Shavkat Mirziyoyev Olimpiya shaharchasi va Yangi Toshkent loyihalari bilan tanishdi
Davlat rahbari loyihalarni o‘z vaqtida, sifatli barpo etish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bunyodkorlik loyihalarining borishi haqidagi taqdimotlar bilan, jumladan, Olimpiya shaharchasi qurilishi bilan tanishdi.
Qayd qilinishicha, uning maydoni 100 gektar bo‘lib, 10 ming o‘rinli yengil atletika va futbol stadioni, 6 ta yopiq va 7 ta ochiq sport inshootlari, suv sporti saroyi, velotrek, yakkakurash, jamoaviy sport majmualari barpo etiladi. Bu yerda 2025 yilda Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari o‘tkaziladi.
Loyiha Xitoyning CAMC Engineering kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Qurilishga mingdan ziyod ishchi va muhandislar, ilg‘or texnikalar jalb qilingan. Hozirgi kunga qadar 7 ta asosiy binoning yer osti ishlari to‘liq bajarilgan. Navbatdagi bosqichlar jadallik bilan davom ettirilmoqda.
Ushbu hudud yaqinida yana bir shahar – Yangi Toshkent qurilishi rejalashtirilgan. Davlat rahbari 2023 yil 18 mart kuni unga tamal toshi qo‘ygan edi. Loyihaning birinchi bosqichida 60 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, davlat idoralari uchun ma’muriy binolar, bog‘lar, ijtimoiy va iqtisodiy obektlar barpo etiladi.
Taqdimotda shu boradagi dastlabki ishlar haqida axborot berildi. Bugungi kunda shaharni loyihalashtirish va qurilishni muvofiqlashtirish uchun direksiya tuzilgan. Hudud chegaralari tasdiqlanib, Kadastr agentligi bilan inventarizatsiya qilingan. Infratuzilma va me’moriy yechimlarning turli bosqichlari bo‘yicha Singapur, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Turkiya kompaniyalari va mahalliy tadbirkorlar bilan shartnomalar tuzilgan.
Xususan, Singapurning Meinhardt group kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan loyihada ijtimoiy soha obektlari joylashuvi, transport tarmoqlari va ularni poytaxtimiz bilan bog‘lovchi yo‘llarga alohida e’tibor qaratilgan.
Taqdimotda, shuningdek, Islom sivilizatsiya markazining ichki me’moriy qiyofasi haqida ham ma’lumot berildi. Markazdan o‘rin oladigan muzeyda mutafakkir bobolarimizning ilmiy merosi, ular yashagan davr muhiti aks ettiriladi.
Davlat rahbari loyihalarni o‘z vaqtida, sifatli barpo etish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.
Mavzuga oid
21:17
SSV huzurida «Xaridlar markazi» va uning 13 ta hududiy filiali tashkil etiladi
16:20
“Iqlim o‘zgarishi muammolarini ayniqsa Markaziy Osiyoda o‘tkir his qilyapmiz” - Shavkat Mirziyoyev
14:37 / 13.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Bokuda Ilhom Aliyev bilan uchrashdi
13:50 / 13.11.2024