Mbappe dostonida yangi bob. «Real»ga - Saudiya Arabistoni orqali
«PSJ» va jamoa sardori munosabatlarida yana bir keskin burilish ro‘y berdi. Gap 700 million yevro haqida bormoqda. «Sport-Ekspress» sharhlovchisi Andrey Kuzichev bu transfer atrofidagi so‘nggi holatni tahlil qildi.
Nazardan qolgan
Vaqti kelib «PSJ» va Kilian Mbappe munosabatlari tarixi haqida hozirgidek virtual serialmas, haqiqiy kino olinishi shubhasiz. Juma kuni esa virtual serialning navbatdagi mavsumi boshlangandi, o‘shanda parijliklar klubi rahbariyati jamoa sardorini Yaponiyaga turnedan chiqarib tashladi, agar u 31 iyul kuniga qadar shartnomani 2025 yilgacha uzaytirmasa yoki boshqa klubga o‘tish bo‘yicha qaror qabul qilmasa, transferga qo‘yiladi. Aks holda — Mbappening atrofidagilarga yetkazilgan ma’lumotga ko‘ra — o‘jar yulduz butun mavsumni zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazadi.
Bu tarixning yangi tafsilotlari paydo bo‘layotganida Mbappe allaqachon transferga qo‘yilgan Leandro Paredes, Jorjino Vaynaldum va Abu Diallo bilan birgalikda shug‘ullanmoqda. Mashg‘ulotlardan biridan keyin baza tashqarisida Kilian mashinasidan chiqib, muxlislarni avtograf va birgalikdagi foto bilan xushnud etdi. Barchasi juda samimiy edi. Bundan tashqari, futbolchini Milliy professional futbolchilar kasaba uyushmasi qo‘llab-quvvatlab, Fransiya hukumatini nihoyat Qatar va «PSJ»ga qarshi turish uchun kuch topishga chaqirdi, chunki bu klub avval ham yangi shartnoma imzolashdan bosh tortgan Adriyen Rabioni o‘yin amaliyotidan mahrum qilib, boshqa futbolchilarga ham bosim o‘tkazgandi.
Biroq, Le Parisien nashri ma’lumotiga ko‘ra, klubning qat’iy pozitsiyasiga qaramay, parijliklarning advokatlari va futbolchi o‘rtasida muzokaralar olib borilgan, undan maqsad madaniyatli yechim topish. Ayni vaqtda bu serialdagi aktyorlar soni geometrik progressiyada o‘sib, Mbappe uchun da’vogarlar safida «Real»dan tashqari «MYu», «Chelsi», «Tottenhem» va «Al-Hilol» ham paydo bo‘ldi.
Saudiya Arabistoni klubi avvaliga bu poygada autsayderdek ko‘rinayotgandi, podshohlikka Krishtianu Ronaldu va Karim Benzema boshchiligida desant tashlangan bo‘lsa-da, hali juda yosh bo‘lgan Mbappening Yaqin Sharqqa borishi ilmiy fantastikani eslatib yuboradi. Shunga qaramay, aynan «Al-Hilol», o‘tgan oyda Lionel Messini kelishga ko‘ndira olmagan klub aniq qadamlar tashladi.
Neymardan qimmatroq
Saudiya Arabistonining eng sovrindor klubi hujum chizig‘i uchun yulduzli futbolchi topishga mukkasidan ketgan. «Al-Hilol» himoya chizig‘i Kalidu Kulibali bilan mustahkamlangan. O‘rta chiziqni Ruben Nevesh va Sergey Milinkovich-Savich to‘ldirgan, forvardlar esa — muammo. Harri Keynni Ar-Riyoddan bo‘lgan taklif uncha qiziqtirmayapti. Yoshi o‘tib borayotgan Romelu Lukaku esa yiliga 50 million yevro so‘ramoqda.
Bunga parallel ravishda esa Mbappeni qo‘lga kiritish uchun kampaniya boshlandi. Axborot makonida dastlab ishoralar paydo bo‘ldi — o‘shanda nomi ochiqlanmagan klub «PSJ»ga Kilian transferi bo‘yicha og‘zaki taklif yuborgani va bu Neymar uchun «Barselona»ga to‘langan rekord darajadagi 222 million yevrodan ko‘proq ekani aytildi. Keyin bu klub «Al-Hilol» ekani, shuningdek fransuz yulduzi faoliyatini davom ettirishi uchun bashang va hayratlanarli variant haqida ma’lum bo‘ldi.
Futbolchi bilan atigi bir mavsumga shartnoma imzolash va keyingi yozda uni orzusi bo‘lgan «Real»ga qo‘yib yuborish — deyarli sharqona ertakdir. Bu futbolchisini tekinga qo‘yib yuborishni istamayotgan «PSJ»ni to‘la qanoatlantiradi. O‘z navbatida, Madriddagilar hozirgi rejasini amalga oshiradi hamda Mbappeni keyingi yil yozida erkin agent sifatida o‘z safiga qo‘shib oladi, «Al-Hilol» esa butun mavsum davomida diqqat markazida bo‘ladi.
Kilianning o‘zi esa oldindagi mavsumni Yevropa futbolidan tashqarida o‘tkazish istiqbolidan mamnun bo‘lmasligi aniq, garchi uning atrofidagilar nomidan futbolchi shusiz ham taqdirga ko‘nib, bir yil davomida zaxirada o‘tirishga rozi ekani haqida xabarlar tarqatilgandi. Faqat bu katta ehtimol bilan klub bilan savdolashish va javob bosimi elementidir, chunki amalda «PSJ»ning 90 million yevrolik sodiqlik bonusi ham Mbappe bir yil davomida harakatsiz qolishi uchun yetarli tovon bo‘la olmasa kerak.
Soniyasiga 22 yevro
Ayni vaqtda Mbappe o‘z joyida qolmoqda — shartnomasi muddati tugagunicha ketmoqchi emas va bir yildan keyin «Real»ga o‘tish orqali 100 million yevro miqdorida bonus (ko‘tarma puli) olmoqchi. Le Parisien nashri yozishicha esa, «PSJ» prezidenti Nosir Al-Hilayfiy uni boshqa klublar takliflarini ham eshitib ko‘rishga undamoqda. Jumladan, transfer uchun to‘lash imkoniyati yo‘q bo‘lgan, ammo L'Equipe versiyasiga ko‘ra, o‘z futbolchilarining bir guruhiga almashishga tayyor bo‘lgan «Barselona» nomi tilga olingan. Luis Enrike bu klubda munosib nomzodlarni topishi aniq, kataloniyaliklar esa allaqachon parijliklar bilan aloqaga chiqqani haqida xabarlar bor.
Ammo hozircha faqat «Al-Hilol» moliyaviy tomondan «PSJ»ni to‘liq qanoatlantiradigan taklif bergan. Fransiya chempionlari Mbappe uchun, hali vaziyat xavfli tus olmaganida 200 million yevro talab qilayotgandi. Hozir esa bu miqdor 150 million yevrogacha tushgan, ammo Fabritsio Romanoning tasdiqlashicha, Ar-Riyoddagilar transfer uchun 300 million yevro to‘lashga tayyor. Bu esa jahon rekordi bo‘ladi, ammo bu kelishuvdagi eng ta’sirli raqam emas.
Haqiqiy kosmos esa — Mbappening o‘zi uchun ko‘zda tutilgan 700 million yevro miqdoridagi yillik maosh. CBS jurnalisti Jyeyms Benj shunday summani keltirgan (Romanoning aniqlik kiritishicha, saudiyaliklar klubi Mbappe uchun bir yilga 200 million yevro miqdorida maosh tayinlashga tayyor. Shuningdek, fransuz futbolchisining daromadlari reklama va boshqa tijoriy shartnomalari hisobiga yana 500 million yevroga oshishi mumkin. Klub uning imij huquqidan foydalanganlik uchun keladigan daromadni Mbappega berishga rozi).
Agar o‘rtacha raqamlar olinsa, soniyasiga 22 yevro chiqadi. Kilian uchun mo‘ljallangan yillik maosh «Al-Hilol» oldinroq Messiga taklif etganidan (400 million yevro) qariyb ikki barobar ko‘proq. Leo yo‘q deya olgan va Amerikaga sayohatni tanlagandi. Mbappening kelajagi esa muzokaralar natijasiga bog‘liq, «PSJ» allaqachon muzokara o‘tkazishga rozilik bergan. Futbol tarixida hali bunday aqldan ozdiruvchi vasvasa bo‘lmagan va ayrim nufuzli ekspertlar fikricha, endi «Real» va shaxsan Florentino Peres darhol vaziyatga aralashishi lozim. Bu ro‘y berishining oldini olish uchun hali vaqt bor va eng qiziqarli ishlar hali oldinda.
Mavzuga oid
08:10 / 12.11.2024
O‘zbekistonga Saudiya kompaniyalarining qariyb 2,5 mlrd dollarlik investitsiyalari jalb etiladi
19:01 / 11.11.2024
O‘zbekiston va Saudiya bosh prokurorlari tergov va axborot almashinuvida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzoladi
09:25 / 11.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi
18:01 / 10.11.2024