Kun.uz'da navbatdagi intervyu o‘zbek ziyolilari, ular va hukumat o‘rtasidagi munosabat, shuningdek, bu doira kishilarining davom etayotgan sukuti, voqea-hodisalarga befarqdek ko‘rinayotgani haqida bo‘ldi.

Siyosatshunos Hamid Sodiq, etnopsixolog Ziyoda Rasulova va faylasuf Xurshid Yo‘ldoshev shu masaladagi o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.

— Ziyoli odamlar o‘zi kim? Ularni birlashtiruvchi umumiy mezonlar qanday?

Ziyoda Rasulova:

— Bu masala yuz yil ilgari jadidchilar tomonidan ham ko‘tarilgan. Mustafo Cho‘qay ziyoli odam haqida fikr yuritarkan, shunday deydi: «Biz har qanday o‘qigan odamni ziyoli deb atashimiz mumkinmi? Yo‘q, bu savol osondek bo‘lsa-da, javobi qiyin. Zero, ziyolilik tahsil olganlik bilan o‘lchanmaydi. Ziyoli insonlarni esa g‘oya birlashtiradi...»

Davrdan kelib chiqib ziyoli qatlamning tushunchalari, g‘oyalari har xil bo‘lgan. Ziyolilarni birlashtiruvchi narsa — g‘oya mavjudligi. Biz oliy ma’lumotli odamlarni salohiyatli deyishimiz mumkin, lekin faqat ma’lumotiga qarab ziyoli deyolmaymiz. Ziyoli qatlam diplom bilan o‘lchanmaydi. Ziyolilar jamiyatning, xalqning lokomotivi.

Ziyoli insonni salohiyatli insondan ajratuvchi narsa — ichki erkinlik. Erkinlikni yo‘qotish ziyoli uchun o‘lim bilan barobar. U qoliplarga solinsa, cheklansa, azoblanadi. Noto‘g‘ri tizimlar bo‘lsa, xalq qiynalsa, birinchi bo‘lib isyon qiladiganlar ziyolilar bo‘ladi. Qurol ko‘tarib chiqmaydi ular, yozuvchi bo‘lsa yozadi, notiq bo‘lsa, gapiradi, ya’ni o‘z imkoniyati doirasida isyon qiladi.

Xurshid Yo‘ldoshev:

— Ziyoli odam. Bunga aniq bir ta’rif berolmayman. Lekin ziyoli insonga ta’rif keltirayotganda baho sub’yektik ham bo‘lmasligi kerak. Birinchidan, intellektual shaxs bo‘lishi, ijtimoiy g‘oyaga ega bo‘lishi va ijtimoiy faol bo‘lishi kerak. Boshqa hamma xislatlar bo‘lsa-yu, ijtimoiy faol bo‘lmasa, u odamni ziyoli deb bo‘lmaydi.

Yana bir jihat bor. Deylik, bir ziyoli deyilayotgan odam millatchi bo‘lsa, imperialist bo‘lsa, uni rostdan ziyoli deb bo‘ladimi? Masalan, ba’zi nemis faylasuflari millatchi bo‘lgan. 60-yillarda Amerikada kommunistlarga juda yomon ko‘z bilan qarashgan. Shuning uchun ham bu tomondan qandaydir mezonlar qo‘yish mushkul bo‘lib qoladi.