Jamiyat | 21:11 / 27.07.2023
24601
18 daqiqa o‘qiladi

To‘ylarda baxshilarning chakkasiga pul qistirish odati qayerdan kelib chiqqan? – “Zakovat”ning yozgi mavsum navbatdagi o‘yinidan reportaj

Nega avvallari chiziqli shimlar xaridorgir bo‘lgan? Aktrisalar Enn Hetuey va Sandra Ballok qaysi turdagi rollari uchun sochlarini kalta qilib kestirishgan? – “Zakovat” teleo‘yini yozgi mavsumining to‘rtinchi o‘yinida qizlar jamoasi ishtirok etdi.

Foto: Zakovat

Jamoa a’zolari (suratda chapdan o‘ngga):

Maysara Ochilova - Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassisi;

Muazzam Shoumarova - arab tili o‘qituvchisi;

Nodira Turg‘unova - Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti magistranti (jamoa sardori);

Madina Mirzarahmatova - filolog;

Nodira Rahmonova - O‘zbekiston Milliy universiteti magistranti;

Nazokat Abdusayitova - pedagog.

Nodira Turg‘unova jamoasi 2023 yilning yozgi mavsum to‘rtinchi o‘yinida ishtirok etadi.

Mavsumning avvalgi jamoalari qatorida bu jamoa oldida ham mushkul vazifa turibdi – finalga chiqish uchun 6:0 yoki 6:1 hisobida g‘alaba qozonish kerak.

1-raund savoli Birinchi jahon urushida Britaniyada birodarlik batalonlari tarqatib yuborilgani haqida bo‘ldi. Muhokama davomida jamoa to‘g‘ri javobga yaqinlasha olmadi va hisob teletomoshabinlar foydasiga ochildi – 0:1.

2-raundda Enn Hetuey va Sandra Ballok kabi aktrisalar bir turdagi rollarni ijro etishda nega sochlarini kaltalatib olgani haqidagi savol o‘ynaldi. Ushbu savolda jamoaning faol a’zosi Madina Mirzarahmatova muddatidan oldin javob berishga qaror qildi va jamoasiga dastlabki ochkoni keltirdi. Hisob – 1:1.

Jamoa a’zosi Madina Mirzarahmatova 

3-raund savoli to‘ylarda qo‘shiq kuylagan baxshilarning chakkasiga pul qistirish odati qayerdan kelib chiqqani haqida bo‘ldi. Qizlar ushbu savolga to‘g‘ri javob topa oldi va hisobda oldinga o‘tib oldi – 1:2.

Jamoa a’zosi Nazokat Abdusayitova 

Navbatdagi raund savoli rus shoiri Mixail Svetlov bir kartinaning quyosh chiqishi yoki quyosh botishi haqida xotini bilan bahs yuritgani haqida bo‘ldi. Ushbu savolga to‘g‘ri javob topilmadi va hisob tenglashdi – 2:2.

5-raundda qaysi turdagi qizlar quyoshga o‘xshatilishi haqidagi savol o‘ynaldi. Bu savolga qizlar osonlik bilan javob topishdi va yana hisobda oldinga o‘tib olishdi – 3:2.

Keyingi raund savoli mashhur xattot Shayx Usmon Toha haqida bo‘ldi. Xattot bir kuni Qur’onning bir sahifasini yozib bo‘lib, namoz o‘qish uchun ketib, o‘rniga qaytib kelganda sahifada nimalarni ko‘rgani so‘ralgan savolda jamoa yo‘nalishni to‘g‘ri olgan bo‘lsa-da, afsuski, biroz noto‘g‘ri javob berdi. Hisob – 3:3.

7-raundda qadimda hind askarlari kamar tagidan bog‘lab yurgan rang-barang belbog‘lardan keyinchalik inglizlar nimada foydalangani haqida qiziqarli savol o‘ynaldi. Biroz kutilmagan savolning javobiga qizlar yetib bora olmadi va hisob 3:4 ko‘rinishiga keldi.

Jamoa a’zosi Nodira Rahmonova 

Keyingi raundda bir kashta turining surati ko‘rsatilib, XIX asr o‘rtalaridan yaratila boshlangan bu kashtalar tasviri nimadan olingani haqida savol o‘ynaldi. Bu savolda ham bilimdonlar ojiz qoldi. Hisob – 3:5.

Jamoa sardori Nodira Turg‘unova 

9-raundga kelib, hisob qaltis ko‘rinish oldi. Endi birgina noto‘g‘ri javob jamoaning mag‘lubiyatiga va finaldan quruq qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.

9-raundda “Qutlug‘ qon” romanida Mirzakarimboyning ishkomli bog‘lari eni ham tepasi ham keng va baland qilib qurilgani tasvirlanadi, nima sababdan baland va keng qilib qurilgan, degan savolga jamoa klub yordami orqali to‘g‘ri javob bera oldi va hisobni qisqartirdi. Hisob – 4:5.

Jamoa a’zosi Muazzam Shoumarova

10-raundda ilgari chiziqli shimlar nega xaridorgir bo‘lgani haqida savol o‘ynaldi. Bu savolda jamoa qiyinchiliksiz to‘g‘ri javobga yetib bordi va hisobni 5:5 ko‘rinishiga keltirib, va-bank raundidan foydalanish huquqiga ega bo‘ldi.

Kutilganidek, jamoa va-bank raundini tanladi va o‘yin stolida jamoaning eng faol bilimdoni Madina Mirzarahmatovani qoldirdi.

So‘nggi raundda yozuvchi Yuriy Nagibin nima narsaga hech bir voqeani rejalashtirmaydigan, ba’zan betartib, ba’zan bema’ni va hatto behayo musavvir deya ta’rif bergani haqidagi savol o‘ynaldi. Afsuski, Madina Mirzarahmatova bu savolga to‘g‘ri javob topa olmadi va jamoaga 0:6 hisobidagi mag‘lubiyat yozildi.

Shunday qilib, bu jamoa ham mavsum finali uchun kurashdan chiqdi. Finalga nomzodlardan oldinda faqat Jobir Ahmedov jamoasi qoldi.

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.

1-raund. Savol muallif: Albert Xolmurodov, Nurobod tumani, Samarqand viloyati

Boshlovchi: Birinchi jahon urushida Britaniyada birodarlik batalyonlari mavjud bo‘lgan. Bir nechta jangdan keyin bu batalonlar negadir tarqatib yuborilgan.

Diqqat savol: Bu batalyonga kimlar to‘plangan va u nega tarqatib yuborilgan?

Javobni Madina Mirzaraxmatova beradi: Fikrimizcha, bilamiz turli mustamlakalardan askarlar urush maydonlariga kelishgan. Turli xil millatdagi insonlar bir-biriga mehri tushib qolmasligi uchun, yaqin bo‘lib qolmasligi uchun keyinchalik tarqatib yuborishgan.

To‘g‘ri javob: Birodarlik batalyonlariga ozgina to‘xtalish kerak edi. Batalyonlar tuzilgan armiyaga, urushga olib borish uchun. Bunday batalyonlar bitta qishloqdan, bitta shahardan bo‘lgan. Bitta shaharliklar borganda jangda qatnashib bir nechtasi o‘lib ketgan. Agar bu batalyon qirilib ketsa, shaharda birorta erkak qolmaydi deb shu ishni qilishgan.

Hisob: 0 - 1

Savol muallifi Albert Xolmurodov 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

2-raund. Savol muallif: Saidazam Xo‘jayev, Olmazor tumani, Toshkent

Boshlovchi: Gollivud aktrisalari Enn Hetuey va Sandra Ballok kabi aktrisalar. Ular rollarini filmlarda mahorat bilan o‘ynashgan. Bu rolga tanlab olingan aktrisalardan s’yomka vaqtida sochlarni kalta qilib olishlari talab etilgan.

Diqqat savol: Ular qaysi sohada ishlaydigan ayollarning rolini o‘ynashgan va soch nega kaltalangan?

Jamoa vaqtdan oldin javob beradi.

Javobni Madina Mirzarahmatova beradi: Adashmayotgan bo‘lsam, bu aktrisalar kosmonavtlar rolini o‘ynashgan. Gravitatsiya qonunlari sochlarga qanday ta’sir qilishini olimlar haliyam chuqur o‘rganisholmagan. Sochlarning harakatlanishi ularga xalaqit bergan va montaj ustalari bunda qiynalishgan.

To‘g‘ri javob: Ular to‘g‘ri aytdingiz, kosmonavtlar rolini o‘ynashgan. S’yomka vaqtida kosmik kema ichida sun’iy vaznsizlik hosil qilingan vaqtida sochlar o‘ynab yuqoriga qarab ko‘tarilib ketavergan. Rejissyorlar ulardan sochlarini kaltalashni shuning uchun so‘rashgan.

Hisob: 1 - 1

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

3-raund. Savol muallifi: Shohjahon Shodiyev, Pastdarg‘on tumani, Samarqand viloyati

Boshlovchi: Turkiston hududida bir necha yuz yillar avval hududlarda to‘ylarda baxshilar qo‘shiq kuylashgan. Aynan baxshilarning xonandalarning chakkasiga pul qistirish shu paytlarda boshlangan.

Diqqat savol: O‘ylab ko‘rganmisiz, nima sababdan bu odat paydo bo‘lgan?

Javobni Nazokat Abdusayitova beradi: Bizning fikrimizcha, baxshilar ham qo‘shiq aytib, ham soz chalib ijro qilishadi. Soz chalganda ikki qo‘llari band bo‘ladi, bilamiz choponlarda cho‘ntak bo‘lmaydi, shuning uchun chakkaga qistirish boshlangan.

To‘g‘ri javob: "Samarqandlik baxshilar" haqidagi risoladan olingan bu savol. Baxshilar 200-300, 500yillar ilgariyam o‘sha tuyaga minib, to‘yma-to‘y qo‘shiqlar aytib yurishgan. Savolning mantiqiy javobi shunday, o‘sha paytlarda xonanda-baxshilar to‘nda va yaktakda bo‘lishgan, ularda esa cho‘ntaklar bo‘lmagan. Ilgari qo‘shiqchilar pul olishmagan. Kelishuv degan narsa bo‘lmagan, himmatlariga yarasha pulni o‘rtada chakkalariga qistirib ketishgan.

Hisob: 2 - 1

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

4-raund. Savol muallifi: Hulkaroy Mamajonova, To‘raqo‘rg‘on tumani, Namangan viloyati

Boshlovchi: Rus shoiri Mixail Svetlov turmush o‘rtog‘i bilan muzeyga borib bir surat qarshisida turishganda xotini aytadi: Mana bu suratni qara, quyosh chiqayotgan paytni to‘laqonli tasvirlabdi. Shunda shoir, - Iye nima deyapsan, bu suratda quyoshning botishi tasvirlanganku, deydi. Qayerdan bilding, degan savolga u quyidagicha javob bergan.

Diqqat savol: 1 daqiqadan keyin nima deb javob berganini ayting.

Javobni Nodira Rahmonova beradi: Bilamiz, muzeyda ham ijodiy odamlar ishlaydi. Va ular suratni mazmunidan kelib chiqib, xonaning kun chiqar emas, kun botar tarafiga qo‘yishgan. Shoir shunga e’tibor bergan holatda rafiqasiga javob bergan.

To‘g‘ri javob: U shunday javob bergan: - Ijod ahli tuni bilan ijod qiladimi, soat 3-4 gacha ishlaydimi, u hech qachon saharda quyosh chiqishini chizolmaydi. U paytda rassom uyquda bo‘ladi. Bu quyosh botayotgan payti degan javobni bergan.

Hisob: 2 - 2

Savol muallifi Hulkaroy Mamajonova 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

5-raund. Savol muallifi: Zarina Rajabova, Ishtixon tumani, Samarqand viloyati

Boshlovchi: Bir daqiqadan so‘ng biz sizga bir qizning suratini ko‘rsatamiz. U kabi qizlarni quyoshga nisbat berishadi.

Diqqat savol: 1 daqiqadan keyin qanday qizni ko‘rsatamiz?

Javobni Nodira Rahmonova beradi: Fikrimcha, sepkilli qizlarni quyoshga nisbat qilish mumkin.

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri

Hisob: 3 - 2

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

6-raund. Savol muallifi: Adham Qo‘ziboyev, Nurobod tumani, Samarqand viloyati

Boshlovchi: Islom olamida tanilgan Qur’on xattoti Shayx Usmon Toha bir kuni Qur’onning bir sahifasini yozib bo‘ladi, peshin namozini o‘qish uchun chiqib ketadi. Qaytib keladiki, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, qog‘oz yonida ularni ko‘radi.

Diqqat savol: U nimadan hayron bo‘ladi yoki nimalarni ko‘radi?

Javobni Madina Mirzaraxmatova beradi: Bizning fikrimizcha, yozilgan sahifada Naml surasi yozilgan bo‘lgan. Qaytib kelganida shu suraning yonida chumolilarni ko‘rib, xuddi shu yozgan narsalari chumolilar bilan bir xil bo‘lganidan hayratlangan bo‘lishi mumkin.

To‘g‘ri javob: U namoz o‘qib bo‘lguncha, kelib yozuvni qarasa, yozuvlar qolmagan. Bitta qo‘ymay yeb qo‘yilgan, chunki ularni asalarilar talab ketgan edi. Chunki ilgari siyohlarga asal qo‘shib yozilgan.

Hisob: 3 - 3

Savol muallifi Adham Qo‘ziboyev 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

7-raund. Savol muallifi: Saidakbar Maqsudov

Boshlovchi: Diqqat, ekranga qarang.

Hindiston qurolli kuchlari askarlari inglizlar kelguncha, kamar tagidan rang-barang belbog‘ taqib yurishgan. Bugun ham hind askari formasida bu rang-baranglikni ko‘rish mumkin.

Diqqat savol: Hind askarlaridagi bu belbog‘dan keyinchalik inglizlar qayerda foydalanishgan?

Jamoa qo‘shimcha vaqtdan foydalanadi.

Javobni Maysara Ochilova beradi: Inglizlar kelgandan keyin ham bu rang-baranglik saqlanib qolgan deyildi, fikrimizcha, bu ranglar harboylarning pagonlarida saqlanib qolgan

To‘g‘ri javob: Hind askarlaridan qolgan bu udum smoking ostidan matoli belbog‘ taqib yurish odati. Bu hind askarlaridan meros qolgan.

Hisob: 3 - 4

Savol muallifi Saidakbar Maqsudov 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

8-raund. Savol muallifi: Jamshid Avazovich, Past Darg‘om tumani, Samarqand viloyati

Boshlovchi: Ekranga e’tiboringizni qarating.

XIX asr o‘rtalariga kelib kashtachilar bir yangilikni o‘z poloslarida yarata boshlashdi, tika boshlashdi. Keyinchalik u milliy kashtalarimizning biri bo‘lib qoldi.

Diqqat savol: Ekrandagi suratdan kelib chiqib bu tasvirlar nimadan olinganini ayting.

Javobni Nodira Turg‘unova beradi: So‘zana tikuvchilar bu yangi elementlarni oyning ko‘rinishlaridan olishgan.

To‘g‘ri javob: Bu kashtaning nomi "Otash arava" deb nomlanadi. U poyezd g‘ildiraklaridan ilhomlanib shu kashtalar tikilgan.

Hisob: 3 - 5

Savol muallifi Jamshid Avazov 5 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

9-raund. Savol muallifi: Sunnat Aliqulov, Zomin tumani, Jizzax viloyati

Boshlovchi: "Qutlug‘ qon" asarida Mirzakarimboyning ishkomli bog‘larini ta’riflaganda, bog‘ning eni ham, balandligi ham, tepasi ham baland qilib qurilganligi aytiladi. Bu hosil ko‘p bo‘lishi uchun emas, asosiy maqsad keng baland qilib qurilishiga boshqa sabab bor.

Diqqat savol: Qanday maqsadda qilingan bu ish?

Jamoa klub yordamini oladi.

Javobni Nodira Rahmonova beradi: Bu XX asr boshida yozilgan asar, u paytda asosiy transport vositasi ayniqsa boylarda, ot bo‘lgan va boy o‘sha otlar yurishiga halaqit qilmasligi uchun ishkomlarni baland qilib qurgan. Keng qilib qurilganligining sababi esa, balki, hosilni yig‘ishda aravalardan foydalanishgandir.

To‘g‘ri javob: Keng va baland qilib qurilishi, bilasizlar bu asarda Yo‘lchivoy obrazi bor, Yo‘lchivoy shu tog‘asiniki kelib ishlaydi, bog‘larda ishlab yurgan paytida tushuntirishadi buni, nega bunaqa katta, nega bunaqa baland. Chunki ishkomning ichidan Qo‘qon aravalari bemalol yura olishi kerak deyilgan.

Hisob: 4 - 5

Savol muallifi Sunnat Aliqulov 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

10-raund. Savol muallifi: Qurbongul Karimova, Navoiy shahri, Navoiy viloyati

Boshlovchi: Marhamat, tashqaridan shim olib chiqamiz.

Mana shu shim. Dazmol hammada yo‘q paytlarni eslang. Shimdagi chiziqlar ilgari bo‘lmagan. Xaridorlar chiziqli shimlarni agar uchrab qolsa, talash qilib sotvolishardi. Dastlab bu chiziqlar shimlarning xaridorgirligini oshirgan. Keyinchalik sotuvchilar shimlarga sun’iy chiziq torta boshlashgan va oluvchilarni aldash uchun.

Diqqat savol: Sotuvchilar xaridorlarni nima deb aldashgan?

Javobni Madina Mirzaraxmatova beradi: Oldin shimlar chet eldan olib kelinganida presslab olib kelingan, ya’ni taxlab, presslab olib kelingan. Ana shu jarayonga shimga chiziqlar tushgan. Xaridorlarni jalb qilish uchun bu shimlarimiz chet elniki degan ma’noda ularga savdogarlar sun’iy chiziqlar sola boshlashgan. 

To‘g‘ri javob: Shim tikuvchi fabrikalar paydo bo‘lib ularni eksport qila boshlashgan. Dastlab kemada uzoq vaqt yurganda taxlangan shimlarda iz paydo bo‘lgan, keyinchalik chiziqli shimlar xorijdan keltirilgan degan yorliq paydo bo‘lgan. Xaridor nazarida shimning chizig‘i bo‘lsa, bu xorijniki demak. U chiziq tortib, xorijniki deb sotavergan.

Hisob: 5 - 5

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Jamoa “Bor baraka” o‘yinini o‘ynaydi.

O‘yin qoidasi: Jamoada bir ishtirokchi qoladi. Jamoa savolga to‘g‘ri javob bersa 6-0 hisobida g‘alaba qozonadi, aks holda esa 0-6 hisobida yutqazadi.

O‘yinda jamoadan Madina Mirzaraxmatova qoladi!

11-raund. Savol muallifi: Sadoqat Majidova, Vobkent tumani

Boshlovchi: Yozuvchi Yuriy Nagibin Uni baxtli musavvirga o‘xshatgan. Qizig‘i, u musavvir oldindan hech bir voqeani rejalashtirmaydi, natijasigayam asosli, yoki haqiqiyligiga ham javobgar emas. Ba’zan betartib, ba’zan bema’no, hatto behayoligiyam uni zarracha tashvishga solmaydi.

Diqqat savol: Yozuvchi nimani "baxtli musavvir"ga o‘xshatgan?

Javobni Madina Mirzaraxmatova beradi: Bir nechta variantlar bo‘ldi. "Baxtli musavvir" so‘zi asosiy e’tiborimni tortdi, u nimanidir tasvirlashi kerak. Qofiya degan variant ham bor.

To‘g‘ri javob: Bu savolni savol muallifi, Nagibinning "Tiniq ko‘llar" degan hikoyalar to‘plamidan olgan. Musavvirlar birorta asarni yaratishadi, keyin odamlar uni ko‘rib zavqlanishadi. Nagibin aytmoqchi bo‘lgan musavvir ham sizning ongingizga turli tarvirlarni namoyon qiladi. Yozuvchi aytgan musavvir tush.

Hisob 0 - 6

Savol muallifi Sadoqat Majidova 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Eng yaxshi savol muallifi - Hulkaroy Mamajonova, quyosh botishi va quyosh chiqishi haqidagi savol

Hulkaroy Mamajonova 10 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

O‘yinning eng faol bilimdoni - Madina Mirzaraxmatova

Madina Mirzaraxmatova 10 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

O‘yinning to‘liq videosini ushbu havolada tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid