Jahon | 19:38 / 04.08.2023
13253
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Novorossiyskdagi bazasiga dengiz dronlari hujum qildi. Kemalardan biriga shikast yetkazilgan

4 avgustga o‘tar kechasi dengiz dronlari Novorossiyskdagi harbiy-dengiz bazasiga hujum uyushtirgan. Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning «Olenegorskiy gornyak» desant kemasiga zarba berilgani va kema jiddiy shikastlangani aks etgan videolar tarqalgan.

Juma kuni tongda Novorossiysk favqulodda xizmatlari Novorossiysk suvlari va Misxako qishlog‘i hududida portlash va otishma ovozlari eshitilgani haqida xabar berdi.

Keyinroq Rossiya mudofaa vazirligi harbiy-dengiz bazasiga ukrainlarning dengiz dronlari hujum qilgani haqida xabar berdi. Vazirlik «hujumni qaytarish chog‘ida ekipajsiz katerlar vizual aniqlangani hamda Rossiya kemasidagi standart qurollardan o‘qqa tutilib, yo‘q qilingani» haqida ma’lum qildi.

Novorossiysk shahri meri Andrey Kravchenko «Olenegorskiy gornyak» va «Suvorovets» kemalari ekipaji «o‘z vaqtida harakat qilgani» va «ekipajsiz katerlar hujumi oqibatlaridan qochishga yordam bergani» haqida aytdi.

BBC News Ukraina nashrining Ukraina xavfsizlik xizmatidagi manbasiga ko‘ra, hujum UXX va harbiy-dengiz kuchlari hamkorligida amalga oshirilgan. Ammo Kiyev rasman hujum uchun javobgarlikni zimmasiga olmagan.

Ukraina xavfsizlik xizmatidagi manbaning tasdiqlashicha, «Olenegorskiy gornyak» kemasiga shikast yetkazilgan. Hujum haqidagi dastlabki xabarlardan keyin mahalliy telegram-kanallarda kema shatakka olib ketilayotgani aks etgan video tarqaldi, unda kema bir tomonga og‘ib ketganini ko‘rish mumkin.

 

Ukraina nashrlari esa ushbu kemaga suvusti droni borib urilishi aks etgan kadrlarni ham namoyish etdi.

«Interfaks» agentligi «Kaspiyskiy truboprovodnyy konsorsium» (KTK) kompaniyasiga asoslanib, Novorossiysk portida kemalar harakati vaqtincha taqiqlanganini xabar qilgan.

KTK kompaniyasi Novorossiysk yaqinidagi neft terminaliga egalik qiladi. Kompaniya matbuot xizmati terminal shikastlanmagani va langar tashlab turgan tankerlarga neft yuklashda davom etayotganini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid