Bugun ko‘chalarni, yo‘llarni, chorrahalarni svetoforsiz tasavvur qilish qiyin. Yirik shaharlarda istalgan chorrahada svetofor bir zum ishlamay qolsa, birpasda tartibsizlik yuzaga keladi.

Ilk paydo bo‘lganida asosan qo‘lda boshqarilgan svetoforlar bugun elektron tarzda ishlaydi. Ilk svetofor avtomobillar emas, piyodalar oqimini nazorat qilgan.

Keyinchalik avtomobillar ommalashuvi ortidan svetoforlar asosan to‘rt g‘ildirakli transport vositalari harakatini muvofiqlashtirgan. Keyinchalik, poyezdlar va kemalar harakatini tartibga solish uchun ham svetoforlardan foydalanilgan.

Svetofor tarixi

Svetofor so‘zi o‘zbek tiliga rus tilidan kirib kelgan bo‘lib, u rus tilidagi «svet» - rang va grekcha «foros» tashuvchi so‘zlarining birikmasidan yasalgan. Dunyoda eng keng tarqalgan ingliz tilida svetofor Traffic light deyiladi.

Dunyodagi ilk svetofor 1868 yil 10 dekabrda Buyuk Britaniya poytaxti London shahrida, Buyuk Britaniya parlamenti binosi yaqinida piyodalar oqimini nazorat qilish uchun o‘rnatilgan.

Dunyodagi birinchi svetofor Londonda o‘rnatilgan va u piyodalar harakatini nazorat qilgan.
www.nbcnews.com

Temiryo‘l semaforlari mutaxassisi Jon Pik Nayt uning ixtirochisi hisoblanadi. Ilk svetofor ikkita – yashil va qizil rangli ko‘rsatkichdan iborat bo‘lib, u qo‘lda boshqarilgan. Ko‘rsatkichlar ko‘tarilib-tushirilib, yo‘lovchilar oqimini nazorat qilgan.

Sutkaning qorong‘i paytida svetofordagi ranglar yaqqol ko‘rinib turishi uchun ular avvaliga gaz fonarlari bilan yoritilgan. Keyinchalik bunday svetoforlar Yevropadagi boshqa shaharlarga ham o‘rnatila boshlanadi.

1869 yilda Londonda o‘rnatilgan svetoforlardan birida gaz fonar portlab yonib ketadi va uni nazorat qilayotgan politsiyachini jiddiy jarohatlaydi.

Shundan so‘ng Yevropada svetoforni gaz fonar bilan jihozlashni emas, balki svetoforlarning o‘zini o‘rnatishni taqiqlashadi. Shu tariqa «ko‘hna qit’a»da ancha yillar davomida ko‘chalarga svetofor o‘rnatish to‘xtab qoladi.