Xitoy TIV rahbarining daragi chiqdi. Uni lavozimdan chetlatishgan va yangi vazir tayinlangan
Van I yana Xitoy tashqi ishlar vaziri lavozimiga qaytdi. O‘tgan yili uning o‘rnini egallagan Chin Gang bir oy davomida ko‘rinish bermagan, bu esa uning taqdiri haqida turli mish-mishlarga sabab bo‘lgandi.
Xitoydagi davlat nashrlari xabariga ko‘ra, seshanba kuni ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri, bir oy mobaynida jamoatchilikka ko‘rinish bermagan Chin Gang lavozimdan chetlatildi.
«Xitoyning oliy qonun chiqaruvchi organi seshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Van Ini tashqi ishlar vaziri etib tayinlash uchun ovoz berdi... Chin Gang tashqi ishlar vaziri lavozimidan chetlatildi», deyilgan Xinhua davlat agentligi xabarida.
Xabarda Chin Gangning chetlatilishi sababi keltirilmagan, ammo XXR raisi Si Jinping uning o‘rniga yangi vazir tayinlash haqidagi farmoniga imzo chekkani aytilgan.
Chin rais Sining ishonchli odamlaridan hisoblangan va ko‘p tahlilchilar uning so‘nggi yillarda diplomatik pog‘onalardan tezlik bilan ko‘tarilganini ularning yaqin munosabatlari bilan bog‘lagandi.
Oxirgi bir necha hafta mobaynida Xitoy rasmiylari Chin Gangning taqdiri to‘g‘risida sukut saqlashni lozim topdi, u 25 iyun kuni Pekinda Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko bilan uchrashganidan keyin jamoatchilikka ko‘rinish bermayapti.
Uning g‘oyib bo‘lib qolishi u yoki lavozimdan chetlatilgani yoki unga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani haqidagi taxminlar to‘lqinini keltirib chiqardi.
Bu vaqt mobaynida TIV rahbari vazifalarini kommunistik partiyaning tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Van I bajarib turdi. Hukumat iyerarxiyasida u Chindan yuqoriroq turadi.
Van I 2013 yildan 2022 yil dekabriga qadar ham Xitoy tashqi ishlar mahkamasiga rahbarlik qilgandi.
Salomatligi holati tufaylimi?
57 yoshda bo‘lgan Chin Gang vazirlik lavozimini 2022 yil dekabrida egallagan va kommunistik Xitoy tarixida bu lavozimga kelgan eng yosh diplomat bo‘lgandi. Ungacha esa Xitoyning AQShdagi elchisi sifatida ishlagan.
25 iyundan keyin u jamoatchilik qarshisiga chiqmadi, bu esa internetning Xitoy segmentida u bilan nima bo‘lgani to‘g‘risida son-sanoqsiz versiyalarni keltirib chiqardi. Sharhlovchilar esa boshqa narsalar qatori bu safar TIV rahbari g‘oyib bo‘lgani haqidagi xabar negadir senzura qilinmayotganiga e’tibor qaratishdi.
Britaniyaning Guardian gazetasi 57 yoshli diplomat Pekin AQSh bilan munosabatlarni yaxshilashga harakat qilayotgan pallada yo‘q bo‘lib qolgani haqida yozdi.
Keyinroq tashqi ishlar vazirligi u sog‘ligidagi holat tufayli ishlay olmayotganini ma’lum qildi, ammo batafsil ma’lumotlar yo‘qligi yangi taxminlar bo‘roniga sabab bo‘ldi.
Eng keng tarqalgan mish-mishlardan biriga ko‘ra vaziyat shunday: Chin Gang go‘yoki u begona ayol bilan ishqiy munosabatlari, ya’ni rafiqasiga xiyonat qilganidan keyin tergov qilinmoqda.
Times nashri Hongkong va Tayvan matbuotiga asoslanib, u bilan bir vaqtda hongkonglik teleboshlovchi Fu Syaotyan ham g‘oyib bo‘lganini yozib chiqqan. Avvalroq, Chin Gang o‘tgan yili, hali AQShdagi elchi lavozimida ishlaganida bergan intervyusida ushbu jurnalist bilan gaplashish ohangi jamoatchilik e’tiborini tortgandi, deya qayd etadi gazeta. O‘tgan yilning noyabrida Fu Syaoten o‘g‘il farzandli bo‘lgan.
Xitoy TIV rasmiysi Mao Nin esa bu boradagi savolga javob berishdan bosh tortgan va shunday degan: «Men bu haqda hech narsa bilmayman».
Mavzuga oid
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
19:13 / 21.11.2024
Xitoyda 83 mlrd dollarlik oltin zaxirasi topildi
21:37 / 20.11.2024
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda – OAV
23:34 / 19.11.2024