O‘zbekiston | 19:18 / 29.07.2023
18936
8 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onadagi yong‘in birinchisi emas. Yaqin o‘tmishning yirik yong‘inlari haqida

Farg‘onadagi karaoke barida yong‘in sodir bo‘lib, unda 6 kishi qurbon bo‘ldi. Odamlar o‘limi bilan bog‘liq yong‘in hodisalari O‘zbekiston va xorijiy davlatlarda tez-tez uchrab turadi.

Foto: KUN.UZ

Xalqimizda olov – tilsiz yov deb ataladi. Agar olov vaqtida jilovlanmasa ayanchli oqibatlarga olib kelishi va insonlar hayotiga zomin bo‘lishi mumkin. Har kuni dunyoning turli burchaklarida sodir bo‘layotgan yong‘inlar oqibatida ko‘plab odamlar halok bo‘lmoqda.

Jumladan, bugun, 2023 yil 29 iyul kuni soat 11:39 da Farg‘ona shahar «Mash’al» MFY Sayilgoh ko‘chasidagi 4 qavatli binoning yerto‘lasida joylashgan karaoke kafesida kelib chiqqan yirik yong‘in oqibatida 6 kishi halok bo‘lgan, 7 kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yuborilgan.

Quyida, yaqin tarixda O‘zbekistonda va dunyoning turli hududlarida sodir bo‘lgan va ko‘plab odamlarning halokatiga sabab bo‘lgan yong‘inlar haqida so‘z yuritamiz.

So‘nggi yillarda dunyodagi odam ko‘p halok bo‘lgan yirik yong‘inlar

2011 yil 5 iyul. Qizil dengizning Sudan davlati qirg‘oqlari yaqinida suzib ketayotgan kemada yong‘in chiqadi. Kema Saudiya Arabistoniga noqonuniy muhojirlarni olib ketayotgan edi. Yong‘in kema portdan jo‘nab ketganidan to‘rt soat o‘tib boshlanadi va oqibatda u cho‘kib ketadi. Fojia oqibatida 197 kishi halok bo‘ladi. Faqat uch kishini qutqarishga muvaffaq bo‘lishadi.

2012 yil 28 may. Qatar poytaxti Doha shahrida joylashgan Villagio Mall savdo markazida kuchli yong‘in sodir bo‘ladi. Fojiada 19 kishi, jumladan 13 bola va to‘rt nafar o‘qituvchi hayotdan ko‘z yumadi. Bundan tashqari, yana ikki nafar fuqaro mudofaasi xodimi halok bo‘ladi. Hodisa qurbonlarining barchasi xorij fuqarolari edi.

Villagio Mall

2013 yil 10 iyun. Xitoyning Tszilin provinsiyasida kuchli yong‘in sodir bo‘ladi. Oqibatda, 120 kishi hayotdan ko‘z yumadi, yana 70 kishi kasalxonaga yotqiziladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga suyuq ammiakning sizib chiqishi sabab bo‘lgan. Hodisadan omon qolgan voqea guvohlari yong‘indan avval kuchli portlash sodir bo‘lganini aytishgan.

2014 yil 2 may. Odessa shahri bo‘ylab Ukraina yaxlitligini qo‘llovchi futbol muxlislari va mamlakatni federativ davlatga aylantirish tarafdorlari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tadi.

To‘qnashuvlarda eng fojiali hodisa Kasaba uyushmalari uyida sodir bo‘ladi. O‘sha paytda bu binoda Ukrainani federativ davlat qilish tarafdorlari yig‘ilgan edi.

Ukraina yaxlitligini qo‘llovchilar binoga «Molotov kokteyli» uloqtirishadi va u yerda yong‘in boshlanadi. Oqibatda, 42 kishi halok bo‘ladi. Yana ko‘plab insonlar kuyish jarohatini olishadi.

2015 yil 5 iyun. Gananing Akkra shahridagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘ladi va kuchli yong‘in kelib chiqadi. Oqibatda, yaqin atrofda bo‘lgan 175 kishi halok bo‘ladi.

Foto: EPA

Tekshiruvlarda yuz bergan suv toshqini yoqilg‘i quyish shoxobchasidagi sisternaga zarar yetkazgani va undan sizib chiqqan yoqilg‘i portlagani aniqlanadi. O‘sha paytda suv toshqinidan qochgan odamlar yoqilg‘i quyish shoxobchasida jon saqlash uchun yig‘ilgan.

2016 yil 10 aprel. Hindiston janubi-g‘arbidagi Paravur shahridagi ibodatxonada yong‘in sodir bo‘ladi. Odamlar tomonidan otilgan feyyerverklardan biri pirotexnika vositalari joylashgan ombor tomiga kelib tushadi. Oqibatda avval portlash, so‘ng yirik yong‘in kelib chiqadi. Ushbu hodisada 106 kishi halok bo‘ladi, 350 dan ortiq kishi jarohatlanadi.

Foto: Sputnik

2017 yil 14 iyun. Britaniya poytaxti Londondagi Grenfell Tower osmono‘par binosida sodir bo‘lgan yong‘in 80 kishini hayotdan olib ketadi. Taxminlarga ko‘ra, 24 qavatli binoda yuz bergan yong‘inga muzlatkichlardan birining nosozligi sabab bo‘ladi.

Foto: BBC

2018 yil 18 yanvar. Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida harakatlanib ketayotgan avtobusda yong‘in kelib chiqadi. Oqibatda, avtobusda yo‘lovchi sifatida ketayotgan 52 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ladi.

Foto: RIA "Novosti"

2018 yil noyabr oyida jami 5 nafar ayblanuvchiga jazo tayinlanadi. Ulardan, avtobus haydovchilari Tanatov, Qirg‘izboyev va Pernebekovga 5 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini olishadi.

2018 yil 25 mart. Rossiyaning Kemerevo shahrida joylashgan «Zimnyaya vishnya» savdo markazida sodir bo‘lgan kuchli yong‘inda 64 kishi hayotdan ko‘z yumadi. Ulardan 41 nafari bolalar bo‘lgan.

Foto: TASS

Yong‘inga bolalar maydonchasidagi batutali basseynda kimdir porolonli to‘ldirgichni yondirgani sabab bo‘lgani taxmin qilingan. Hodisa yuz bergan vaqtda binodagi yong‘in signalizatsiyasi ishlamagan. Oqibatda, yong‘in boshlangach vahima yuz bergan va odamlar binoda chiqa olmay halok bo‘lgan.

2018 yil 3 fevral. Ozarboyjon poytaxti Boku shahridagi respublika narkologiya markazi binosida yong‘in yuz beradi va oqibatda 30 kishi halok bo‘ladi. Yana ko‘plab odamlar jarohatlanadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistondagi odam ko‘p halok bo‘lgan yirik yong‘inlar

2019 yil 22 fevral. Samarqand viloyati Urgut tumani Do‘stlik mahallasi Yangiariq ko‘chasidagi uyda yong‘in sodir bo‘ladi. Oqibatda xonadon egasining ikki nafar farzandi, kelini va ikki nafar nabirasi hayotdan ko‘z yumadi.

2019 yil 27 mart. Toshkent viloyati Chirchiq shahri «Bobur» MFYda joylashgan xonadonda yong‘in yuz beradi. Oqibatda, shu uyda yashagan oila a’zolaridan 4 nafari, ya’ni 33 yoshlik fuqaro, uning rafiqasi hamda ikki nafar – 8 va 12 yoshdagi farzandlari halok bo‘ladi.

2020 yil 17 fevral. Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani, Sardoba shaharchasi, «Ko‘rkam diyor» MFYda joylashgan xonadonda yong‘in sodir bo‘ladi. Oqibatda, bir oilaning 6 nafar a’zosi hayotdan ko‘z yumadi.

2021 yil 27 fevral. Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan «Shovotlandiya» milliy taomlari kafesida yong‘in sodir bo‘ladi. Oqibatda kafe binosi yonib ketadi.

Kafeda yashab ishlagan, voqea payti bino ichida uxlab yotgan ikki erkak va uch ayol is gazidan zaharlanib, tananing 100 foizi 3-4 darajali termik kuyib halok bo‘lgan holda topiladi.

Tergov davomida yong‘in qasddan sodir etilgani ma’lum bo‘lgan. Kafeni qasddan yoqib yuborgan shaxs bino devorlariga o‘zi bilan olib kelgan idishdagi suyuqlikni sepgani, yana bir idishdagi suyuqlikni esa bino ichkarisiga otgani, binoga o‘t qo‘ygach alanga chiqishini kuzatib, yong‘in avjiga chiqqach, voqea joyini tark etgani aniqlangan.

Sud hukmi bilan yong‘inni uyushtirgan ikki kishiga umrbod qamoq jazosi beriladi.

2022 yil 15 avgust. A-380 G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynov xalqaro avtomobil yo‘lining Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidan o‘tgan qismida Spark va Gentra mashinalari o‘zaro to‘qnashadi va yong‘in kelib chiqadi. Oqibatda har ikki mashinada bo‘lgan 8 kishi tiriklay yonib ketadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid