Toshkentda avtobus va metro yo‘lkira narxlari o‘zgarishi kutilmoqda
Yo‘lkira narxlari tez kunlarda o‘zgaradi. Naqdsiz to‘lov va bir soat ichidagi almashishlar uchun imtiyozli narxlardan faqat transport kartalari egalari foydalana oladi. Bunday karta egalari uchun, shuningdek, kunlik, oylik va yillik tariflar paydo bo‘ladi.
Poytaxt jamoat transportida shu yil aprel oyida joriy etilishi belgilangan, lekin kechiktirilgan moslashuvchan tariflar tez kunlarda yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi yo‘lkira narxlari joriy etiladigan sana hozircha ma’lum emas. Bu haqda Kun.uz'ga soha ichidagi manba ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, bunda avtobus va metrodan foydalanuvchilar naqd pul va bank kartasi orqali 2 000 ming so‘m, transport kartasidan esa 1 600 so‘m to‘laydi. 1 soat ichida bir nechta jamoat transport turidan foydalanish orqali bir qancha chegirmalarga ega bo‘lish mumkin. Yo‘lovchi shu vaqt ichida avtobusga chiqsa, birinchi to‘lovda 1 600 so‘m, ikkinchisida 400 so‘m to‘laydi, keyingilarida yo‘lkira bepul bo‘ladi.
1 soat ichida avtobusdan metroga yoki metrodan avtobusga o‘tish bilan dastlab 1 600 so‘m, keyin 1 000 so‘m, uchinchi almashishda avtobusga chiqish bilan 400 so‘m to‘lanadi. To‘rtinchi marta almashtirishda esa yo‘lkira bepul bo‘ladi.
E’tiborlisi, bu chegirmalar faqat ATTO transport kartasini ishlatuvchilar uchun amal qiladi. Ular bilan quyida batafsil tanishish mumkin:
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, naqdsiz to‘lovlarni rag‘batlantirish choralari birmuncha qisqargan. Bank kartalari bilan to‘lash naqd pulda to‘lashga tenglashtirilgan, bir soat ichidagi imtiyozli narxlardan ham faqat ATTO kartalari egalari foydalanishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, 1 soatlik almashish tariflarining 3 ta asosiy sharti bor. Unga ko‘ra, bu tarifdan foydalanuvchilarga avtobusning faqat old eshigidan chiqishiga ruxsat beriladi.
Yo‘lovchi birinchi transportga chiqishidagi to‘lov qilingan vaqtdan boshlab hisob davri boshlanadi.
Bir soatlik tarifda imtiyozli narx metrodan faqat bir marta foydalanishga nisbatan tatbiq etiladi. Bu vaqt ichida ikki marta metrodan foydalanilsa, hisob davri yangidan, 60 daqiqa bo‘lib boshlanadi.
Qolaversa, yuqoridagidan tashqari, kunlik, haftalik, oylik va yillik tarif rejalari ham taklif etilyapti. Ma’lum summada to‘lov qilib belgilangan vaqt davomida cheksiz qatnovlarni amalga oshirish mumkin. Imtiyozli toifadagi shaxslar uchun 50 foiz chegirma qilinadi.
Avtobus uchun tariflar quyidagicha:
- 1 kunlik — 6 ming so‘m.
- 5 kunlik — 23 ming so‘m.
- 7 kunlik — 30 ming so‘m.
- 10 kunlik — 47 ming so‘m.
- 15 kunlik — 71 ming so‘m.
- 20 kunlik — 94 ming so‘m.
- 1 oylik — 140 ming so‘m.
- 3 oylik — 400 ming so‘m.
- 6 oylik — 720 ming so‘m.
- 1 yillik — 1 mln 350 ming so‘m.
Avtobus + metro uchun tariflar quyidagicha:
- 1 kunlik — 7 ming so‘m.
- 5 kunlik — 32 ming so‘m.
- 7 kunlik — 40 ming so‘m.
- 10 kunlik — 64 ming so‘m.
- 15 kunlik — 97 ming so‘m.
- 20 kunlik — 129 ming so‘m.
- 1 oylik — 194 ming so‘m.
- 3 oylik — 550 ming so‘m.
- 6 oylik — 1 mln so‘m.
- 1 yillik — 1 mln 900 ming so‘m.
Eslatib o‘tamiz, 16 fevral kuni imzolangan “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, Toshkent shahri jamoat transporti uchun moslashuvchan tariflar 1 aprel sanasidanoq joriy etilishi ko‘zda tutilgandi.
Keyinroq Transport vaziri Ilhom Mahkamov tariflarning yo‘lga qo‘yilishi nima sabab kechikayotganiga izoh berib, 15 maydan boshlab yo‘lga qo‘yilishini va’da qilgandi.
Bu muddatda ham kechikilgacha, vazirlik matbuot xizmati Kun.uz muxbiriga aniqlik kiritib, yangi amaliyot shahar deputatlar kengashi sabab hanuzgacha qo‘llanilmaganini ma’lum qilgandi.
Aytish lozim, yangi tarif tizimi joriy etilishining asosiy maqsad-mazmuni aholi mobilligini rag‘batlantirish hisoblanadi. Ya’ni yo‘lovchi 2-3 ta manzilga bormoqchi bo‘lsa, uning uchun jamoat transportidan foydalanish eng qulay variant bo‘lishi kerak. Bu shaxsiy transport jozibadorligini kamaytirish, jamoat transportidan foydalanuvchilar sonini oshirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, 2 avgust kuni yangi va rag‘batlantiruvchi tariflarni joriy etish to‘g‘risidagi Toshkent shahar hokimi qarori loyihasining muhokamasi yakunlandi. Endilikda hokim qarorni imzolashi kutilmoqda. Shundan so‘ng yangi tariflar amaliyotda qo‘llanila boshlanadi.
Mavzuga oid
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
10:47 / 08.11.2024
Toshkentda ayrim ko‘chalar yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi
16:17 / 07.11.2024