O‘zbekiston | 20:27 / 30.07.2023
52784
12 daqiqa o‘qiladi

Yangi davrdagi 5-almashuv: Farg‘onaga IIB boshlig‘i bo‘lgan Azizbek Ikromov ishonchni oqlay oladimi?

2015 yildan buyon Farg‘onada viloyat IIBda besh marta boshliq o‘zgardi. Azizbek Ikromovgacha ushbu lavozimga tayinlangan to‘rt rahbardan hech birining faoliyati uch yilga yetib bormagan.

2015 yildan buyon Farg‘ona viloyat ichki ishlar boshqarmasini Aloviddin Sultonov, Rahmat Mamatov, Doniyor Toshxo‘jayev, Muhiddin Jo‘rayev boshqarib kelgan bo‘lsa, 2023 yilning 27 iyul kuni bu vazifa general-mayor Azizbek Ikromovga topshirildi. Ushbu maqolada avvalgi rahbarlarning iste’fosiga sabab bo‘lgan omillar, shu paytgacha vazir Bobojonovning ishongan o‘rinbosarlaridan biri bo‘lgan Ikromovdan nima kutilayotgani haqida so‘z yuritamiz.

Aloviddin Sultonov (2015 yil sentabr – 2017 yil oktabr)

Aloviddin Sultonov Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Internet kengliklarida polkovnik Aloviddin Po‘latovich Sultonov haqidagi ma’lumotlar ko‘p emas. Faqatgina uning 2015 yil sentabrida Farg‘ona viloyati IIBga rahbar etib tayinlangani, 2017 yilning may oyida OAV vakillariga hisobot bergani ma’lum xolos.

Sultonov o‘z hisobotida viloyatda o‘tkazilgan profilaktika tadbirlari davomida sud va tergov organlaridan yashirinib yurgan 5 nafar shaxs aniqlanib ushlangani, muqaddam sodir etilib fosh etilmagan 2 ta jinoyat fosh etilgani, sababsiz dars mashg‘ulotlariga qatnashmaganligi aniqlangan o‘quvchilar bo‘yicha 50 nafar ota-onaga, 3 nafar ta’lim muassasasi xodimiga chora ko‘rilib, 213 nafar o‘quvchi ta’lim jarayoniga qaytarilgani haqida so‘z yuritgan.

Aloviddin Sultonovning nima uchun ishdan olingani haqida ochiq manbalarda ma’lumot yo‘q. U Farg‘ona viloyat IIB boshlig‘i lavozimida 2 yil-u 1 oy davomida faoliyat yuritgan.

Rahmat Mamatov (2017 yil oktabr – 2020 yil yanvar)

Rahmat Mamatov Foto: Facebook/ Mamatov Rahmat Toshnazarovich

Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, Xorazm viloyati IIB boshlig‘i, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, vazirning birinchi o‘rinbosari, Navoiy viloyati Xalq qabulxonasi mudiri bo‘lib ishlagan Rahmat Mamatov 2017 yilning oktyabridan 2020 yilning yanvarigacha Farg‘onaning “bosh militsioner”i bo‘lgandi.

2019 yilning dekabrida Farg‘onada ichki ishlar vaziri o‘rinbosari hamda IIV O‘z xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda xodimlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar, xizmat intizomining buzilishi, shuningdek, kelgusida xodimlar o‘rtasida salbiy holatlar tanqid qilingan, qator ichki ishlar xodimlari ishdan olinib, bir qanchasiga intizomiy jazo berilgan, 68 nafari esa ogohlantirilgandi.

2020 yilning 21 yanvar kuni Rahmat Mamatov “Mahalla” xayriya jamoat fondi raisi bo‘lgani e’lon qilindi. Bir oydan so‘ng fond vazirlikka aylantirilgan, fond rahbari esa Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri bo‘lgandi. Eng qizig‘i, o‘sha paytda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgan Azizbek Ikromov IIVdagi lavozim va vazifalarini saqlab qolgan holda Mamatovga ham o‘rinbosarlik qilgandi.

Biroq Mamatov vazir sifatidagi uzoq ishlamadi - 2022 yilning fevralida Samarqand viloyat IIB boshlig‘i etib tayinlandi.

Doniyor Toshxo‘jayev (2020 yil yanvar – 2022 yil fevral)

Doniyor Toshxo‘jayev Foto: O‘zA

Doniyor Toshxo‘jayevni ham ko‘pchilik jamoatchilikka ochiq, zamonaviy fikrlovchi, fuqarolar bilan har qanday vaziyatda muloqotga kirisha oladigan shaxs sifatida bilishadi. Unga istalgan savolni berish va to‘g‘ridan to‘g‘ri javob olish mumkin edi, deb yozgandi u bilan Farg‘onada intervyu uyushtirgan Insider.uz Telegram kanali.

Bungacha u ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — IIV huzuridagi Tergov departamenti boshlig‘i bo‘lib ishlayotgandi.

Biz bu yerga Toshkentdan ko‘plab g‘oyalarni olib kelganmiz, avgust oyida 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilinganida inson omili nolga teng bo‘lgan, javob berish mobil tarzda, xodimlar real vaqt rejimida qayerdan qo‘ng‘iroq bo‘layotgani-yu, kim o‘sha joyga eng yaqin bo‘lsa yetib boruvchi tizimni taqdim etamiz. Bu haqda uni ishga tushirganimizdan so‘ng batafsil gaplashamiz”, degandi u faoliyatining ilk davrida.

U so‘zining uddasidan chiqib, o‘zi va’da qilgan tizimni ishga tushirdi. Bundan tashqari, viloyatdagi ichki ishlar tizimida qator o‘zgarishlar qila oldi, sohaga innovatsiya yutuqlarini olib kirdi. Aqlli svetoforlar, Farg‘ona viloyati bo‘ylab, haydovchilarni istasa-istamasa sekinlashishga majbur qiladigan notekis piyodalar o‘tish joylari, uchuvchisiz uchadigan qurilmalar yordamida huquqbuzarliklarni qayd etish respublikada birinchi bo‘lib Farg‘onada ko‘rinish berdi.

O‘zgarishlarni hatto prezident Shavkat Mirziyoyev ham e’tirof etgandi. Davlat rahbari Farg‘ona viloyatini boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatarkan, bu yerda YHT sonini 31 foizga, “avariya”lardagi o‘limni 21 foizga, piyodalar o‘rtasidagi yo‘l-transport hodisalari 37 foizga qisqartirishga erishilganini mamnuniyat bilan ta’kidlagandi.

Biroq viloyatda sodir bo‘lgan ayrim voqealar Toshxo‘jayevning karerasiga qaysidir ma’noda nuqta qo‘ydi deyish mumkin. Quva tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari o‘z molxonasi qurilishida inspektorlarni ishlatgani, ulardan 55 ming so‘mdan pul yig‘ib olgani, haydovchilarni jarimaga tortish bo‘yicha “plan” belgilagani yuzasidan sobiq inspektorning ijtimoiy tarmoq orqali videomurojaat yo‘llagani, biroq bu ishlar bosdi-bosdi qilishga urinilgani, IIB idorasiga olib kelingan fuqarolar ko‘p o‘tmay u yerda vafot etgani, shular jumlasidandir.

Biroq shunga qaramay Toshxo‘jayevning ishdan olinishi jamoatchilik uchun kutilmagan voqea bo‘lgandi. IIV ushbu iste’foni Farg‘onada so‘nggi yillarda jinoyatchilik keskin oshgani, xususan, o‘g‘rilik, firibgarlik kabi jinoyatlar ortib ketgani, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar profilaktikasidagi kamchiliklar oqibatida ushbu turdagi jinoyatlar salmog‘i sezilarli darajada oshishiga yo‘l qo‘yilgani, xotirjamlikka berilish, jinoyat muhokamalari va profilaktik tadbirlarning o‘z vaqtida o‘tkazilmaganligi, hamkor tashkilotlar bilan hamjihatlikning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi, salbiy oqibatlarni keltirib chiqargani bilan izohlagandi.

Muqaddam Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari – Tergov boshqarmasi boshlig‘i, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari — Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ham faoliyat ko‘rsatgan, jamoatchilik tomonidan ichki ishlar vaziri lavozimi uchun nomzodlardan biri deya ishonilgan Doniyor Toshxo‘jayev ayni paytda Toshkent viloyat IIBB Tergov departamenti boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlamoqda.

Muhiddin Jo‘rayev (2022 yil fevral – 2023 yil iyul)

Muhiddin Jo‘rayev Foto: IIV matbuot xizmati

Muhiddin Jo‘rayev Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangunga qadar Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida xizmat qilgan. Bungacha esa Qo‘qon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i, ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari, Sirdaryo viloyat IIB boshlig‘i, poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani IIB boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Farg‘ona viloyat IIBni ikki yildan sal ko‘proq vaqt mobaynida boshqargan Jo‘rayev haqida jamoatchilik aytarli hech narsa bilmaydi. U o‘tmishdoshidan farqli ravishda yopiq rahbar edi.

Uning boshqaruvi davrida Farg‘onada IIB xodimlari quyushqondan chiqqani, vakolat chegarasidan chiqib, fuqarolarga jismoniy tajovuz qilayotgani aniqlangandi. Shuningdek, Quvasoyda IIB xodimlari tomonidan mastlik holatini tekshirish uchun olib ketilayotgan fuqaro to‘satdan vafot etgan, Toshloqda profilaktika inspektori o‘zini otib qo‘ygan, o‘g‘rilik qilgani ortidan 16 oktabr kuni qo‘lga olinib, tuman IIB boshlig‘i qaroriga asosan Qo‘qon shahridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan 15 yashar o‘smirning shu yerda joni uzilgan, voqea shov-shuv bo‘lishi ortidan o‘smirning o‘limiga bevosita aloqador bo‘lgan ikki xodim ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi boshlig‘i lavozimidan ozod etilgan, yetti nafar xodim jazolangandi. 20 iyul kuni Farg‘ona shahrining Yangi asr ko‘chasida joylashgan qurilishi tugallanmagan bino yonidan 11 yoshli qizchaning murdasi zo‘rlash va qotillik alomatlari bilan topilgandi. Bu hali matbuotda yoritilgan xabarlar xolos.

Shavkat Mirziyoyev shu yilning 27 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyatda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish masalasiga alohida to‘xtalib, bu boradagi ishlar ahvoli qoniqarsizligini tanqid qildi. Faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklar uchun Muhiddin Jo‘rayev lavozimidan ozod etildi.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, Jo‘rayev jinoyatchilikka qarshi kurashish o‘rniga statistikani sun’iy kamaytirish bilan shug‘ullanib kelgan, viloyatda jinoyatlarni ro‘yxatga olmaslik orqali ularni yashirish oddiy holga aylanib qolgan.

Azizbek Ikromov (2023 yil iyul)

Azizbek Ikromov Foto: Kun.uz

Azizbek Ikromovni universal askar deyish mumkin. Bir qarasang mudofaa vaziri o‘rinbosari, bir qarasang, ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va kadrlar bilan ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i hamda bir vaqtning o‘zida mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vaziriga muovin bo‘la oladigan mulozimni yana qanday atash mumkin?!

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida viloyat IIB rahbari etib tayinlangan Ikromovning oldida viloyatda jinoyatchilikni kamaytirish, xodimlar o‘rtasidagi salbiy holatlarga chek qo‘yish, Farg‘onani kriminogen hudud degan tamg‘adan xalos etish vazifasi turibdi.

Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi mualliflaridan biri bo‘lgan Azizbek Ikromov Kun.uz’ga bergan intervyusida ichki ishlar tizimi xalqchil tizimga aylanishi, buning uchun esa shaffoflik bo‘lishi kerakligi, tizim aniq o‘zgarishini ta’kidlagan edi. Endilikda u buni til uchida aytmaganini Farg‘ona IIBni o‘zgartirish orqali isbotlashiga to‘g‘ri keladi. Umid qilamizki, “universal askar” buning uddasidan chiqadi.

Jamshid Niyozov,
jurnalist

Mavzuga oid