O‘zbekiston | 19:59 / 07.08.2023
28359
4 daqiqa o‘qiladi

Vazir o‘rinbosari hokim lavozimiga tushirildi

Shaharda investitsiya masalasida muammolar kuzatilayotgani qayd etildi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Dilshod Shuhratovich Sultonov Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahar hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlandi.

Dilshod Sultonov 1980 yilda tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, iqtisodchi. 2002 yilda Toshkent temir yo‘llari va transport institutini tamomlagan.

Moliya vazirligi tizimida ish faoliyatini 2003 yildan boshlagan. 2003-2012 yillarda Moliya vazirligining soliq siyosati boshqarmasi bosh iqtisodchisi, bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, bo‘lim boshlig‘i. 2013-2017 yillarda Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi boshlig‘i, Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori lavozimlarida ishlagan. 2017-2018 yillarda moliya vazirligining Davlat budjeti bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.

2018 yil sentabridan buyon vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi. Vazirlikdagi o‘zgarishlar doirasida 7 avgust kuni u va Erkin Rustamov o‘rinbosar lavozimidan olindi.

Yangiyo‘l shahrining oldingi hokimi Farhod Mirzayev 2023 yil iyulida prezident raisligidagi yig‘ilishda o‘ndan ortiq tuman va shahar hokimlari qatorida ishdan olingandi.

Sessiyada Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev tanqidiy-tahliliy nutq so‘zladi. 

Viloyat hokimi o‘z so‘zida Yangiyo‘l shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida qilingan ishlar, mavjud kamchiliklar, reja-maqsadlarga to‘xtaldi.

«Investitsiya dasturi doirasida o‘tgan yili 10 ta korxona ishga tushgan, afsuski, bu yilga kelib, shundan 5 tasi faoliyat ko‘rsatmayapti. Investitsiya jalb qilish borasida shaharda oqsoqlik bor. Ikkita eksportyor korxona yaqinda faoliyatini to‘xtatdi, nega shunday bo‘ldi - birov qiziqmadi, yelka tutmadi tadbirkorga. Bu boradagi reja 13 foizga bajarilgan, xolos. 

Samarqand va Baxt mahallalarida 2021 yili boshlangan qurilish-ta’mirlash ishlari hali yakuniga yetmagan, chala. Umuman, 2021 yil uchun «Obod mahalla» dasturida belgilangan qurilishlar atigi 37 foiz bajarilgan, xolos.

«Yangi bog‘» mahallasida ko‘p qavatli uy qurib foydalanishga topshirilishi kerak edi. Fuqarolar pulni to‘lab qo‘ygan. Uy hali chala, qurilish to‘xtab qolgan. Nega deputatlar, jamoatchilik jim? Mojaro yuzaga kelguncha kutamizmi? Bunday holatga endiyam befarq qarash gunoh

Yangiyo‘l shahrida bo‘ladigan sayyor qabul eng og‘ir o‘tadi. Bu yerning xalqi shunchaki shaxsiy masalalar bilangina kelmaydi. Mahalla, shahar hududiga oid dangal masala chiqindilarni vaqtida olib chiqib ketish katta muammo. 

Yangiyo‘l shahrini chiqindilardan tozalash bo‘yicha ommaviy safarbarlik bo‘lmasa, bir martaga tozalab olinmasa bo‘lmaydi. Uch kun, besh kun, qancha vaqt ketsa ham qilamiz buni. Murojaatlarning 47 foizi shu chiqindi masalasi. 

Sobiq hokim Farhod Mirzayev yomon ishlamadi. Uyiga bormay, sog‘lig‘iga qaramay ishlaganiga guvohman. Katta tajribasi bor edi. Lekin bitta inson aravani torta olmaydi. Shahar faollari birikmasa, ish yurmaydi. Bu holat barchaga saboq bo‘lishi kerak», degan viloyat hokimi.

Mavzuga oid