Jahon | 22:04 / 30.07.2023
26849
8 daqiqa o‘qiladi

Ukraina qarshi hujumi: G‘arb zirhli texnikalari Rossiya mudofaasiga qarshi

BBC nashri muxbiri janubiy frontdagi Ukraina qo‘shinlari qarorgohiga safar qilib, Kiyev qarshi hujumi qanday davom etayotgani, shuningdek, harbiylar Rossiya mudofaasini yorib o‘tishda qanday qiyinchiliklarga duch kelayotgani haqida maqola tayyorladi.

Foto: MOOSE CAMPBELL/BBC

Ukraina janubidagi qarshi hujumga javobgar bo‘lgan «Tavriya» tezkor-strategik kuchlar guruhi qo‘mondoni general Oleksandr Tarnavskiyning aytishicha, Rossiya bir necha qator mudofaa chiziqlarini va minalangan maydonlarni qurgan, bu esa harbiy texnika, jumladan G‘arb tanklari va zirhli transportyorlarining (BTR) oldinga siljishiga to‘sqinlik qilmoqda.

«Aksariyat vazifalarni piyodalar bajarishiga to‘g‘ri kelyapti», deydi general.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar Ukraina qo‘shinlarining tezkorlik bilan oldinga siljishiga imkon bermay, professional xislatlarini namoyish etmoqda.

«Men dushmanga past baho bermayman», deya qo‘shimcha qilgan general Tarnavskiy.

G‘arb tomonidan yetkazib berilgan tanklar va zirhli mashinalar vaziyatni Ukraina foydasiga burishi mumkinligiga dalillar hozircha kam.

Qarshi hujumning dastlabki kunlarida Zaporijjya oblastidagi Orixiv shahri yaqinida bir nechta Leopard tanklari va AQShning Bradley jangovar mashinalari ishdan chiqarilgan yoki yo‘q qilingan.

Rossiya pozitsiyalarini yorib o‘tish uchun asosan g‘arblik ittifoqchilar tomonidan o‘qitilgan va qurollantirilgan Ukraina qo‘shinlarining 47-brigadasi tez orada minalangan maydonlar, keyin esa artilleriya o‘qlari yordamida to‘xtatildi.

Rossiya Ukraina qarshi hujumi muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ta’kidlab, dalil sifatida bir nechta video keltirdi. Ammo bu hal qiluvchi zarba emas, balki birinchi muvaffaqiyatsizlik edi.

Rossiya mudofaa vazirligi qarshi hujumning ilk kunlarida yo‘q qilingan tanklar aks etgan kadrlarni namoyish qilgan. Foto: RUSSIAN DEFENSE MINISTRY

BBC jurnalistlari 47-brigadaning front chizig‘i ortidagi o‘rmonga yashiringan dala ustaxonasiga tashrif buyurgan, u yerda o‘ndan ortiq zirhli mashinalar, asosan AQShning Bradley mashinalarini ta’mirlashga harakat qilishmoqda.

Bu mashinalar armiya ixtiyoriga yetib kelganda, ularda hech qanday tirnalish ham yo‘q edi. Hozirda esa ular jangovar chandiqlar bilan qoplangan.

Uzilgan gusenitsalar, burishib qolgan temir g‘ildiraklar bir nechta jangovar mashina Rossiya minalarida portlab ketganidan dalolat beradi.

«Biz ularni qanchalik tez tuzatsak, kimningdir hayotini saqlab qolish uchun ularni tezroq oldingi safga qaytarishimiz mumkin», deydi muhandislardan biri Sergey.

U ba’zi mashinalarni ta’mirlab bo‘lmasligini tan olgan — ularni yo ehtiyot qismlarga bo‘lish yoki qayta tiklash uchun «hamkorlarga qaytarish» kerak bo‘ladi.

G‘arb zirhli texnikalari Ukraina qo‘shinlarini mustahkam mudofaa bilan ta’minlagan bo‘lsa-da, ular qarshi hujumga xalaqit beruvchi asosiy to‘siqlardan biriga aylangan Rossiyaning minalangan maydonlarini yorib o‘ta olmadi.

Janubiy front bo‘ylab safar paytida jurnalistlar Buyuk Britaniya tomonidan yetkazib berilgan, shikastlangani va yo‘q qilingan Mastiff zirhli mashinalarini ham uchratgan.

47-brigada minalarni tozalashda sovet davriga mansub eski tanklardan foydalanadi. Ammo maxsus jihozlar bilan jihozlanganiga qaramay, ular har doim ham o‘zlarini yer ostiga ko‘milgan portlovchi moddalardan himoya qila olmaydi.

Sergey tanklarni ta’mirlar juda muhimligini aytadi, ammo ularning ayrimlarini endi ta’mirlab bo‘lmaydi. Foto: MOOSE CAMPBELL/BBC

Front chizig‘iga yaqinroq joyda, tank komandiri Maksim jurnalistlarga o‘zining yaqinda shikastlangan T-64 tankini ko‘rsatgan. Tank old tomondan ikkita mina trali bilan jihozlangan, biroq minalangan maydonlarni tozalashga urinayotganda ularning biridan ayrilgan.

«Odatda bizning trallar to‘rtta portlashgacha bardosh bera oladi», deydi Maksim. Uning so‘zlariga ko‘ra, rus qo‘shinlari minalardan tozalash uskunalarini yo‘q qilish uchun minalarni bir-birining ustiga qo‘yadi.

«Bu juda qiyin, chunki minalar juda ko‘p», deydi Maksim. Uning aytishicha, Rossiya mudofaa chizig‘i oldida ko‘pincha to‘rt qatordan ortiq minalangan maydonlar bo‘lgan.

Ukraina ko‘ngillilar armiyasining «Dok» laqabli havo razvedkasi komandiri va uning bir guruh razvedkachi-dron operatorlari janglarni og‘riq bilan kuzatgan.

«Dok»ning aytishicha, Rossiya Ukraina QK yurishini to‘xtatish uchun endi ko‘proq masofadan boshqariladigan minalardan foydalanmoqda. Foto: MOOSE CAMPBELL/BBC

«Dok» 2022 yil kuzida Xersondagi muvaffaqiyatli qarshi hujumda ishtirok etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu safar hamma narsa ancha murakkab bo‘lib chiqdi: urush davrida birinchi marta askarlar artilleriya zarbalaridan emas, minalardan ko‘proq yaralanmoqda.

«Biz oldinga siljishimiz bilan hamma joyda minalangan maydonlarni ko‘ramiz», deydi u.

«Dok» jurnalistlarga Ukraina qo‘shinlari Rossiya okoplari tomon harakatlanganining drondan olingan videosini ko‘rsatgan.

Askarlar xandaqqa yetib borishi bilan kuchli portlash sodir bo‘ladi. Xandaq bo‘sh, lekin minalar bilan to‘ldirilgan edi. «Dok»ning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari endilikda masofadan boshqariladigan minalardan foydalanmoqda.

«Askarlarimiz xandaqqa yetib borganda, ruslar shunchaki tugmachani bosadi va mina portlab, do‘stlarimizni halok qiladi», deydi komandir. So‘nggi ikki hafta ichida u bunday taktika bilan bir necha bor to‘qnash kelgan. «Dok» buni «yangi qurol» deb atagan.

Ukrainaning janubdagi hujumida harbiy mantiq bor. Bu rus qo‘shinlarini parchalash va bosib olingan Melitopol va Mariupoldan Qrimgacha bo‘lgan hududlarga chiqish uchun asosiy urinishdir. Ammo bu yo‘nalishga e’tibor qaratish, Ukraina Rossiya mudofaa chizig‘ining eng mustahkamlangan joylariga hujum qilishini anglatadi.

General Tarnavskiyning aytishicha, uning qo‘shinlari «og‘ir va mashaqqatli vazifa»ni bajarmoqda.

«Har qanday himoyani yorib o‘tish mumkin, ammo buning uchun vaqt, sabr va aqlli harakatlar kerak», deydi general.

Uning fikricha, Ukraina dushmanni asta-sekin zaiflashtirmoqda.

«Rossiya yo‘qotishlar uchun qayg‘urmaydi va uning harbiy rahbariyatidagi so‘nggi o‘zgarishlar ularda hammasi joyida emasligini bildiradi», degan Tarnavskiy.

Generalning ta’kidlashicha, Ukraina haligacha asosiy zarba beruvchi kuchlarini ishga solayotgani yo‘q.

«Asta-sekin bo‘lsa-da, qarshi hujum davom etmoqda va u albatta o‘z maqsadiga erishadi», deydi u.

BBC jurnalisti general Tarnavskiydan qarshi hujumning muvaffaqiyati yoki muvaffaqiyatsizligini qanday baholash mumkinligini so‘ragan.

«Agar hujum muvaffaqiyatli bo‘lmaganida, men hozir siz bilan gaplashmayotgan bo‘lardim», deya tabassum bilan javob bergan general.

Mavzuga oid