“Xalq IPO”sida ishtirok etishda aholining barcha qatlamlariga imkoniyat yaratish maqsadida fuqarolar o‘rtasida ommalashishga ulgurgan va foydalanuvchilarga qulay bo‘lgan “E-auksion” platformasining joriy imkoniyatlaridan foydalaniladi.

Prezidentning 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish zarurati alohida qayd etilgan edi.

 Ma’lumot uchun: Oxirgi ikki yilda yurtimizda bu sohada katta ishlar amalga oshirildi. Jumladan, o‘tgan 10 yilda (2010—2019) davlat aktivlarini sotishdan 1,2 trillion so‘mlik tushum bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilning o‘zida xususiylashtirish hajmi 11,3 trillion so‘mga yetdi. Ya’ni so‘nggi bir yilda o‘n yil davomida qilingan ishlardan 10 karra ko‘p natijaga erishildi.

Davlat rahbarining 2022 yil 20 dekabrdagi Murojaatnomasida esa:

- faol investitsiyalarni jalb qilishda xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanish zarurligi;

- navbatdagi katta xususiylashtirish doirasida 1 mingga yaqin korxona savdoga chiqarilishi;

- yurtdoshlarimiz orasida yuz minglab mulkdorlar, aksiyadorlar paydo bo‘lishi va o‘z omonatlarini investitsiya qilib, yuqori daromadlarga erishishlari uchun xalqchil IPO tashkillashtirilishi ta’kidlangan edi.

Shunga ko‘ra, “sot yoki tushuntir” tamoyili asosida 30 mingdan ortiq davlat ishtirokidagi korxonalar va davlat muassasalari xatlovdan o‘tkazildi va yangi yirik xususiylashtirish dasturi shakllantirildi.

“1000+1000+40” xususiylashtirish dasturi ishlab chiqildi. Bunda 1000 ta korxonadagi ulushlarni, 1000 ta ko‘chmas mulk obektini savdolarga chiqarish va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan 40 ta korxonaning ulushlarini IPO(AyPiO) orqali sotish ko‘zda tutilgan. Ushbu dastur iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini qamrab olgan bo‘lib, davlatning tizimli xususiylashtirish jarayonlarini davom ettirishga bo‘lgan qat’iyatli siyosiy irodasidan dalolat beradi va ortga qaytmas xususiyatga ega.

Mazkur xususiylashtirish jarayonlarining xalq manfaatlariga qaratilganligi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqadi. Xususan, “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosidagi “xalq IPO”si kampaniyasi doirasida O‘zbekistondagi eng yirik 40 ta korxonaning o‘rtacha 2% aksiyalar paketi tartib asosida o‘z aholimiz uchun ochiq va shaffof savdoga chiqariladi.