O‘zbekiston | 19:51 / 27.07.2023
15949
3 daqiqa o‘qiladi

Uzumchilikda Oltiariq tajribasi kengaytiriladi

Oltiariq tumanida 75 gektarda uzumchilik plantatsiyasi tashkil etilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti, hududlar iqtisodiyoti bilan tanishish maqsadida 27 iyul kuni Farg‘ona viloyatiga keldi.

«Har bir hududning «o‘sish nuqtalari»ni rivojlantirib, odamlarga ish o‘rni va daromad manbai yaratish - davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadi. Oltiariq tumanida dehqonchilik shunday tayanch soha. Bu yerning odamlari mahsulot yetishtirish va uni eksport qilishning hadisini olgan.

Ilgari bu tumanda ham paxta va g‘alla ko‘p ekilar edi. Davlatimiz rahbarining g‘oyasi bilan qishloq xo‘jaligi ekinlari manfaatdorlik, bozor talablari asosida o‘zgartirildi. Bunda nafaqat ekishga erkinlik berildi, balki har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Prezidentining meva-sabzavotchilik sohasida qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish, uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish to‘g‘risidagi qarorlari bu sohaga yangi imkoniyatlar ochdi. Xo‘jaliklarga subsidiyalar berildi, ilg‘or texnologiyalar jalb etish davlat tomonidan rag‘batlantirildi. Bu imkoniyatlar natijasida bugun uzumchilik katta tarmoqqa aylandi, bunday xo‘jaliklar ko‘payib bormoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

2020 yilda tumanda «Xayrullo Bahrom Boymatov» fermer xo‘jaligi tomonidan 75 gektarda uzumchilik plantatsiyasi tashkil etilgan edi. Davlat rahbari ushbu tokzorni kelib ko‘rdi.

Bu yerda «husayni», «kelinbarmoq», «rizamat», «mersedes» kabi uzum navlari yetishtirilmoqda. Ular kelgusi yildan to‘liq hosilga kiradi va jami 3 ming tonna uzum yetishtiriladi.

«Oldinlari bu maydonda paxta ekilib, o‘rtacha 25 sentnerdan hosil olingan. Endi uzumning narxi bilan solishtirganda, bir gektardan daromad qariyb 10 barobar oshgan.

Yana bir muhim tomoni, fermer xo‘jaligida mavsumiy yumushlar bilan birga 700 kishining bandligi ta’minlangan. Ular kuniga 200 ming so‘mgacha ish haqi oladi.

Prezidentimiz yoshlarga va ishsiz fuqarolarga uzum parvarishini o‘rgatib, ular bilan kooperatsiya asosida uzum yetishtirish, bunga chet ellardagi yurtdoshlarimizni ham jalb etish zarurligini ta’kidladi», deyiladi xabarda.

Bog‘da, shuningdek, olma, gilos va o‘rik ko‘chatlari, qator oralariga tarvuz, qovun, pomidor, qalampir, bulg‘or qalampiri va boshqa sabzavotlar ekilgan. Bular ham aholi daromadi, yurtimiz eksportini oshirish uchun qo‘shimcha manba bo‘lmoqda.

Bog‘ yonida 2 ming tonna sig‘imga ega bo‘lgan sovitkichli ombor qurilgan. Bu yerda mahsulotlar saqlanib, saralanib, Turkiya va MDH mamlakatlariga eksport qilinadi.

Davlat rahbari mamlakatda iqlimi uzumchilikka mos tumanlar ko‘pligini ta’kidlab, ularda ham Oltiariq tajribasini joriy qilish, tokzorlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Mavzuga oid