Jahon | 23:40 / 31.07.2023
17956
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Rossiya Ukrainani bosib olishga qodir emas, lekin keyinroq bu g‘oyaga qaytishi mumkin 

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya o‘z mamlakatini to‘liq bosib olish va yo‘q qilishga qodir emas deb hisoblaydi. 

Foto: president.gov.ua

Bu haqda davlat rahbari Braziliyaning Globo teleradiokompaniyasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Xususan, Zelenskiydan Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi bilan Suriyadagi urush orasida o‘xshashlik haqida so‘raldi. Prezident Suriya bilan sodir bo‘lgan voqea Ukraina bilan yuz berishi mumkin emasligini ta’kidladi. 

«Bunday bo‘lmaydi. Putin shuncha yil yashamaydi. Va u Suriyada biz bilan kurashayotgan sur’atda jang qilmadi. Garchi dahshatli uqubat va vayronagarchiliklar keltirgan bo‘lsa-da, bu boshqa urush», dedi Zelenskiy. 

Davlat rahbari fikriga ko‘ra, Ukrainadagi urushni Suriyada sodir bo‘layotgan voqealar bilan taqqoslab bo‘lmaydi, chunki Rossiya Ukrainaga butun armiyasini yo‘llamoqda. 

«Bizning zaminimizga butun armiya keldi. Bu armiyaning tayanchini Ukraina harbiylari va xalqi frontda va ko‘chada maksimal darajada yo‘q qildi. Menimcha, dunyo Suriya fojiasi atrofida birlashdi, deb o‘ylamayman. Menimcha, bu katta xato bo‘ldi. Dunyo urushni qayerdadir, uzoqda bo‘lyapti, deb o‘ylasa, bu har doim katta xato», dedi Zelenskiy. 

Davlat rahbari urushda Ukraina sadoqat bilan ozodlikni yoki o‘limni tanlaganini qo‘shimcha qildi. 

«Putin dosh berolmaydi. 30 yildan keyin u bo‘lmaydi. O‘ladi. Bu butunlay tushunarli. Lekin u 10 yil ham yashay olmaydi. Endi u avvalgidek emas. Ularning jang maydonidagi barcha harakatlari bugungi kunda Rossiya Ukrainani to‘liq bosib olishga va yo‘q qilishga qodir emasligini ko‘rsatmoqda. Ular bunga qodir emasligini allaqachon tushunib yetgan. Urush boshlanganida ular bunga qodir edi», dedi Zelenskiy. 

Zelenskiy kelajakda ruslar Ukrainani bosib olish g‘oyasiga qaytishi mumkinligini ta’kidladi. 

«Buning uchun ular nafas rostlab olishi kerakmi? Ha! Ularga kuch to‘plash uchun vaqt kerakmi? Ha! Ularga sanksiyalar olib tashlanishi uchun vaqt, shuningdek, dunyoning qaysidir joyidan siyosiy madad kerakmi? Ha! Bundan tashqari, bularning barchasiga Ukraina jim qarab turishi kerak. Ammo Ukraina jim turmaydi, Ukraina harakat qiladi», dedi Zelenskiy. 

Ukraina rahbari so‘zlariga ko‘ra, ukrainaliklarning hozirgi avlodi ruslarga avvalgidek kuchli bo‘lish imkoniyatini bermaydi. 

Mavzuga oid