli qizaloq ota-onasining yolg‘iz qizi bo‘lgan.
«Qizimning qulog‘i tagiga temir bilan urishgan. Keyin bittasi uyidan adyol olib chiqib, uchta bola nima qilsa qilibdi», deydi alam bilan marhum qizning otasi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati voqea sodir bo‘lgan kuni gumonlanuvchining yonida bo‘lgan ikki nafar sherikning ushbu jinoyatga aloqadorligi ham tekshirilayotganini bildirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, hodisa sodir bo‘lgan kuni qizning onasi ko‘richak xuruji bilan operatsiya bo‘lgan.
«19 iyul kuni soat olti yarimlarda apenditsitim ushlab qolgandi. Domkomimiz tez yordam chaqirib berdi. O‘g‘lim men bilan birga tez yordam mashinasida banisaga bordi. UZIga tushdim. O‘g‘limga: «Pasportim kerak ekan, borib olib kelgin», deb aytdim», degan marhumning onasi Qizlarxon Isomiddinova Vodiy24 kanaliga bergan intervyusida.
Ayol shifoxonada yotgan vaqtda oilaga tanish oilaning o‘g‘li (gumondor) kelib, Marjonani onasi chaqirayotganini aytib, olib chiqib ketadi. Qizning otasi uning so‘zlariga ishonib, farzandini u bilan birga yuboradi.
«O‘g‘lim onasini banisaga tashlab keldi. Operatsiya bo‘lgandi soat 12 da. Bolalarim o‘sha yerda kutib turishdi. Operatsiya tugagandan keyin do‘xtirlar o‘g‘lim bilan qizimga «uyga boraveringlar», deyishibdi. Menga telefon qilishgandi: «Qaytaveringlar!» deb aytdim. Qizim akasi bilan uyga keldi.
Birpasdan keyin bitta bola kelib ayam Marjonani chaqiryapti, ishi borakan dedi. Xotiningiz biladi uyimizni deb aytdi. «Telefon raqamingni ber», deb so‘rasam: «Telefonim uyda zaryadkada, qizingizni darrov qaytarib olib kelaman», deb javob qildi. Men ham uning nima xayolda ekanini sezmasdan: «Bor, tezroq qaytgin, qizim» deb o‘sha bola bilan birga yuboribman. Birga ketishdi.
Oradan bir soat o‘tdi, yo‘q. Keyin o‘g‘limga aytdim, u bolaning otini bilasanmi desam, bilmayman dedi. Men ham so‘ramabman. O‘g‘lim bilan birga o‘sha bolani rosa axtardik. Soat ikki, uch bo‘ldi, yo‘q. Domlarning orasida yurib «Marjona, Marjona», deb rosa baqirdim. Qon bosimim tushib ketdi. Nima qilishimni bilmasdan uyga qaytdim, haliyam uyga kelmagan ekan», deydi u.
Qosh qorayganidan so‘ng ham uyga qaytmagan Marjonaning yaqinlari uni bir necha soat davomida izlashgan, biroq topa olishmagan.
«O‘g‘lim bilan uchastkavoylarni qidirdik, ammo bitta posbonniyam topolmadik. Soat kechasi 11-12 bo‘lib ketdi. O‘g‘lim melisalarni kutib turamiz deb o‘sha yerda to‘rt o‘rtog‘i bilan qoldi. Men uyga qaytdim. Qizim haliyam kelmabdi.
Bir mahal uch bola kelib qorong‘ida meni o‘rab olishdi. Ulardan biri qizimni olib ketgan bola edi. «Sen Marjonani olib ketganding, qani qizim?» desam, «Men qizingizni jo‘natvorganman, bir soat bo‘ldi, kelmadimi?» dedi. Ularning harakatlari ko‘zimga nojo‘ya tuyuldi. «Ha, mayli, bo‘lmasam», deb qo‘ydim ularga.
Ular ketishgach mashinada o‘g‘limning oldiga borib, o‘rtoqlari bilan birga uchovlonning ortidan tushdik. Quvib yetganimizda chiqindixona tarafga ketishayotgan ekan, ularni ushlab stoyankada turgan melisaning mashinasiga olib bordik. Keyin u yerda so‘roq qilishdi.
«Nimaga kechasi ko‘chada yuribsan, ota-otang qayerda?» deb so‘rasam, u: «Dadam ayam bilan Andijonda», deb aytdi. Melisalar uni uyiga olib bordi, ayasi uyidan chiqib keldi. Ayasining o‘zini melisaxonaga olib ketishdi. Bizniyam olib ketishdi o‘g‘lim bilan birga. Qon bosimim tushib ketgani uchun melisaxonada menga ukol qilishdi. Keyin prokuror kelgach, bizni qo‘yvorishdi. Mana, qizimdan ayrilib o‘tiribmiz», deydi marhum qizning otasi.
Marjonaning ota-onasi jamoatchilikdan mazkur jinoyat bosdi-bosdi bo‘lib ketmasligi uchun yordam so‘ragan. Ular ko‘zlarining oq-u qorasi bo‘lgan yoshgina qizlarining qotillariga umrbod qamoq jazosi berilishini talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97- (Qasddan odam o‘ldirish), 118- (Nomusga tegish) va 119- (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mavzuga oid
19:44 / 18.11.2024
Xorazmda o‘quvchining onasi maktabga borib, o‘qituvchi ayolga tashlandi
16:34 / 17.11.2024
Bolalar ombudsmani yosh bolalar xivchin bilan savalangani aks etgan videoga munosabat bildirdi
16:55 / 15.11.2024
Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun imzolandi
22:39 / 13.11.2024