Jahon | 19:02 / 06.08.2023
25789
6 daqiqa o‘qiladi

Kerch bo‘g‘ozida Rossiya tankeriga hujum qilindi. Bu haqda nimalar ma’lum?

Dengiz va daryo transporti federal agentligi («Rosmorrechflot») Rossiyaning «Sig» tankeri dengiz droni hujumi natijasida zararlangani haqida xabar berdi. Rossiyalik z-blogerlar avvalroq Rossiya kemasiga ukrainlarning boshqaruvchisisiz kateri bilan hujum qilinganini aytishgandi. BBC News Ukrainaning Ukraina xavfsizlik xizmatidagi manbasi rossiyaliklar tankeriga qilingan hujum UXX va Ukraina harbiy-dengiz kuchlarining qo‘shma amaliyoti bo‘lganini bildirgan. 

Shanba kuniga o‘tar kechasi Qrim ko‘prigi hududida portlash ro‘y bergani ehtimoli haqida xabarlar kela boshladi. Xususan, bir qancha telegram-kanallar Qrimning Leninskiy rayonidagi Yakovenkovo aholi yashash manzili atrofida (ko‘prikdan janubda) portlash ro‘y bergani haqida xabar qilishdi.

Shuningdek, ko‘prikdagi chiroqlar o‘chirilgani va harakat to‘xtatilgan. Bu ma’lumotni anneksiya qilingan Qrim rahbari maslahatchisi Oleg Kryuchkov o‘z telegram-kanalida tasdiqladi. Shu bilan birga, u «baland ovozlar»ning Qrim ko‘prigiga aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan. Zaporijjya oblastining okkupatsiya ostidagi qismiga Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyat rasmiysi Vladimir Rogov ham portlash ko‘prikda emas, uning atrofida bo‘lganini aytdi.

Ko‘p o‘tmay z-blogerlar ukrainlar dron Kerch bo‘g‘ozidagi rossiyaliklar tankeriga kelib urilganini yoza boshladi.

«Voyenkor» Yuriy Kotenok o‘z telegram-kanalida Rossiyaning «Sig» tankeri Kerch bo‘g‘ozidan 30 dengiz mili masofada ukrainlarning dengiz droni zarbasiga uchraganini yozgan. Kotenokning tasdiqlashicha, kema suv yuzasida qolgan, ekipaj a’zolari omon qolgan, faqat dvigatel bo‘lmasini suv bosgan.

Shunday ma’lumot «Rybar» telegram-kanali (1,1 mln obunachiga ega bo‘lgan eng mashhur kanallardan) tomonidan ham e’lon qilingan.

Shundan keyin Rossiyaning TASS davlat agentligi qutqaruvchilar guruhi Novorossiyskdan Kerch bo‘g‘ozi tomon harakatlanganini xabar qildi. Shu bilan birga, agentlik «qator telegram-kanallar»ga asoslanib, nomini keltirmagan holda «tankerga dron hujumi» haqida xabar berdi.

Bir necha soat o‘tib TASS «Kerch bo‘g‘ozida Ukraina tomoni hujumi oqibatida shikastlangan tanker» haqida yozdi – ammo hech qanday manbaga havola keltirmagan holda. Agentlik tanker nomini ham yodga olmagan.

Agentlik xabarida tanker oldiga ikkita shatakchi kema yo‘llangani, kemaning mashina bo‘lmasi shikastlangani, 11 kishidan iborat ekipaj xavfsizlikda ekani va hech kim jabrlanmagani qo‘shimcha qilingan.

Agentlikning shaxsi sir tutilgan suhbatdoshi tanker «bo‘g‘oz hududida, faqat uning janubida hujumga uchragani»ni aytgan.

MarineTraffic servisi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya bayrog‘i ostida suzgan tanker Kavkaz portiga Kerch bo‘g‘ozining Rossiya tomonidan kirgan. 2019 yilda ushbu kema Suriyaga aviayonilg‘i tashish bilan shug‘ullangani tufayli Amerika sanksiyalari ro‘yxatiga tushgandi.

Shanba kuni soat 3 atrofida anneksiya qilingan Qrimdagi operativ shtab Qrim ko‘prigi bo‘ylab harakat tiklanganini xabar qildi.

Tongga yaqin «Rosmorrechflot» «Sig» tankerida «taxminan dron zarbasi oqibatida o‘ng tomondagi vaterliniya (kemaning suvga botish chizig‘i) hududidagi mashina bo‘lmasida teshik hosil bo‘lgani» haqida xabar berdi. Xabarda hujum qilgan dron kimniki bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan.

«Rosmorrechflot» xabarida hujum arafasida kema Kerch bo‘g‘oziga janubdan kirayotgan bo‘lgani, hozirda u suzishda davom etayotgani aytilgan.

BBC News Ukrainaning Ukraina xavfsizlik xizmatidagi manbasi Rossiyaning «Sig» tankeriga qilingan hujum UXX va Ukraina harbiy-dengiz kuchlarining qo‘shma amaliyoti bo‘lganini bildirgan. Kiyev hozircha bu holat uchun javobgarlikni rasman o‘z zimmasiga olmadi.

Nashrning UXXdagi manbasiga ko‘ra, amaliyot 450 kg trotil yuklangan dengiz droni orqali o‘tkazilgan. Shuningdek, u rossiyaliklar tankeridan «anchagina yonilg‘i oqib ketgani»ni aytgan.

TASS esa Novorossiysk Dengiz qutqaruv-muvofiqlashtirish markaziga asoslangan holda tankerdan yonilg‘i to‘kilishi kuzatilmaganini yozgan.

Bir kun ichida ikkinchi holat

Jumaga o‘tar kechasi dengiz dronlari Novorossiyskdagi harbiy-dengiz bazasiga hujum qilgandi. Keyinroq Rossiya mudofaa vazirligi bazaga ukrainlarning dengiz dronlari hujum qilganini ma’lum qildi.

Rossiyalik harbiylar va hududiy rasmiylar RF harbiy kemasi «ekipajsiz katerlar hujumidan zararlanmagani» haqida bildirgan bo‘lsa-da, telegram-kanallarda bir tomonga og‘gan kema shatakka olingan holda ketayotgani aks etgan video tarqaldi. Ukraina nashrlari esa suvusti droni «Olenegorskiy gornyak» katta desant kemasiga borib urilayotgani aks etgan videoni namoyish etdi.

BBC News Ukrainaning Ukraina XXdagi manbasi bu hujum Ukraina xavfsizlik xizmati va mamlakat harbiy-dengiz kuchlari hamkorligida o‘tkazilgan amaliyot bo‘lganini aytgan. Ammo Kiyev hujum uchun javobgarlikni rasman o‘z zimmasiga olmagan.

Mavzuga oid