20:22 / 08.08.2023
33747

Mbappega «jazo» va tutqunlikdagi Keyn. So‘nggi transfer xabarlari

«PSJ» yangi hujumchi oldi, Neymar «Barselona»ga qaytishi mumkin.

Yozgi transferlar davom etmoqda, yana bir qator futbolchilar o‘zlariga yangi klub topishdi, yana bir qancha transferlar hal bo‘lishi kutilmoqda. Quyida so‘nggi kunlarning eng asosiy transfer xabarlari dayjesti.

Amalga oshgan transferlar

«PSJ» «Benfika» hujumchisini qo‘lga kiritdi

Gonsalu Ramush futbol fanatlariga 2022 yil oxirida yaxshi tanilgandi. Portugaliyalik hujumchi JCh-2022 1/8 finalida Shveytsariyaga qarshi o‘yinda (6:1) Krishtianu Ronaldu o‘rniga maydonga tushgandi. Ko‘pchilikka notanish bo‘lgan yigitcha het-trik qayd etgan, uning jamoasi raqibni yakson etgandi.

Ramush «Benfika» safida ham mavsumni yomon o‘tkazmadi: 47 o‘yin, 27 gol, 12 golli uzatma. Portugaliya chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi, endi esa Parijga yo‘l oldi.

Parij klubi moliyaviy feyr-pley qoidalarini aylanib o‘tish uchun futbolchini mavsum yakunida sotib olish huquqi bilan ijaraga oldi va uni rasman o‘z futbolchisi sifatida taqdim etdi.

Fabritsio Romano avvalroq 22 yoshli forvard keyingi yozda 65 million yevroga sotib olinishi mumkinligini aytgandi. Yana 15 million yevro bonuslar shaklida to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

«Inter» yangi darvozabon topdi

Milan klubi bu yozda Andre Onanani «Manchester Yunayted»ga sotdi va Samir Handanovichni erkin agent sifatida qo‘yib yubordi. Tabiiyki, jamoaga yangi darvozabon kerak edi va klub Yan Zommer tanlovida to‘xtadi.

Shveytsariya jamoasi darvozaboni «Bavariya»ga yarim yil muqaddam kelgandi, uni o‘shanda oyog‘ini sindirib olgan Manuel Noyyerning o‘rniga olib kelishgandi. Endi Noyyer qaytganidan keyin Yan ikkinchi raqamli darvozabon bo‘lishni istamadi va myunxenliklar klubi bilan xayrlashib, «Inter» bilan 2026 yil yoziga qadar shartnoma tuzdi. Milanliklar klubi transfer uchun 6 mln yevro to‘lagan.

«Napoli» Kim Min Jega o‘rinbosar topdi

Yozda «Napoli» juda muhim futbolchisini yo‘qotdi — koreyalik himoyachi Kim «Bavariya»ga yo‘l oldi. Italiya chempioni Braziliyadan uning o‘rniga futbolchi topdi. Tarkib 22 yoshli Natan bilan to‘ldirildi va u bilan besh yillik shartnoma imzolandi. Himoyachi transferi uchun «Napoli» «Red Bull Bragantino» klubiga 10 mln yevro to‘ladi.

Bundan tashqari, «Napoli» «Selta» havbeki Gabriel Veyguni sotib olishga harakat qilmoqda. Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, italyanlar klubi 30 mln yevro taklif qilmoqda, ammo ispanlar 10 mln yevro ko‘proq so‘ramoqda.

«Arsenal» tarbiyalanuvchisi «Lion»ga o‘tdi

«Arsenal»ning sobiq futbolchisi Eynsli Meytlend-Nayls Fransiyaga yo‘l oldi. London klubi safida 130 o‘yin o‘tkazgan futbolchi erkin agentga aylangan. O‘tgan davr mobaynida futbolchi to‘rt bor ijaraga berilgan: «Ipsvich», «Vest Bromvich», «Roma» va «Sauthempton» klublariga. «Men aynan shu klub bilan shartnoma imzolaganimdan juda xursandman, — dedi futbolchi transfer amalga oshirilganidan keyin. — Agar kimdir menga yoshligimda qachondir «Lion»da o‘ynashim mumkinligini aytganida, men buni tasavvur qila olmasdim! Men endi shunchaki bu imkoniyatdan foydalanishim kerak».

Kutilayotgan transferlar

Neymar «Barselona»ga qaytadimi?

«PSJ» bu yozda Neymar bilan xayrlashishi mumkin. L'Equipe ma’lumotiga ko‘ra, braziliyalik hujumchi klub prezidenti Nosir Al-Hilayfiga jamoani shu yozda tark etish niyatini bildirgan.

«Barsa» va «PSJ» rahbarlari bilan yaxshi tanish bo‘lgan shayx Mabhut Al-Marri esa Neymar Kataloniyaga qaytishini aytdi. 31 yoshli futbolchi agenti va oila a’zolari bilan maslahatlashib, shunday qarorga kelgan. Shuningdek, u ijtimoiy tarmoqdagi profilidan o‘zining parijliklar klubi futbolchisi ekani haqidagi so‘zlarni olib tashlagan.

Neymarning «PSJ» bilan shartnomasi muddati 2025 yil yoziga qadar ko‘zda tutilgan. Transfermarkt portali uning transferini 60 million yevroga baholagan.

Avvalroq Diario Sport nashri «PSJ» «Barsa»ga Usmon Dembele transferi doirasida Neymarni ijaraga olishni taklif qilgani haqida xabar bergandi. Ammo Xavi bunga rozi bo‘lmagani, chunki u braziliyalikni o‘z loyihasida ko‘rmayotgani aytilgan. Joan Laporta esa uni transferga ko‘ndirishga urinmoqda.

Diario Sport Pini Zahavi Neymarning transferi bilan shug‘ullanayotgani, Saudiya klubi Neymarga shartnoma taklif qilayotgani va uni bir mavsumga «Barsa»ga ijaraga berishi, uning maoshining bir qismini to‘lashga tayyorligi haqida ham yozgan.

Bu vaqtda Romano Neymar klub rahbariyatiga ketmoqchi ekani haqida aytgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Mbappe «PSJ»ning asosiy tarkibidan alohida shug‘ullanmoqda

Bu vaqtda esa parijliklar klubining yana bir yulduzi Kilian  Mbappe o‘rinbosarlar jamoasi bilan shug‘ullanmoqda. 

Mbappe o‘tgan oy oxirida Osiyo turnesi uchun qaydnomaga kiritilmagandi, endi esa «PSJ»ning transferga qo‘yilgan futbolchilari (Drakslek, Paredes, Veynaldum va boshqalar) bilan mashg‘ulotlarda qatnashmoqda. Forvard 1-turda «Loryan»ga qarshi (12 avgust) o‘yinda qatnashmasligi deyarli aniq. Futbolchi shundan keyin bayonot berishi kutilmoqda. Futbolchi Parijda yana bir mavsum qolishni istaydi, ammo u bir yilni futbolsiz o‘tkazishini tasavvur qila olmaydi. Qolaversa, keyingi yil yozida nafaqat Yevro-2024, balki fransuzlar mezbonligidagi Olimpiada ham bo‘lib o‘tadi. Mbappeda oldindagi mavsumda sovrinlar qo‘lga kiritish ambitsiyasi ham bor. Parijda bo‘lmasa, boshqa joyda.

Bu vaqtda esa Parij klubi saytidan uning surati olib tashlangan.

«PSJ» Fati bo‘yicha taklif tayyorlamoqda

«Barsa»da Messining o‘rnini egallashi kutilgan Ansu Fati ham «PSJ»ga ketishi mumkin. AS nashri xabariga ko‘ra, parijliklarning yangi bosh murabbiyi Luis Enrike 20 yoshli ushbu futbolchiga ishonch bildirmoqda, u Ispaniya milliy jamoasi bosh murabbiyi bo‘lganida ham unga imkon bergandi.

Xavi esa unga «Barselona» asosiy tarkibidan joy topib bera olmayapti va uning ketishiga qarshi emas. O‘tgan mavsumda Fati jamoa safida 51 o‘yinda qatnashgan, ammo asosan zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan. U 10 gol urgan va to‘rt golga uzatma bergan.

Shuningdek, Ansuning sotuvi «Barsa»ga yangi xaridlarga imkon berishi mumkin. AS nashri kataloniyaliklar uni sota olsa, «Manchester Siti» xavbeki Bernardu Silva va «Vilyarreal» himoyachisi Xuan Foytni tarkibga qo‘shib olishi mumkinligini qayd etgan.

«Barselona» Frank Kessiyeni Saudiya Arabistoniga sotmoqda

«Yuventus» haqidagi xabarlar davom etmadi va endi «Al-Ahli» asosiy variantga aylandi. Fabritsio Romanoning yozishicha, «Barsa»ning 26 yoshli ivuarlik himoyachisi ham Saudiyaga yo‘l oladi. Klublar allaqachon so‘nggi hujjatlarni imzolashgan, tez orada esa tibbiy ko‘rik o‘tkaziladi. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, transfer uchun 15 mln yevro to‘lanadi, futbolchining o‘zi bilan uch yillik shartnoma imzolanadi.

Darvoqe, «Al-Ahli» bu bilan cheklanmaydi. Romanoning xabariga ko‘ra, klubning Yevropa top-ligasidan keladigan navbatdagi futbolchisi Rojyer Ibanes bo‘lishi mumkin. «Roma»ning 24 yoshli himoyachisi Kessiye kabi Parijda tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Ammo bu holatda klublar hali transfer bahosini kelishib olgani yo‘q. Foot Mercato manbasi aniqlik kiritishicha, «Al-Ahli» rimliklarga 28 mln yevro taklif qilgan. Futbolchining o‘zi bilan esa kelishib qo‘yilgan.

«Chelsi» «Kristal Pelas» vingeriga 30 mln funt taklif qilmoqda

Todda Bouli xarajat qilishdan zerikmayapti. RMC Sport xabariga ko‘ra, «Chelsi» Londondagi qo‘shnilariga 21 yoshli fransuz vingeri Maykl Olise bo‘yicha yaxshigina shartnoma yuborgan. Futbolchining o‘zi bilan esa og‘zaki kelishuvga erishilgan, endi «Pelas»ni ko‘ndirish qolgan. Yagona muammo — Olise yoshlar o‘rtasidagi Yevropa chempionatida bel sohasidan olgan jarohat edi, «Chelsi» bu bilan shug‘ullanmoqchi.

«Chelsi» «Lids» tayanch yarimhimoyachisi Tayler Adams transferiga ham qiziqmoqda. Fabritsio Romanoning yozishicha, klub vakillari 24 yoshli amerikalikning vakillari bilan uchrashib, u qancha maosh so‘rashiga aniqlik kiritib olishgan. Shu bilan birga, Adamsning kelishi «Chelsi»ning Moyses Kaysedo bilan bog‘liq rejalariga ta’sir ko‘rsatmaydi. Parallel ravishda «Brayton» bilan ham muzokaralar olib borilmoqda.

O‘xshamayotgan transferlar

«Tottenhem» «Bavariya»ning Keyn bo‘yicha «yog‘li» taklifini ham rad etdi

Bu yozning yana bir intrigasi — Harri Keyn faoliyatini qayerda davom ettiradi? «Bavariya» taklif ortidan taklif yuborayotgan bo‘lsa-da, u hozircha «Tottenhem» futbolchisi bo‘lib qolmoqda. 30 yoshli hujumchi uchun yuborilgan 100 mln yevro (va 20 mln yevro bonus) miqdoridagi taklif ham londonliklar klubi xo‘jayinlariga ma’qul kelmadi va Deniyel Levi rad javobini berdi.

Sky Spors xabariga ko‘ra, londonliklar «Bavariya» taklif etayotgan mablag‘dan 25 million funt ko‘proq so‘ramoqda.

The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, «Tottenhem» hamon hujumchi bilan shartnomani uzaytirishga umid qilmoqda. Uning hozirgi shartnomasi muddati keyingi yil yozida tugaydi.

O‘z navbatida, Fabritsio Romano myunxenliklar rahbarlari yaqin vaqtlar ichida jamoa bosh murabbiyi Tomas Tuxel bilan uchrashib, kelgusida nima qilish bo‘yicha bir qarorga keladi. Variant ikkita: yoki yangi taklif beriladi, yoki angliyalik hujumchi transferidan butunlay voz kechiladi.

The Telegraph xabariga ko‘ra, Harri Keyn APL startigacha «Bavariya»ga o‘tmasa, keyin klubini tark etmoqchi emas. Shu sababli hujumchi myunxenliklarga hafta yakuniga qadar «Tottenhem» bilan transferni hal qilib olish uchun muhlat berdi. «Tottenhem» APL 1-turida 13 avgust, yakshanba kuni «Brentford» mehmoni bo‘ladi.

«Manchester Siti» Bernardu Silvani qo‘yib yubormaydi

Aftidan, «PSJ» va «Barselona»ning umidlari chippakka chiqdi. Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, «Siti» ikki klubni ham hech qanday shart bilan 28 yoshli portugaliyalik yarimhimoyachisi transferi bo‘yicha muzokaralarga kirishmaydi. Qolaversa, Angliya chempionlari yaqin vaqtlar ichida Bernarduga yangi shartnoma taklif etadi va klubdagilar bu taklif qabul qilinishiga ishonchi komil. Uning hozirgi shartnomasi muddati 2025 yil yozigacha amal qiladi.

«Manchester Siti» shu yozda «Bavariya»ga o‘tishi kutilgan Kayl Uokerni ham tarkibda saqlab qolishga qaror qildi va unga ham yangi shartnoma taklif qildi.

Marko Verrattining Saudiya Arabistoniga transferi barbod bo‘lmoqda

Ushbu transfer muqarrardek ko‘rinayotgandi, ammo bunday bo‘lib chiqmadi. Matteo Morettoning yozishicha, «Al-Ahli» «PSJ» bilan transfer summasi bo‘yicha kelisha olmagan. Klublarning bu boradagi pozitsiyasi bir-birinikidan keskin farq qilgan: fransuzlar 30 yoshli yarimhimoyachi uchun 70–80 mln yevro so‘ragan, saudiyaliklar faqat 30 mln yevro taklif qilmoqda. Muzokaralar cho‘zilmoqda va Verratti katta ehtimol bilan keyingi mavsumni ham hozirgi jamoasida o‘tkazadi. Holbuki u «Al-Ahli» bilan o‘zaro shartnoma shartlarini kelishib olgandi.

Top